Breaking News

Amerikada ishsizlar soni sezilarli darajada kamaydi


Xususiy sektor odam yollayotgani ko’zga tashlanadi, ayniqsa yangi yil arafasida
Xususiy sektor odam yollayotgani ko’zga tashlanadi, ayniqsa yangi yil arafasida

Qo’shma Shtatlarda ishsizlar soni 8,6 foizni tashkil etmoqda. Bu so’nggi ikki yil ichida eng past ko’rsatkich. O’tgan oy 9 foizdan yuqori edi.

AQShda millionlab fuqaro ish qidirish bilan ovora. 2008-yilgi krizisdan beri vaziyat shu. Mehnat vazirligining so’nggi hisobotiga ko’ra, ular safi bir oz kamaygan. E’lon jahon birjalarida ijobiy kutib olindi.

Vazirlik bergan ma’lumotga qaraganda, noyabr oyida Amerikada 120 ming ish o’rni yaratilgan. O’sish tomon progress borligi ayon.

Tanazzul nihoyasiga yetdi deyishlariga qaramasdan, davlat tashkilotlarida mehnat o’rinlari qisqarmoqda. Ammo xususiy sektor odam yollayotgani ko’zga tashlanadi, ayniqsa yangi yil arafasida.

Prezident Barak Obamaning qayd etishicha, o’tgan ikki yil ichida xususiy bizneslar qariyb uch million fuqaroni ish bilan ta’minlagan.

O’sish davom etishi uchun, deydi u, Kongress a’zolari, xalq saylagan vakillar, uning har bir tashabbusiga “yo’q” deyishni bas qilishi kerak.

“Hozir iqtisod nozik bir pallada. Kongress a’zolari buni anglayotgan bo’lsa, siyosiy o’yinlarni yig’ishtirib, ishga kirishsin”, - deydi Obama.

Ishsizlik - 2012-yilgi prezident saylovlarida eng muhim mavzulardan. Respublikachilar, jumladan Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner, mamlakat yuzlashayotgan barcha muammolarda Obamani ayblaydi.

“Ishsizlik oz bo’lsa-da kamayganidan xursandmiz, lekin millionlab hamyurtlarimiz bundan tasalli topishi gumon. Uch yil bo’ldi, ishsizlik sur’ati 8 foizdan pasaygani yo’q”, - deydi Beyner.

Raqamlarga chuqurroq nazar tashlaydigan bo’lsak, deydi Beyner, haqiqat shuki, 300 ming fuqaro ish qidirishdan to’xtagan. Ya’ni, ular ro’yxatdan chiqarilgan. Shu bois ham vaziyat ijobiyroq ko’rinadi.

Siyosiy tahlilchi Stiv Makmaxonning aytishicha, agar saylovgacha o’sish tiklansa Obama qayta saylanishi mumkin.

“Oq uyda o’tirgan rahbar uchun eng muhimi shu. Xalq qanday kayfiyatda, krizisdan qutulish uchun nima ishlar qilayapti. Ahvol avvalgidan yaxshiroqmi…”, - deydi tahlilchi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda nyu-yorkliklar shunday deydi:

“Ishim-joyim bor. Lekin ko’plab tanishlarim haqida bunday deb bo’lmaydi”.

“Boshlanishi chakki emas. Izga tushib ketadi deb o’ylayman”, - deydi fuqaro.

Yangilangan raqamlar shundan dalolatki, AQShda hozir ishsizlar soni 13 milliondan oshiq. Ko’pchilik ikki-uch joyda mehnat qilib, kun ko’rayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG