Breaking News

AQSh kurd jangarilariga qarshi chora ko'rishga va'da beryapti


AQSh, Iroq va Turkiya yordamida, kurd jangarilariga qarshi bosimni kuchaytiradi. Kurdiston Ichshilar Partiyasi uchala davlatga ham xavf solmoqda, deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ali Bobojon Raysning Anqaraga tashrifini bu boradagi hamkorlikning boshlanishi deb ta’riflamoqda. Ammo Bobojon nazarida quruq gaplardan ishga o’tish vaqti yetgan.

Istanbulda qator davlatlar rasmiylari yig’ilib, Iroqdagi ahvolni muhokama qilmoqda. 3 noyabr kuni esa shu mavzuda xalqaro konferensiya o’tadi. Bu orada, Turkiya kurd jangarilari va ularni quvvatlayongan guruhlarga qarshi sanksiya qo’yish taraddudida.

Sanksiyalar Iroq Kurdistoniga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, chunki Turkiya va Iroq orasidagi savdo milliardlab dollarni tashkil etadi. Iroq va AQSh hukumatlari keskin chora ko’rmasa, jangarilarni Kurdistondan o’zimiz haydab chiqaramiz, demoqda Turkiya rasmiylari.

Londonlik tahlilchi Fadi Hakura fikricha, rasmiy Anqara o’z pozitsiyasida jiddiy. Kurd jangarilari joylashan bazalar, boshpanalar yo’q qilinmas ekan, Turkiya harbiylari chora ko’rishi aniq, deydi tahlilchi.

Turkiyaning birinchi talabi – Iroq shimolidagi jangarilarning ta’minot tizimini yo’q qilish. Ularsiz qishda tog’larda qolish qiyin. Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriy uning hukumati chora ko’rayotganini, xususan ko’proq tekshiruv punktlari tashkil etilganini bildirgan.

AQSh Mudofaa vazirligi esa Anqaraga jangarilar haqida razvedka ma’lumotlari ulashmoqda.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an 5 noyabr kuni Vashingtonda prezident Bush bilan uchrashadi. Rasmiy Anqara ana shu uchrashuv natijalariga qarab ish tutmoqchi.

XS
SM
MD
LG