Breaking News

Amerikada saylovlar ketidan respublikachilar hokimiyatga kelsa, tashqi siyosatda nima o’zgaradi?


Amerikada saylovlar ketidan respublikachilar hokimiyatga kelsa, tashqi siyosatda nima o’zgaradi?
Amerikada saylovlar ketidan respublikachilar hokimiyatga kelsa, tashqi siyosatda nima o’zgaradi?

Amerikada saylovlarga ikki hafta vaqt qoldi. 2 noyabr kuni fuqarolar qonunchilik organi - Kongressga vakillarni saylaydi. Poyga juda qizg’in.

Demokrat va respublikachilar o’rtasida ashaddiy kurash ketmoqda. Ommaviy so’rovlar natijasi shundan dalolatki, iqtisodiyot, bugungi turmush ovozlarni hal qiluvchi masala.

Tashqi siyosat natijaga uncha ta’sir ko’rsatmaydi. Ammo hokimiyatga muxolif respublikachilar kelgan taqdirda, kelasi ikki yilda o’zgarishlar bo’lishi tayin.

Amerikada bu yilgi saylovda eng ko’p tilga olinayotgan mavzu iqtisodiyot, xususan mamlakat bo’ylab qariyb 10 foizga teng ishsizlik. Iroq va Afg’onistonda esa urushlar davom etmoqda.

Prezident Barak Obama kelasi yil yozdan boshlab Afg’onistondan askarlarni chiqara boshlashi kerak. Agar u yerdagi sharoit bunga imkon bersa.

“Zobitlarni kamaytirish sur’ati afg’on armiyasi oyoqqa turib olishiga bog’liq, bu ishda ko’makni ayamaymiz”, - deydi Obama. “Lekin shuni bilingki, Amerika bu o’lkani albatta tark etadi. Cheksiz urush bizga ham, afg’on xalqiga ham kerak emas”, - deydi AQSh rahbari.

To’qqiz yillik bu harbiy missiyani qanday tugatish borasida fikrlar bir dunyo. Talofatlar oshib borayotganida qaramay, mutaxassislar fikricha urushni yoqlovchilar Amerikada hamon ko’p.

“Qizig’i shundaki, prezident Obamani bu borada qo’llayotganlar - respublikachilar va konservativ guruhlar. Boshqa hech bir sohada ular demokratlar bilan kelishmaydi”, - deydi tahlilchi Piter Braun.

Agar muxolifat, ya’ni Respublikachilar Partiyasi, kutilganidek, noyabr saylovlarida Kongressni qo’lga olsa, urush yana cho’zilishi muqarrar. Zobitlarni tezroq uyga qaytarishni talab qilayotganlar asosan demokratlar, Obamaning safdoshlari.

Respublikachilar saylov kampaniyasida mamlakatdagi og’ir iqtisodiy ahvolga urg’u bermoqda. Xavfsizlik va terrrorizmga qarshi kurashda bobida ham mahkam turamiz, deydi ular.

“AQSh o’z ittifoqchilari va manfaatlarini doimo himoya qilgan va qiladi. Bizga ovoz bersangiz, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi barpo etish loyihasiga pul ajratamiz, Eronga qarshi sanksiyalar ish berishini ta’minlaymiz”, - deydi texaslik kongressmen Mark Tornberri.

Eron to’rt bora sanksiya bilan jazolangan bo’lsada, yadroviy tadqiqotlarini hanuz davom ettirmoqda. Tanqidchilar nazarida uni bu yo’ldan qaytarish uchun Obamada qattiqqo’llik yetishmaydi.

“Sanksiyalarning o’zi bilan ish bitishiga ko’zim yetmayapti. Obamaning siyosati Eron kabi davlatlarga qo’l uzatish bo’lsa, dunyoda tinchlik bo’lmaydi”, - deydi konservativ sharhlovchi Genri No.

Lekin, umuman olganda, yaqinlashayotgan saylovda buning uncha ahamiyati yo’q, deydi olim Tomas Mann. Odamlarga ish kerak, maosh kerak.

“Iroq, Afg’oniston, Eron, Yaqin Sharqda nimalar bo’layotgani, tashqi siyosat onda-sonda muhokamaga chiqadi. Lekin markaziy o’rinda emas”.

Kongressni noyabrdan keyin qaysi partiya boshqarishi noma’lum. Respublikachilar bir yoki har ikki palatani qo’lga olsa, kelasi ikki yilda konservativ siyosatni olg’a surishga harakat qiladi. Ya’ni, Rossiya yoki Xitoy bilan raqobatda ulardan qolishmaylik, AQSh dunyo bo’ylab o’z manfaatlarini tish-tirnog’i bilan himoya qilsin degan yondashuv bu.

Rossiya bilan strategik qurollarni kamaytirishga doir bitim loyihasi ham Kongressda tasdig’ini kutmoqda. Hozir uni ratifikatsiya qilish uchun ovozlar yetarli emas. Respublikachilar hokimiyatga kelsa, bu yanada qiyinlashadi.

START-1 deb nomlangan kelishuv, ular nazarida, Amerikaning mudofaa salohiyatiga bolta urish demakdir. Dunyoni yadro qurollaridan voz kechishga chaqirayotgan prezident Obama va demokratlar bu da’voni rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG