Prezident Obama nazarida Qo’shma Shtatlar moliya tizimini tartibga solmas ekan, yana bir iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashishi tayin.
Tanazzul, deydi AQSh rahbari, millionlab oila va bizneslarni ishidan-uyidan ayirdi. Iqtisodiyot bir necha trillion dollar zarar ko’rdi.
AQSh moliya va sarmoya markazi Vol-Strit joylashgan Nyu-Yorkda so’zlar ekan, Barak Obama bu soha egalarini u taklif qilayotgan islohot dasturini qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.
“Yana bir inqirozni bartaraf etish uchun so’nggi ikki yilda ro’y bergan voqealardan saboq olishimiz, moliyaviy islohotni kechiktirmasdan, hoziroq qabul qilishimiz zarur”, - deydi AQSh rahbari.
Obama nazarida krizis uchun ham moliyachilar, ham hukumat javobgar. U olg’a surayotgan qonun loyihasi iste’molchilar huquqini himoya qilish, banklarning qarz olishi va berishi ustidan qattiqroq nazorat hamda kasodga uchragan moliyaviy tashkilotlarni muayyan tartibda yopish kabi bandlarni o’z ichiga oladi.
Kongressning yuqori palatasi, Senatda ko’rilayotgan bu loyihaga qarshi chiqayotganlar ko’p. Vol-Strit lobbichi guruhlarni safarbar etib, o’zgarishlarga yo’q demoqda.
“Ammo amaldagi qonun-qoidalar bilan bozorni tartibga solish mumkin emas. Ham xaridorni, ham sarmoyachilarni himoya qiluvchi, tavakkalchilikning oldini olishga qaratilgan yangi, aniq qoidalar kerak”, - deydi prezident.
“Vol-Strit daromad ketidan quvib, sarmoya fondlari o’rtaga tikayotgan har bir dollar ortida oddiy amerikaliklar, oilalar turganini unutgan. Tavakkalchilikning oqibati krizis, bu hammaga ma’lum”, - dedi Obama bank rahbarlariga murojaatida.
Muxolifatchi respublikachilar nazarida islohot dasturi byurokratiya ko’lamini kengaytirishi mumkin, unga qator o’zgartirishlar kiritish kerak.