Vashintondagi ilmiy tadqiqot institutlari amaldagi va bo’lajak rahbarlarga maslahatchi. Jamiyat hayotidagi voqealarni kuzatib, tahlil qilib, hukumatga yo’l ko’rsatuvchi maskanlar.
Ammo bu markazlarning xulosa-tavsiyalarini doimo xolis deb bo’lmaydi.
Vashington - fikr va g’oya o’chog’i. Siyosat, iqtisodiyot, mudofaa deysizmi, har sohaning o’z bilimdonlari, mutaxassislari bor. Ular bu yerdagi yuzlab tadqiqot institutlarida ishlaydi, izlanadi, o’z xulosalarini jamoatchilikka ulashadi.
Odatda bu dargohlar o’z siyosiy qarashiga ega. Tarozining bir pallasida liberal yoki konservativ siyosatni olg’a suruvchi institutlar. Ayrimlari esa gapning po’skallasini aytadi-qo’yadi. Qanday xulosa qilish siyosatchilarning o’ziga havola.
Jon Bolton 2005-2006 yillarda AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi bo’lgan. Huquqshunos, xalqaro xavfsizlik bo’yicha mutaxassis. Hozirda Amerika Biznes Institutida yetakchi xodim.
“Tahlil markazlari yo’nalishi, ish uslubi bilan bir-biridan farq qiladi. Ilmiy ishlarida jamiyatdagi mavjud siyosiy-ijtimoiy qarashlar aks etgan. Buyurtma asosida ma’lum sohani o’rganadigan tashkilotlar bor. Boshqalari hukumatdan mustaqil. Mablag’ xususiy donorlardan keladi”, - deydi Bolton.
Amerikada aksar tadqiqot institutlari - nohukumat tashkilotlar. Soliq chegirmalari bilan siylanadi. Mablag’ ularga xayriya fondlari, bizneslar, hatto oddiy fuqarolardan keladi. Konsultatsiyadan daromad oladiganlari ham bor.
RAND korporatsiyasi - AQShdagi nufuzli tadqiqot maskanlardan biri. Yevropa va Yaqin Sharqda idoralar ochgan. Faoliyatini ham hukumatdan, ham xususiy sektordan buyurtma va grantlar olib moliyalaydi. Biroq umumiy pozitsiyamiz neytral, tavsiyalarimiz xolis, deydi tashkilot vakillari.
“Qaysi mavzu bo’yicha izlanmaylik, tarafkashlikdan xolimiz. Bor gapni ochiq-oydin aytamiz, faktlarni aniqlab, masalani xolis tahlil qilib beramiz. Ilmiy maskanlar orasida aynan shu tamoyillar bilan nom qozonganmiz. Fakt bu fakt, ishimizning asosi shu. O’ngchilar, so’lchilar bilan ishimiz yo’q”, - deydi RAND korporatsiyasi so’zlovchisi Jeffri Xaydey.
Boshqa tahlil markazlari ham ishni avvalo faktlarni aniqlashdan boshlaydi, deydi Jorjtaun Universiteti professori Mark Rom. Farqi shundaki, ular bu bilan cheklanib qolmasdan muayyan siyosatni olg’a suradi.
“Akademik tadqiqot ular uchun ishning bir bo’lagi, xolos. Uni targ’ib-tashviq qilsangiz, tamoman boshqa bir soha – lobbichilikka qadam qo’ygan bo’lasiz. Ular Kongress a’zolari, rahbarlar bilan uchrashib, “izlanish davomida mana bu narsani aniqladik, siz shu masalani ko’tarib chiqing” deb o’z manfaatini olg’a suradi. Maqsad qaror chiqarish jarayoniga ta’sir o’tkazish. Siyosatni o’zgartirishga harakat bu”, - deydi tahlilchi.
Lobbichilik bilan shug’ullanuvchi ilmiy dargohlar talaygina. Ayniqsa ijtimoiy masalalar, iqlim va qurolsizlanish kabi sohalarda.
Ilm va lobbichilik bir-biriga zid va alohida sohalar bo’lishi kerak, deydiganlar kam emas. Bu ikki faoliyatni o’z ishida birlashtira olgan maskanlardan biri bu - Amerika Progress Markazi. Uning rahbari Nira Tanden deydiki, markazning bir qismi faqat tadqiqot bilan shug’ullanadi.
“Mamlakat oldidagi muammolarni aniqlash, tahlil qilish va yechimlar bilan chiqish ilmiy xodimlarning ishi. Ular bu borada izlanadi, hukumat uchun tavsiyanoma-rekomendatsiya tayyorlaydi. Bularni rahbarlarga yetkazish uchun alohida markaz tashkil qilganmiz. Amerika Progressi uchun Harakat jamg’armasi fikr-g’oyalarimizni tashviq qilish bilan shug’ullanadi. Ularni Kongress, Oq uy va mahalliy hokimiyatlarga yetkazadi, keng muhokama uchun matbuotga olib chiqadi. Xullas, izlanish bilan cheklanib qolmasdan, ishimizga progressiv ruhda yondashamiz”.
Amerikada prezident to’rt yilga, vakillar ikki yilga, senatorlar esa olti yilga saylanadi. Bu degani hukumat doimo yangilanib turadi. Ishning ko’zini biladigan, malakali mutaxassislarni esa tadqiqot institutlaridan topasiz.