AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden qonunchilarni yadroviy sinovlarni taqiqlovchi xalqaro hujjatni ma’qullashga chaqirmoqda.
"Atom quroli tarqalishiga qarshi kurash, dunyo xavfsizligini ta’minlash uchun bu g’oyat muhim", - deydi u.
1998 yilda Senat har qanday yadroviy sinov, portlashlarni man qiluvchi bu hujjatga qarshi ovoz bergan edi.
Obama ma’muriyati ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish tarafdori.
Biroq bu tashabbusni davlatlar bir ovozdan yoqlashi kerak, shundagina natija bo’ladi, deydi vitse-prezident Jo Bayden.
Ba’zilar Obamaning yadro qurolidan xoli dunyo yaratish tashabbusini xom xayol, bo’shanglik, deb tanqid qiladi. Ular masalaning mohiyatini tushunmaydi, deydi Bayden.
“Yadro qurollari nafaqat Amerika, balki butun dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda”,-deydi Jo Bayden. “Shu bois tarqalishiga yo’l qo’ymaslik, va oxir-oqibat butunlay yo’q qilish kerak. Ungacha esa Qo’shma Shtatlar o’z arsenaliga ko’z-quloq bo’lishi lozim ”,-deydi vitse-prezident.
BMT Bosh Assambleyasi 1996 yil kuzida Yadro sinovlarini taqiqlovchi bitimni ishlab chiqqan. Biroq AQSh, Eron, Isroil kabi davlatlar uni tasdiqlamas ekan, hujjatdan biror natija bo’lishi gumon.
Jo Bayden fikricha, AQSh hukumati o’z ixtiyoridagi oq-dori, yadro qurollarini muntazam nazorat qilishi, yaroqli-yaroqli emasligini bilib turishi kerak. So’nggi yillarda mamlakatda yadroviy olimlar, malakali mutaxassislar keskin kamaygan. Kadrlar bo’lmasa, harbiy arsenalni eplash ham qiyin, deydi Bayden.
Shu sababli prezident Obama yadroviy olimlarni tayyorlash uchun byudjetdan ko’proq mablag’ – 7 milliard dollar ajratish niyatida. Atom qurolini kamaytirish va ayni paytda mudofaani mustahkamlash ko’p kuch, mablag’ talab qiladi, deydi Bayden.
Jo Bayden Vashingtonda qonunchilar, olimlar va harbiylar oldida so’zlar ekan, qurol-aslahani kamaytirish yo’lida dadil qadamlar tashlanmoqda, dedi. Rossiya bilan strategik qurollarni kamaytirish bobida muzokara avjida, may oyida esa Vashingtonda atom quroli tarqalishiga qarshi xalqaro anjuman rejalangan.