Breaking News

Eron atom agentligi bilan hamkorlikni cheklamoqchi


Eron oyatullosi Hojatulislom Ahmad Xotamiyning aytishicha, agar uranni boyitish borasida Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bilan kelishilmasa, Eron bu ishni o'z qo'liga oladi. Rasmiy Tehron agentlik tomonidan uni tanqid qiluvchi rezolyutsiyani qoralamoqda. Hujjatda Erondan yangi atom zavodini qurishni to'xtatish so'raladi.

Ahmad Xotamiy ko'p sonli omma oldida so'lar ekan, Eron urandan tibbiy maqsadlar uchun yonilg'i olmoqchi va agentlik nizomga ko'ra Eronni uran bilan ta'minlashi kerak deydi.

"Agar Eronga yonilg'i berilsa, masala hal bo'ladi, aks holda Eron o'z texnologiyasi yordamida bu ishni amallaydi," deydi Ahmad Xotamiy.

Eron ulamosiga ko'ra, agentlik qabul qilgan rezolyutsiyaga siyosiy rang berilgan.

"Eronning yadro dasturi bo'yicha muzokarachisi Ali Asqar Sultoniyaning aytishicha, Eron rezolyutsiya talablarini bajarishdan bosh tortadi va agentlik bilan hamkorligini cheklaydi. Uran boyitishda va zavodni qurishda davom etamiz," deydi rasmiy.

Eron parlamenti a'zosi Muhammad Qoramurodning aytishicha, rezolyutsiya qabul qilinganiga javoban Tehron agentlik bilan muzokaralardan chiqishi va xalqaro inspektorlarni mamlakatga kiritmasligi mumkin.

Bugun Eron parlamenti hukumatdan xalqaro agentlik bilan hamkorlikni kamaytirishni so'rab, bayonot chiqargan.

Uran boyitilishi natijasida olingan yonilg'i atom stansiyasi ehtiyojlari uchun ishlatilishi va shu bilan birga yadro bombasi yaratish uchun ham qo'l kelishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat Eron aynan qurol ustida ishlamoqda degan xavotirda.

Atom bo'yicha xalqaro agentlik rezolyutsiyasida tilga olingan zavod Qum shahri yaqinida bo'lib, uning bunyod etilayotgani haqida sentyabr oyida ma'lum bo'lgan edi. Eron zavod haqida o'zimiz aytdik desa, G'arb buni razvedkadan o'rganganini va Eron xorij razvedkasi faoliyatini sezib qolgach, zavod borligini tan olishga majbur bo'lganini aytadi.

XS
SM
MD
LG