Breaking News

Rossiya yangi atom quroli yaratadi, AQSh bilan aloqadan ko'ngli to'q


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Barak Obamaga yo’llagan yangi yil tabrigida ikki davlat aloqalari iliqlashayotganini olqishlagan.

“Kreml-Vashington munosabatlari sheriklik va ittifoqchilik, bir-birining manfaatlarini e’tiborga olish asosida rivojlanib bormoqda”, -deydi Medvedev.

Tomonlar ayni damda qurollar nazoratiga doir yangi bitim ishlab chiqish bilan band. Rossiya bir paytning o’zida yangi turdagi yadro quroli yaratishini ham e’lon qilgan.

AQSh-Rossiya munosabatlari haqida gap ketganda, aksariyat mutaxassislar Jorj Bush prezidentligining so’nggi oylarida ular bir-birini ko’ra olmaydigan darajada soviganini qayd etadi.

Barak Obama prezidentlikka kelgach aloqalarda yangi sahifa ochishga bel bog’ladi. Vitse-prezident Jo Baydenning bu borada Germaniyada qilgan nutqi Kremlga qo’l uzatish deb baholangan.

“Tafovutlarni chetga surib, Rossiya bilan umumiy maqsad va manfaatlarni muhokama qilish vaqti yetdi”, - degan edi Bayden Myunxendagi xalqaro anjumanda.

Ushbu murojaat Mosvkada ijobiy qabul qilingan. Ko’p o’tmay ikki davlat rahbari uchrashib qator sohalarda ish boshlashga, xususan yadro qurollarini kamaytirishga kelishib oldi.

AQSh Xavfsizlik Kengashi sobiq maslahatchisi Brent Skovkroft fikricha aloqalar ayni paytda hamon qaltis, biroq sekin-asta yaxshilanib borayotganini rad etib bo’lmaydi.

Tomonlar 1991 yilda imzolangan START, ya’ni strategik qurollarni kamaytirish bitimini yangilash harakatida. Eskisining muddati dekabr oyida tugagan.

O’tgan yili Moskva uchrashuvida prezidentlar Obama va Medvedev yangi bitimning umumiy shart-talablari borasida kelishib olgan. Unga ko’ra, har ikki mamlakat yadro qurollari arsenali, jumladan ularni mo’ljalga yetkazuvchi raketalarni kamaytirishi kerak.

“Albatta, har qanday kelishuv unga rioya qilinsagina samara beradi”. 1970-yillarda Amerika mudofaa vaziri bo’lgan Jeyms Shlezinger nazarida, “shu paytgacha START bitimining ijrosini ta’minlab kelgan mexanizm yangi hujjatda ham o’z aksini topishi zarur. Uni ipidan ignasigacha, mukammal ishlab chiqish kerak”, - deydi keksa arbob.

Muzokarachilar so’zlariga ko’ra, Vashington mavjud tekshiruv tartibini saqlab qolish va hattoki kuchayritishga harakat qilayotgan bo’lsa, Kreml aksincha, amaldagi qoidalarni biroz susaytirish taklifini olg’a surmoqda.

AQSh sobiq tashqi ishlar vaziri Lorens Iglberger ruslarni muzokarada pishiq, o’zinikida mahkam turib oladigan tomon deb ta’riflaydi. Uning aytishicha, Kreml bilan aloqani tiklashga bor kuchini sarflayotgan Obama ma’muriyati bitim ijrosini tekshirish masalasida murosa qilishga yoki bo’lmasa yon berishga tayyor ko’rinadi.

Lekin kelishuv kuchga kirishi uchun avvalo Kongressda tasdiqdan o’tadi. Amerikalik qonunchilar uning har bir bandini elakdan o’tkazishi tayin. O’z navbatida Rossiya Dumasi ham uni ratifikatsiya qilishi kerak.

Prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev dekabrda Kopengagenda uchrashganida strategik qurollar muhokamasi yakunlanishiga oz qolganini ma’lum qilgan. Biroq Bosh vazir Vladimir Putinning yaqinda qilgan bayonoti muzokaralar uncha silliq kechmayotganini ko’rsatmoqda.

“Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar raketaga qarshi mudofaa tizimi yaratmoqchi. Rossiyada esa bunday reja yo’q. Bu AQSh va Rossiya o’rtasidagi strategik muvozanat buzilishiga olib keladi. Shu sabab, hujumkor qurollar tizimini rivojlantirishga qaror qildik”, - deydi Vladimir Putin. Uning aytishicha, AQSh rejasi START bitimini yangilashga qaratilgan muzokaralarga ham pand bermoqda.

Vashington ushbu bayonotdan taajjubda. Amerika rasmiylariga ko’ra, “AQSh ko’zlayotgan mudofaa tizimi hamda strategik qurollarni qisqartirish masalasi bir-biriga bog’liq emas”.

Buni Kremlda ham yaxshi bilishadi, deydi ular.

Barak Obama o’tgan yili Polsha va Chexiyada mudofaa va radar sistemalari o’rnatish loyihasidan voz kechgan edi. Prezident Bush paytidan qolgan bu rejaga qarshilik bildirgan Rossiya qarordan mamnun, biroq muqobil sistema nimadan iborat va qayerda o’rnatiladi – bu haqda Oq uydan ko’proq ma’lumot so’ramoqda.

XS
SM
MD
LG