Breaking News

Pan Gi Mun: Xalqaro maydonda o'zboshimchalikka o'rin yo'q


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun xalqaro hamjamiyatni birdamlikka, global masalalarni ahillikda yechishga undamoqda.

"Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash dolzarb vazifalardan biri",- deydi u.

Pan Gi Mun fikricha dunyodagi jamiki etnik mojarolar ortida ham siyosiy kelishmovchiliklar yotibdi.

U "multi-la-tera-lizm", ya'ni ko'plab davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib ishlash g'oyasini olg'a surmoqda.

Yaqinda Vashingtonda so'zlagan Pan Gi Mun nazarida iqtisodiy taraqqiyot, ocharchilikning oldini olish, sog'liqni saqlash, ta'lim sohasini yaxshilash va xavfsizlik barcha mamlakatlar uchun ustuvor masalalar ekan, xalqaro maydonda o'zboshimchalikka o'rin yo'q.

"AQShning Arizona yoki Florida shtatida ko'chmas mulk bozoridagi tanglik butun Yevropa, Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrika iqtisodiyotini ishdan chiqaradi deb kim ham o'ylabdi deysiz. Ogohroq turganimizda balki inqirozning oldini olgan bo'lardik. Lekin unga qarshi kurashda birga ekanimiz quvonchli hol",- deydi Bosh kotib.

Uning fikricha xalqaro hamjamiyatning cho'chqa grippiga qarshi birgalikda chora ko'rayotgani ham maqtovga sazovor.

"Biz bu virus bilan bog'liq axborot, dori-darmon, vaksina va moddiy resurslar hamma davlatlarga birdek ulashilsin deb qaror qildik. Kambag'al va zaif jamiyatlar chetda qolib ketmasin dedik",- deydi u.

Qaniydi, deydi BMT Bosh kotibi, dunyo ahli iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga nisbatan ham hamjihatlikda ish tutsa. Yer yuzida harorat nima uchun ko'tarilib borayotgani haqida davlatlar bir fikrda emas. Yechimlar yuzasidan ham qarashlar turlicha.

"Ikki yarim yildan beri dunyo kezib, insoniyat kelajagi xavf ostida deb javrab kelayapman. Antarktika va Andi muzliklari erib bormoqda. Buni o'z ko'zim bilan ko'rib keldim",- deydi Pan Gi Mun.

BMT shu kungacha Sudanning Darfur mintaqasidagi etnik mojarolarni to'xtatish uchun 26 mingga yaqin askar safarbar etgan, ammo ular jangari guruh va hukumat orasidagi urushga barham bera olmayapti. Siyosiy iroda yetishmaydi, amaldorlar xalqaro qonunlarni buzishdan qo'rqmaydi.

"Biz qo'shin kiritdik, ammo davlatlar ularni to'liq quvvatlagani yo'q. Zarur resurslar ajratilmadi, xususan harbiy vertolyotlar. Tinchlik saqlash uchun borgan qo'shinimiz yordamga muhtoj. Ular hozirgi ahvoli bilan odamlar hayotini asray olmayapti. Darfur dunyo ahli, ularning hukumatlari uchun sinov",- deydi Pan Gi Mun.

BMTning asosiy vazifasi jahonni barqaror saqlash, taraqqiyot yo'lida ter to'kish, huquq e'zozlanishini ta'minlash va mojarolarning oldini olish.

Tashkilot bunga harakat qilmoqda, deydi Bosh kotib, ammo a'zo davlatlar bir-biri bilan kelishib ish tutmayapti, tinchlik va ravnaq uchun birdek hissa qo'shmayapti.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG