AQShda qonunchilar noyabrda o’tadigan umumiy saylovlarga tayyorlanib, yengini shimarar ekan, prezident Barak Obama Kongressda safdosh demokratlar bilan majlis qildi.
Vakillar Palatasi va Senatda hozir hukmron demokratlar poygada mag’lub bo’lishi, g’alabani muxolif respublikachilar ilib ketishi ehtimoldan xoli emas.
Vakillar Palatasi va Senatda sessiya, yig’inlar vaqtincha to’xtadi, chunki qonunchilar saylovga hozirlik ko’rishi, kampaniya o’tkazishi kerak. Saylovdan keyin yanvarda Kapitoliyni yangi arboblar egallaydi.
Bu esa Kongressda ayrim muhim masalalar, jumladan, soliq imtiyozlarini bekor qilish muhokamasi kechiktiriladi degani.
Demokratlar Vakillar Palatasi yoki Senatda hukmronlikni qo’ldan boy bersa, u yoki bu qonun loyihasini muhokamadan o’tkazish, uni hayotga tadbiq etish mushkul bo’ladi.
Hukmron partiya o’z faoliyati davomida qator yutuqlarga erishganini qayta-qayta eslatmoqda. Sog’liqni saqlash tizimi islohoti, moliya tizimida amalga oshirilgan reforma va hokazo.
Demokrat kongressmen Steni Xoyer Respublikachilar Partiyasi kamchiliklarini sanab o’tar ekan, Bush davrida kamomad osmonga sapchidi, Amerika oilalari xonavayron bo’ldi, iqtisodiyot barbod bo’ldi, deydi.
Respublikachilar sardori Jon Beyner fikricha, joriy Kongress tishi o’tmaslashib qolgan. Sarf-xarajatga ko’milib qoldik, deydi u.
Holbuki, deydi quyi palata spikeri Nensi Pelosi, demokratlar boshqaruvni qo’lga olishidan oldin, 2006 yilga qadar AQSh qarzini ikki karra oshirgan aynan respublikachilar edi.
Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, AQShda aksariyat aholi iqtisodiy ahvoldan, mehnat bozoridagi vaziyatdan ko’ngli to’q emas.
Bu orada prezident Barak Obamaning yaqin safdoshi, Oq Uy ma’muriyati rahbari Ram Emmanuel ishdan bo’shashi kutilmoqda. Arbob Chikago shahri meri lavozimi uchun kurashish niyatida.
Amerikada qonunchilar saylovga tayyorlanib, yengini shimarmoqda. Sessiyalar vaqtinchaa to’xtadi
- Amerika Ovozi