Breaking News

Obama: AQSh-Xitoy hamkorligi XXI asr taqdirini hal qiladi


AQSh va Xitoy iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirish harakatida.

Vashingtonda bu boradagi muzokaralarda strategik bitimlar imzolangan.

AQSh prezidenti Barak Obama Xitoy “bizning yaqin hamkorimiz bo’lib qoladi” demoqda.

“Qoshma Shtatlar va Xitoy orasidagi munosabatlar XXI asr taqdirini hal etuvchi asosiy omil. Jahon tinchligi va ravnaqini belgilovchi juda muhim rishtalar”,- deydi Obama.

Ikki davlat orasidagi muzokaralar tashqi ishlar va moliya vazirlari tomonidan olib borilmoqda. Dialogni Barak Obama ochib berdi va diqqatni global ahamiyatga ega masalalar – iqtisodiy krizis, energetika va yadroviy qurollanishga qaratishni so’radi.

Obama fikricha Koreya yarimoroli yadroviy qurollardan xoli zona bo’lishi kerak. Shimoliy Koreya xalqaro qonunlar va talablarni hurmat qilib, atom maqsadlaridan qaytishi lozim, deydi AQSh prezidenti.

Xitoy bu borada Amerika bilan bir fikrda ekanini bildirmoqda.

“Iqtisodiy tanazzuldan chiqish uchun birga ishlashga majburmiz”, deya qo’shadi bu davlat rasmiylari.

Bu yil Xitoy iqtisodiyoti rejadagidek 9 foiz emas, 7,1 foizga o’sishi kutilmoqda.

Xitoy bosh vazir o’rinbosari Vang Kushan “ Hozirgi sharoitda bu yomon ko’rsatkich emas”, deydi. “Bizning iqtisodimiz kengaysa, bu butun dunyoga, jumladan AQShga ham foyda”,- deydi u.

AQSh Xitoyni inson huquqlari bobida tanqid qilib keladi. Vashington nazarida Xitoyda fuqaro erkinliklari va mayda millatlar huquqlari cheklangan. Obama “AQSh va Xitoy orasida bu boradagi qarashlar turlicha ekani haqiqat va biz ochiq fikr almasha olishimiz kerak” deydi.

"Bugun dunyo tinchligiga yirik davlatlar orasidagi raqobat emas, ektremistlar, uyushgan jinoyatchilik tizimlari, yuqumli kasalliklar va fuqarolar orasidagi qarama-qarshiliklar rahna solmoqda. Xalq ravnaqi uchun xizmat qilish eng buyuk vazifa”,- deydi Obama.

Aytish kerakki, Xitoy Amerikaga eng ko’p kredit ajratadigan davlat. Amerikadagi biznes sarmoyasi 800 milliard dollardan oshadi.

XS
SM
MD
LG