Breaking News

Amerikalik milliarder Donald Tramp prezidentlikka saylanmoqchi


Amerikalik milliarder Donald Tramp prezidentlikka saylanmoqchi
Amerikalik milliarder Donald Tramp prezidentlikka saylanmoqchi

2012 yilda Amerikada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Demokratlar nomzodi aniq - amaldagi rahbar Barak Obama.

Muxolifatchi Respublikachilar partiyasidan esa hali hech kim maydonga chiqmadi.

Nomzodlikka da’vogarlardan biri Donald Tramp, nyu-yorklik milliarder, Obama bilan bellashishga tayyor ekani haqida bong urmoqda.

AQShda Donald Tramp ismini deyarli har bir xonadonda eshitasiz. Ko’chmas mulk sohasida yirik biznes imperiya egasi. Shuningdek, 2004 yildan beri NBC kanalida o’z shousini olib boradi.

Yosh tadbirkor va mutaxassislarga shu tariqa biznes sirlarini o’rgatadi, ularga ustozlik qiladi. Raqiblaridan ustun tomoni ham shunda.

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Donald Tramp nomzodi konservativ saylovchilar, xususan AQSh siyosiy sahnasida so’nggi payt katta kuchga aylangan “Choychilar” harakatiga ma’qul tushishi mumkin.

“Amerika dunyo sahnasida avvalgidek obro’-e’tiborga ega emas”,- deydi Tramp.

“Bizni masxara qilib, ustimizdan kulishyapti, bizdan foydalanishyapti. Men prezident bo’lsam, Xitoy va boshqa mamlakatlarning bizga munosabati butunlay o’zgaradi”, - deydi milliarder.

Saylovga hali bir yarim yil vaqt bor. Rahbarlikni ko’zlayotgan respublikachi siyosatchilar orasida Tramp shartaki uslubi bilan ajralib turadi.

“Bor gapni ro’yirost gapiradigan odam”, - deydi tarafdorlaridan biri.

Amaldagi siyosatdan norozi ayrim konservatorlar AQShning ilk qora tanli rahbari Barak Obama saylanishga haqli emas, chunki ular prezidentning bu davlatda tug’ilganini shubha ostiga oladi. Vaholanki, Obama 1961 yili Gavayi shtatida tug’ilgani haqida hujjatlar borligi qayta-qayta tasdiqlangan va matbuotda chop etilgan.

Donald Tramp ham o’z chiqishlarida bu mish-mishlarga urg’u berar ekan, respublikachi yetakchilar fikricha bu bema’ni gaplar bilan u o’ziga choh qazimoqda.

“Tramp nomzodlikni qo’lga kiritmoqchi bo’lsa, bu siyqasi chiqqan mavzuga ortiq qaymaslik kerak”, - deydi ular.

Sobiq senator Bob Bennett fikricha, nyu-yorklik biznesmen nomzodiga haqiqatdan ham qiziqish baland, ammo bu ko’proq raqobat maydoni bo’m-bo’sh ekanidan darak.

“Demokratlar bilan bellashish uchun hozircha biror arzigulik nomzod yo’q”, - deydi u.

Buni ommaviy so’rovlar ham tasdiqlab turibdi. Konservativ saylovchilarning 56 foizi bo’lajak nomzodlarning hech biriga qiziqish bildirmagan.

“Donald Tramp Oq uy uchun poygada qatnashadimi, yo’qmi, bu ham savol ostida”, - deydi siyosatshunos Jon Fortier.

“Biznesda erishgan yutuqlari, mashhurligi, tarafdor orttirayotgani qo’l kelishi mumkin. Ammo shu yil oxiriga borib kampaniya jiddiy tus oladi, boshqa siyosatchilar maydonga chiqadi. Uni jiddiy qabul qilishadi deb o’ylamayman”.

So’rovda saylovchilarning 72 foizi xuddi shu fikrni bildirgan. Ya’ni Donald Tramp siyosatda xom, sinab ko’rilmagan arbob. Respublikachilar partiyasi uni o’z nomzodi deb tanlashi ham gumon.

XS
SM
MD
LG