Breaking News

AQSh atom siyosatida yangiliklar kutilmoqda


Barak Obama fikricha dunyoda yadro qurollarini kamaytirish kerak
Oq Uy rasmiylarining bildirishicha, prezident Barak Obama AQSh qo’lidagi yadroviy arsenalni keskin kamaytirishga qaror qilgan va bu borada yaqin kunlarda farmon chiqishi kutilmoqda.

Lekin, deya yoritadi “Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasi, hukumat uzoq yillik siyosatning ayrim jihatlarini shu holicha qoldirmoqchi.

Ba’zi arboblar AQSh biror davlat bilan mojaro yoki urushda birinchi bo’lib atom quroli ishlatmaslikka so’z berishi kerak deya chiqqan edi. Oq Uy bunday va’dadan yiroq.

Obama prezidentlikka saylanibdiki, xalqaro hamjamiyatni yadroviy qurollarni kamaytirishga, ularni ishlab chiqarishga berilmaslikka, atom arsenaliga ega davlatlarni mas’uliyatli bo’lishga undab kelmoqda.

AQSh hozirda o’z strategiyasini yangilar ekan, qo’shimcha aslahalar yaratmaslikka ahd qilgan.

Jorj Bush prezidentligi davrida yangi qurollar ustida ishlashga qaror qilingan edi. Obama ularni bekor qilgan.

Uning ma’muriyati arsenalni muhofaza qilish uchun milliardlab dollar ajratmoqda.

“The New York Times” gazetasining aniqlashicha, Amerika Yevropadan o’z atom qurollarini olib chiqish ustida ham o’ylanmoqda, xususan, Germaniya, Italiya, Belgiya, Gollandiya, qolaversa, Turkiyadan.

Sir emaski, Qo’shma Shtatlar yadroviy jihatdan eng kuchli davlat. Atom qurollaridan maqsad nima deb so’rasangiz, rasmiylar “davlatni yadro hujumlaridan himoya qilish” deya javob beradi.

Lekin Mudofaa vazirligi va Oq Uyda bu yagona maqsad emas degan qarash hukmron. Amerika biologik, kimyoviy vositalar bilan xavf solayotgan dushmanga yoki terroristlarga yadroviy material yetkazib berishga uringan tomonlarga qarshi bu qurollardan foydalanishi mumkin.

Amerika matbuotida chiqqan siyosiy sharhlarda Obama bugungi siyosatni va yondashuvni aniq tushuntirib berishi shart degan talab qo’yilmoqda.

XS
SM
MD
LG