Rossiya matbuoti tahlilicha, g’arb manfaatlarini aks ettiruchi “Nabukko” bitimi Kremlga halaqit bermaydi. Yevropa bu loyiha yordamida Rossiya gaziga tobelikdan qutulmoqchi.
Hafta boshida Turkiyada 30 davlat rasmiylari ishtirokida bitimni imzolash marosimi o’tkazildi. Kavkaz va Markaziy Osiyo gazini Turkiya orqali Yevropaga uzatuvchi loyiha 2014 yilda ishga tushishi kutilmoqda.
Anqarada o’tgan marosimda Yevropa Komissiyasi rahbari Joze Manuel Barrozo ham ishtirok etib, hujjatni tarixiy ahamiyatga ega deb tariflagan.
““Nabukko” gaz quvuri Turkiya va Yevropada energiya manbalari xavfsizligi uchun muhim. Proyekt mintaqadagi tabiiy energiya resurslarini baham ko’rish, ularni ishonchli mamlakatlar hududlari orqali o’tkazib, ishonchli bozor bo’lishini kafolatlaydi”, - deydi Yevropa rasmiysi.
“Nabukko” loyihasi Moskva qo’llab-quvvatlayotgan, Kavkaz va Markaziy Osiyo gazini Rossiya va Ukraina orqali Bolqon davlatlari, u yerdan esa Yevropaga o’tkazishga qaratilgan “Janubiy oqim” proyektiga raqib hisoblanadi. Yevropa-Turkiya aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan “Nabukko” loyihasidan Anqara ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan manfaatdor.
“Bu – ham mamlakatimiz, ham dunyo tinchligi uchun, kelgusi avlod ravnaqi uchun yirik qadam”, - deydi Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an. Turk rasmiylari proyektga kelgusida Rossiya qo’shilishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda.
Rossiya matbuoti esa g’arb qaramog’idagi “Nabukko” loyihasiga shubha bilan qaramoqda. “Rossiyskaya gazeta” nashrida yozilishicha, mutaxassislar “Nabukko”ni hali g’o’r tashabbus deb ta’riflasa-da, vaziyat Turkiya foydasiga o’zgarayotganiga ishora qiladi.
Moskvadagi energetik tadqiqot markazi direktori, konsultant Konstantin Simonov “Amerika Ovozi”ga bergan izohida “Nabukko” loyihasi bilan Yevropaning Rossiya gaziga tobeligi yo’qolmaydi deydi.
“2015 yilga borib “Nabukko” orqali 31 milliard kubometr gaz o’tadi. Yevropaning gazga hozirgi ehtiyoji esa 67 milliard kubometr”, - deydi rossiyalik mutaxassis.
AQSh senatori Richard Lugar nazarida “Nabukko” loyihasi muqobil manbalardan biri xolos.
“Rossiya ishtiroki raqobat asosida bo’lishi mumkin. Proyektdan maqsad – siyosiy yoki iqtisodiy ustunlikni qo’lga olish emas, tashabbus hamkorlikka asoslanadi”, - deydi AQSh senatori.
Quvurni gaz bilan ta’minlash – “Nabukko”ning asosiy muammosi. Shuning uchun Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin loyihaga qarshi emasligini aytgan. Puxta o’ylamay ishlangan proyektga nisbatan shubha bildirgan va unga sarflangan sarmoya zoye ketishini ta’kidlagan.
Rossiya Ozarbayjon gazining katta qismini “Janubiy oqim” quvuri uchun kelishib olgan. Xitoy esa Turkmanistondan yiliga 30 milliard kubometr gaz import qilishga kelishgan. Shunga qaramay, Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov “Nabukko” quvurini ham gaz bilan ta’minlash istagini bildirmoqda.
Mutaxassis Konstantin Simonovning aytishicha, Rossiya Xitoy va Turkmaniston o’rtasidagi bitimdan zarar ko’rishi mumkin.
“Rossiya Markaziy Osiyo gazi ustidan monopoliyani qo’ldan boy bersa, bu Yevropaga salbiy ta’sir qiladi. Chunki, deylik, yiliga 40 milliard kubometr gaz Xitoyga yuborilsa, bu Yevropa shunchaga kam gaz oladi degani”, - deydi Simonov.
Turkiyalik mutaxassis Solih Ozerning aytishicha, Ozarbayjon gazini “Nabukko”ga qo’shib olish juda muhim.
“Gazga boy Eronning g’arb dunyosi bilan aloqalarini nazarga olsangiz, Ozarbayjonsiz loyihani ishga tushirish qiyin. Proyekt Ozarbayjon gaziga qarab turibdi”, - deydi Solih Ozer.
O’tgan yili Rossiya va Ukraina o’rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik sababYevropaga gaz ta’minoti deyarli to’xtab qolgan edi. Ittifoq hozir alternativ yo’llar qidirmoqda.
Moskvadagi bir bank mutaxassisi Nataliya Milchakova nazarida “Nabukko” va “Janubiy oqim” loyihalari Ukraina mavqesiga putur yetkaza olmaydi. Ayni damda Yevropa uchun Rossiya gazining 20 foizi Ukraina orqali o’tadi.