Breaking News

AQSh diplomati Stiven Bosvort Seulda, Koreya yarimorolidagi tanglikni muhokama qilmoqda


Stiven Bosvort bugun Seulda Tashqi ishlar vaziri Kim San Xvan va yadro masalalari bo’yicha mas’ul Vi San Lak bilan gaplashadi.
Stiven Bosvort bugun Seulda Tashqi ishlar vaziri Kim San Xvan va yadro masalalari bo’yicha mas’ul Vi San Lak bilan gaplashadi.

AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus vakili Stiven Bosvort bugun Janubiy Koreyaga safar qilib, yarimoroldagi tanazzulni hal qilish yo’llarini muhokama qilmoqda. Shimoliy va Janubiy Koreya ixtilofini tinch yo’l bilan yechish ustuvor masala, deydi rasmiy.

Bu tashrif Pxenyan tez orada yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaraga qaytadi, degan taxmin kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Stiven Bosvort bugun Seulda Tashqi ishlar vaziri Kim San Xvan va yadro masalalari bo’yicha mas’ul Vi San Lak bilan gaplashadi. AQSh diplomati Shimoliy Koreya bilan muzokara samarasiga ishonaman, deydi.

Seuldagi uchrashuvdan keyin rasmiy Xitoyga jo’naydi. Pekin Shimoliy Koreya bilan olti tomonlama muloqotga qaytish zarur ekanini ta’kidlab keladi. Bu yarimoroldagi ziddiyatni hal qilishning yagona yo’lidir, deydi Xitoy rasmiylari.

Bu xalqaro oltilik ikki Koreya, Qo’shma Shtatlar, Xitoy, Yaponiya va Rossiyani o’z ichiga oladi. Xalqaro muzokara 2003-yilda boshlanib, besh yil o’tib boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreyaga iqtisodiy va siyosiy imtiyozlar va’da qilgan, evaziga bu yurt yadroviy izlanishlarni bas qilishi kerak.

2009-yilda Pxenyan davrani tark etib, BMT inspektorlarini mamlakatdan haydadi. Oradan ko’p o’tmay, yadro quroli va raketa sinovlari o’tkazdi.

2010-yil bahorida Koreya yarimorolida ahvol yanada taranglashdi. Shimoliy Koreya janubga qarashli kemani cho’ktirib, 46 matrosni o’ldirganlikda ayblandi.

Noyabrda esa Shimoliy Koreya qo’shni davlatni o’qqa tutib, to’rt kishi nobud bo’lgan. Tomonlar bir-birini mojaroni boshlaganlikda ayblab keladi.

Biroq Yangi yil kuni Janubiy Koreya rahbariyati qo’shni kommunistik davlat bilan gaplashishga moyil ekanini aytgan. Shimolda ham tinchlikka da’vatlar yangradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG