Breaking News

Prezident Obama to’zigan transport tizimini ta’mirdan chiqarmoqchi


Prezident Barak Obama AQShning to’zib borayotgan transport tizimini ta’mirlab, kengaytirmoqchi. Olti yilga mo’ljallangan loyiha 50 milliard dollarga tushishi kutilmoqda.

Kuch-g’ayratga to’lgan prezident Obama shu tariqa zaif iqtisodiyotni pishiqlamoqchi. AQSh rahbari kecha, Mehnatkashlar kunida Viskonsin shtatida ishchilar oldida loyiha haqida so’zlagan. Shtat Amerika ishlab chiqarish sanoati markazlaridan sanaladi va iqtisodiy tanazzuldan qattiq zarar ko’rgan. Ishsizlik darajasi o’ta yuqori.

“Krizis tufayli sakkiz million fuqaro ishidan ayrilgan. Xususiy sektorda o’sish bor, ammo ish o’rinlari hamon kam”, - deydi Obama.

Prezident nazarida muammoga yechim bor. Transport tizimi islohoti ana shunday proyektlardan biri.

“Kelasi olti yilda 240 ming kilometr yo’lni qayta ta’mirlaymiz”, - deydi u. Avtomobil, temiryo’llar, trassalar, aeroport yo’llari shular jumlasidan.

50 milliard dollarlik dastur byudjet kamomadiga ta’sir qilmaydi, deb ishontiradi Obama. Biroq mablag’ soliqdan keladimi, qaysi dasturlar qisqaradi – bular haqida prezident lom-mim demagan.

Kongress loyihani tez fursatda tasdiqlagan taqdirda ham yangi ish o’rinlari faqat kelasi yil yaratiladi. Muxolif respublikachilar Obama ma’muriyatini iqtisodiy muammolarni hal qila olmayotganlikda tanqid qilib keladi. Yangi tashabbus ham qo’shimcha xarajatdan boshqa narsa emas, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG