Amerika hukumati shu oy e’lon qilgan raqamlar iqtisodiyot yilning ikkinchi yarmida o’zini tiklab oladi degan umidlarni puchga chiqardi.
Mehnat vazirligiga ko’ra, iyun oyida AQShda atigi 18 ming mehnat o’rinlari yaratilgan. Ishsizlik darajasi hozir – 9,2 foiz.
So’nggi ko’rsatkichlar shundan dalolatki, Amerika krizis changalidan chiqa olgani yo’q. Millionlab fuqaro ish qidirish bilan ovora, ularni yollayotgan kompaniyalar soni esa juda oz.
Hisobot e’lon qilingan zahoti qimmatli qog’ozlar bozorida sarosima boshlandi. Chunki iyun oyida jami 90 ming ish o’rni yaratilishi kutilgan edi.
Yil boshidan beri bir necha shtatni xonavayron qilgan dovullar hamda neft qimmatligi biznes yo’liga, vaqtincha bo’lsada, to’g’anoq bo’layotgani aytiladi.
Biroq iqtisodchi Bet Anna Bovino deydiki, ahvol o’gir ekanini tan olmasdan iloj yo’q.
"Yilning birinchi yarmi murakkab bo’ldi, lekin kelasi olti oyda iqtisodiyot jonlanadi deb o’ylagandik. Vaziyat hamon o’sha-o’sha. Hammasiga ob-havoni sababchi qilib ko’rsata olmaysiz, axir",- deydi Bovino.
Amerikada ishsizlik oshgani prezident Obamani noshudlikda ayblab kelayotgan muxolifat, Respublikachilar partiyasi qo’lida kuchli qurol.
“Va’da qilingan ish o’rinlari qani”? - deya so’raydi Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner.
"Obamaning partiyasi yo’q pulni sarflashga, biznes yo’liga to’siqlar qo’yishga va davlat qarzini ko’paytirishga yaraydi xolos. Soliqlarni oshiradigan bo’lsak, ahvol bundan besh battar bo’ladi".
"Byudjet, xarajat va soliqlar borasida tortishuv shu qadar keskinki, aprel oyida hukumat ishdan to’xtab qolishiga oz qolgan edi. Amerika qarzi bugun 14 trillion dollardan oshgan",- deya javob beradi prezident Obama.
O’tgan bir-yarim yil mobaynida Amerikada 2 milliondan ziyod odam qayta ishga joylashdi. Lekin krizisda 8 million o’rinni boy berganmiz. Farqini o’zingiz ko’rib turibsiz.
Siyosatdonlar ta’biricha, prezident Barak Obama yana bir muhlatga saylana olishi iqtisodga bog’liq.
Ko’payib borayotgan aholini ish bilan ta’minlash uchun kompaniyalar har oy 125 ming xizmatchi yollashi zarur. Mamlakatni oyoqqa turg’azish uchun loyihalar boshlashning ayni vaqti, deydi iqtisodchilar.