Breaking News

Iqtisodni kim yaxshiroq eplaydi? Demokrat va respublikachilar gap talashmoqda


O’tgan oy AQSh ko’chmas mulk bozorida savdo 27 foizga pasaygan. So’nggi payt ishlab chiqarish sohasida kuzatilgan ijobiy ko’rsatkichlar ham bu safar ancha past – atigi 3,8 foiz.

Iqtisodiy ahvol mamlakatda yaqinlashayotgan saylovlar natijasini hal qilishi mumkin. Bu tadbir oldidan muxolifatchi respublikachilar hokimiyatda hukmron Demokratik Partiyani iqtisodiy boshqaruvni eplay olmayotganlikda ayblamoqda.

Kongress va mahalliy hokimiyat uchun poygada iqtisodiyot asosiy mavzu. Ishsizlik darajasi 9,5 foizda qotib qolgan. Byudjet kamomadi trillionlab dollarni tashkil etadi. Iqtisodiy krizis har ikki patalani qo’lga olishga harakat qilayotgan muxolifat uchun yaxshigina qurol.

Vakillar palatasida respublikachilar yetakchisi Jon Beyner, spiker lavozimiga da’vogar fikricha, saylovda xalq Obama siyosatiga baho beradi.

U Moliya vaziri Tim Gaytnerdan tortib, Oq uydagi iqtisodiy maslahatchilarning barini noshudlikda ayblab, ularni ishdan bo’shatishga chaqirmoqda.

Beynerning ta’kidlashicha, prezidentning iqtisodiy loyihalarga milliardlab dollar ajratib, 2-3 million ish o’rinlari yaratish va’dasi va’daligicha qoldi va buni ochiq tan olish kerak.

“Kongressga bizni, xalq tashvishi bilan yashayotgan qonunchilarni saylang. Demokratlar nimaga qodir ekanini namoyish etib bo’ldi – Amerika iqtisodiyoti hali ham krizisda, ular boshqaruvda ekan, ahvol bundan besh battar bo’ladi”, - deydi Jon Beyner saylovchilarga murojaatida.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden fikricha xalq mamlakatni kim bu ahvolga solganini juda yaxshi biladi.

“Odamlarni ishidan, uyidan, bor-budidan ayirib, o’rta sinfni barbod qilgan respublikachilar Bush davrini qo’msab yashamoqda. Biz esa ertani o’ylab, iqtisodiyot poydevorini qayta quryapmiz”, - deydi Bayden.

Prezident Obamaning xalq orasidagi reytingi ancha tushib ketgan, hozirda 41 foiz. Qarzga botgan, ishsiz amerikaliklarning aksariyati hozirgi murakkab sharoitda Demokratik partiyani ayblaydi.

Muxolifat saylovda Kongress palatalaridan birini qo’lga kiritishi taxmin qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG