Breaking News

Turkmaniston: tabiiy gaz eksporti uchun muqobil quvurlar


Turkmaniston prezident Qubronguli Berdimuhammedov shu kunlarda Afg`onistonda bo`lib qaytdi. Ashgabat-Kobul o’rtasida hamkorlik hujjatlari imzolangan. Asosan, deydi sharhlovchilar, Transafg’on energetika koridori yaratish ustida so’z borgan.

Turkmaniston gazini turli yo’nalishlar bo’yicha eksport qilish siyosatini ishlab chiqqan va uni faol tarzda targ’ib qilmoqda.

Berdimuhammedov Afg`onistonda Muhammad Agaxon medali bilan taqdirlangan. Afg`oniston va Turkmaniston o`rtasida transport aloqalari, shuningdek, energetik resurslar borasidagi hamkorlik haqida memorandum imzolangan.

Biroz avval Transafg`on koridori ishtirokchilari - Afg`oniston, Turkmaniston, Pokiston va Hindiston energetika vazirlari uchrashgan edi.

Turkmaniston hukumati mamlakat energozaxiralarini nafaqat Rossiya, balki Yevropa, Janubiy Osiyo va Xitoyga ham sotish istagida.

Turkmanistonda 21 milliard tonna neft va 24 trillion kubometr gaz zaxiralari borligi aniqlangan.

Bugun mamlakat ularni asosan Rossiya orqali sotib keladi.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha Transafg`on loyihasi mintaqa mustaqilligini ta`minlashda muhum ahamiyatga ega.

“Shunday qarorga kelinganining o`zi muhum. Turkmaniston avvalgi izolyatsion siyosatdan voz kechib, mintaqada o`z mavqeini tiklamoqda”, - deydi Soyibnazarov.

Loyiha Afg`onistondagi vaziyatning barqarorlashishi uchun xizmat qilishi ham mumkin degan qarashlar mavjud.

Turkmaniston yaqinda Yevropa Ittifoqiga yiliga 10 million kubometr gaz sotishga tayyorligi bildirdi. “Nabukko” nomi bilan mashhur bu loyiha Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropaga uzatiladi.

Siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov Turkmaniston jahon bozorida o’z o’rnini topadi deydi.

“Energetika bozorini [xilma-xillashtirish], bir davlatning monopoliyasiga chek qo`yishni talab etadi, xususan Rossiyaning yakkahokimligini cheklaydi. Yevropa, AQSh kirib kelyapti… Bu normal holat. Agar Rossiya ta`siri biroz kamaysa, uning o`rniga AQSh yoki Xitoy chiqadi degani emas. Energetika bozori bozor qununlarini talab etadi. Ertami kechmi yakkahokimlikka chek qo`yilishi kerak edi”, - deydi Tolipov.

Uning fikricha Transafg`on loyihasi ancha yillardan buyon muhokama qilib kelinadi, biroq amalga oshmagan.

Loyihaning amaliyoti mintaqada muhim geosiyosiy o`zgarishlar qilishi mumkin deydi Tolipov.

“Biroq Afg`onistondagi vaziyat beqarorligini hisobga olsak, bu loyiha amaliyoti uchun hozir ham yetarli sharoit yo`qligini ta`kidlash kerak”.

Turkmaniston qo`shni davlatlar, jumladan, O`zbekiston va Qozog`iston bilan ham munosabatlarini mustahkamlashga urinmoqda.

Energetik resurslar borasida Qozog`iston va Turkmaniston muqobil yo`nalishlar tarafdori. Lekin, deydi sharhlovchilar, O`zbekistonning bu boradagi siyosati aniq emas.

XS
SM
MD
LG