Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi rasmiy Pxenyanning raketa sinovini qoralab bayonot qabul qilgach, Shimoliy Koreya yadro dasturi bo'yicha muzokaralardan chiqishini va yadro faoliyatini davom ettirishini aytgan.
Qo'shma Shtatlar va Yaponiya kengashdan rezolyutsiya qabul qilishni so'ragan, biroq veto huquqiga ega Rossiya va Xitoy bunga qarshi chiqqach, oddiy bayonot bilan kifoyalanishga to'g'ri kelgan.
Xitoy tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, muzokaralarga aloqador barcha davlatlar jarayonning to'xtab qolmasligini ta'minlashi zarur.
Shimoliy Koreya ittifoqchisi bo'lmish Xitoy Xavfsizlik Kengashi bayonotiga imzo chekkan bo'lsada, uning aytishicha, a'zo davlatlar bundanda keskinroq hujjat talab qilgan. Davlatlar 5 aprel kuni rasmiy Pxenyan tomonidan uzoq masofali raketaning uchirilishiga norozilik bildirgan. Shimoliy Koreya raketa emas, sun'iy yo'ldosh uchirganini aytmoqda.
Kechagi bayonot BMTning sanksiyalar bilan shug'ullanuvchi qo'mitasiga moliyaviy sanksiyalar, qurol embargosi va cheklangan ravishda savdo embargosi jarayonini boshlashga ko'rsatma bergan.
Xitoy tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, rezolyutsiya qabul qilinganida Shimoliy Koreya kattaroq sanksiyalarga yuz tutgan bo'lardi, ammo rasmiy Pekin uni qo'llab-quvvatlamagan.
Xitoy 2003 yilda boshlangan olti tomonlama muzokaralarga mezbonlik qilib keladi. Biroq muloqot bir necha oydan beri boshi berk ko'chaga kirib qolgan.