Breaking News

Obama: Turkiya dunyoviy demokratiya va shunday qolishi kerak


Barak Obama prezident sifatida Yevropaga ilk safarini yakunladi. So’nggi bekat Turkiya bo’lib, bugun AQSh prezidenti Anqarada bu davlat parlamentida so’zladi.

Bu Obamaning musulmon davlatidagi birinchi nutqi bo'ldi. AQShning yangi rahbari Turkiyadek, o’zini ham musulmon, ham demokratik jamiyat deb biluvchi, g’arbu-sharq orasidagi ko’prik vazifani o’tab faxrlanib kelayotgan davlatga murojaati chuqur hayajon va ulkan umidlar bilan kutib olingan.

Zamonaviy Turkiya davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk qabrini ziyorat qilgan Obama ushbu mamlakatni AQShning yaqin do’sti, ishonchli ittifoqchisi deb atadi.

“Turkiya demokratiyasi buyuk”,- deydi AQSh rahbari. “Otaturk boshlab bergan bu tuzumni siz tashqi kuchlar bosimi ostida emas, o’zingiz barpo etgansiz. Uzoq sinovlarga chidab, mustahkam irodali jamiyatga aylangansiz”,- dedi Obama Turkiya qonunchilari va ularni saylagan xalqqa murojaat qilarkan.

AQSh prezidenti fikricha Turkiya Yevropaning ajralmas qismi va bu davlat Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishi kerak.

“Bu AQShning ittifoqqa qo’yayotgan talabi emas, balki do’stona taklifi”,- deydi Obama.

“Biz Turkiya demokratik, dunyoviy va taraqqiy etgan davlat bo’lib qolishini istaymiz”,-deydi u.

AQSh-Turkiya aloqalari uzoq tarixga ega ekanini qayd etarkan, ikki davlat har doim ham kelishavermagan, deydi Obama. Bu tabiiy, deydi u, lekin zamon bugun yaqindan hamkorlik qilishni talab qilmoqda.

Barak Obama nazarida iqtisodiy krizisdan chiqish, ekstremizmni yengish, energetik talabni qondirish, ekologiyani muhofaza qilish, yadroviy qurollarddan voz kechish va urushlarning oldini olish - insoniyat oldida turgan asosiy vazifa.

“Bu bizning avlod uchun sinov”,- deydi prezident.

Barak Obama Turkiyani kurd millati huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. Ajralib chiqish uchun kurashayotgan jangari harakatlariga bu elatga farovonlik va teng huquq taklif qilibgina barham berish mumkin, dedi Obama.

AQSh Turkiya- Armaniston orasida vositachilik qilib kelarkan, Obama chegaralarni ochishga, o’tmishdagi nafrat va adovatni unutib, kelajak ustida qayg’urishga undadi. Armanlar 1915 yilda usmoniylar tomonidan ularga qarshi genotsid amalga oshirilgan deb keladi. Turkiya buni rad etadi. AQSh siyosatchilari va xalqaro hamjamiyat voqeani haqida turlicha talqin qiladi. Obama uni genotsid demaydi va bugungi nutqida mojaroni tarixning qonli davri deb atadi va har ikki tomonni kechirimli bo’lishga, haqiqatni tan olib, oshkora fikrlashga chaqirdi.

“Isroil-Falastin orasida tinchlik ta’minlash harakatlarida Turkiyaga yaqindan tayanamiz”,- deydi Obama.

Suriya-Isroil orasidagi aloqalarni yaxshilash uchun ham birgalikda ishlash kerak, deydi u.

Obama grek va turk qismlariga bo’linib qolgan Kipr orolini birlashtirish kerakligiga ham to’xtab o’tdi.

"Mintaqa tinchligini ta’minlash yadroviy dasturini davom ettirayotgan Eron bilan muloqot qilishni ham talab qiladi",- deydi Obama.

“Atom qurollari va materiallarining tarqalishi hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi”,- deydi Obama.

Obama fikricha Iroq, Turkiya, Afg’oniston, Pokiston va AQSh bir dushmanga ega.Al-Qoida, kurd jangarilari, Tolibon va radikal kuchlar terror urug’ini sochib, hammaning hayotiga birdek tahdid solmoqda, deydi AQSh rahbari.

“Amerika islom yoki musulmonlarga qarshi urushda emas”,-deya ta’kidlaydi Obama.

“Aksincha, biz bu e’tiqod bayrog’i ostida yovuzlikni targ’ib qilayotgan kuchlarni yo’q qilmoqchimiz”,- deydi Obama.Qay dinga e’tiqod qilmang,mutaassiblik iymonni yemiruvchi vosita, deydi Obama.

“Amerika islom va musulmonlarni tushunadi va tushunishga harakat qilmoqda”,- deydi Obama.

“Mening oilam musulmonlar bilan qorishgan va yoshligimni musulmon mamlakatida o’tkazganman”,- deydi prezident.

“Madaniyatlar va dinlararo birdamlik Turkiyaga xos narsa. Kelajak haqida o’ylaganingizda, Turkiya G’arb bilan bo’ladimi yoki Sharq bilan deb emas, davlatingiz hamisha dunyo xalqlarini bir-biri bilan bog’lovchi ko’prik bo’lib qolishi haqida o’ylang".

"Bu turk madaniyati, tarixi va sizning demokratiyangizning kuchi”, -deydi Obama bu davlat parlamentida gapirar ekan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG