Breaking News

Venesuela Turkmanistonni hamkorlikka undamoqda


Venesuela prezidenti Ugo Chaves Turkmanistonni energetik hamkorlikka va tabiiy gaz eksport qiluvchi davlatlar bilan yaqindan ishlashga chaqirmoqda.

Gaz zaxiralariga boy Turkmaniston xorijdan xaridor qidirib keladi. Mamlakat bu sohada asosan Rossiya bilan savdo qilar, yiliga 50 milliard kubometr gaz uzatar edi. Ammo shu yil aprelida ikki davlatni bog’lovchi quvurda portlash ro’y berib, rasmiy Ashgabat voqeada Rossiyani ayblagan edi. Shundan beri aloqalar tarang, ta’minot vaqtincha to’xtagan.

Chaves OPEC – neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkilotiga o’xshash tuzilma yaratish, gazga boy davlatlar, xususan Rossiya, Eron, Qatar va Turkmanistonni birlashtirish tarafdori. Berdimuhammedov muzokarada mazkur loyiha haqida fikr bildirmagan.

Ashgabatda borishidan oldin u Tehronda bo’lib, Eron rahbariyati bilan yadroviy hamkorlik istiqbollari haqida gaplashgan.

Chaves Eronda tantanali ruhda kutib olingan. Bu uning islomiy respublikaga yettinchi safari bo'ldi. Chaves nazarida Tehron atom bombasi ustida ishlamoqda degan gaplar asossiz.

"Eron suveren, mustaqil davlat va atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanishga haqli", deydi u.

Venesuela prezidenti Eron bilan ilmiy hamkor bo’lish, “yadro shaharchasi” bunyod etishni taklif qilmoqda. "Birgalikda energiya ishlab chiqaramiz", deydi Chaves.

AQSh Tehronni yadro dasturi bobida muzokaraga da’vat etib keladi. Eronga sentyabr oxirigacha muhlat berilgan, aks holda yana sanksiya bilan jazolanadi. G’arb nazarida Eron ommaviy qirg’in quroli yaratish bilan band. Rasmiy Tehron buni rad etmoqda.

Chaves siyosiy mavqeini mustahkamlashga, ittifoqchilarni ko’paytirishga harakat qilmoqda. Mutaxassislar nazarida Chaves va Ahmadinajod qaysidir ma’noda o’xshash. Ikkisi ham G’arb va AQSh bilan kelishmaydi, mamlakat ichkarisida ham tandiq ostida.


XS
SM
MD
LG