Amerikada kelasi yili noyabr oyida prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Demokratlar nomzodi Barak Obama hamda Respublikachilar partiyasidan 10 dan ziyod da’vogar mamlakat kezib, saylovchilar ko’nglini ovlamoqda.
Hammaning og’zida bir savol – iqtisodiyot qachon yaxshilanadi? Krizis qachon tugaydi?
Saylovgacha hali ancha vaqt bor, lekin kampaniya boshlab yuborilgan. Har ikki partiya vakillari tarafdorlar bilan uchrashib, mablag’ to’playapti.
“Qayerga bormaylik, odamlar turmush haqida gapiradi. 2008-yilgi krizis takrorlanishi mumkin, degan qo’rquv bor”, - deydi tadbirkor Van Patten, Ayova shtatida Respublikachilar partiyasi rasmiysi.
Shaharma-shahar yurib, fuqaro bilan uchrashib, partiya dasturini targ’ib qilish uning ishi. Amerikada ishsizlik 10 foizga yaqin ekan, bu haqda ko’p so’rashadi.
“Banklar bundan buyon past foizda qarz bera oladimi? Inflyatsiyani bartaraf etish uchun nima qilinyapti?” degan savollar berishadi deydi Van Patten.
Rahbarlikka saylanaman degan siyosatchi albatta yechimlar bilan chiqishi kerak. Prezidentlikka da’vogar respublikachi Mitt Romni biznes yo’lidagi to’siqlarni olib tashlash, hukumat hajmini kichraytirish dasturini olg’a surmoqda.
“Xususiy sektor iqtisodiyotni tebratadi, odamlarni ishga yollaydi, davlatga soliq to’laydi. Iqtisodiyoti mustahkam jamiyatning fuqarolari ham shod. Ish o’rinlari yetarli, ayniqsa bitiruvchilar uchun”, - deydi Mitt Romni.
Ayovaning De Moyn shahrida so’zlagan yana bir siyosatchi Ron Pol “murosa” qilish kerak, degan chaqiriqlarga qo’shilmaydi.
“Mamlakat oldida muammolar talay. Lekin bir yoqadan bosh chiqarib, murosa qilmasak bo’lmaydi, degan gaplar safsata. Ochig’ini aytsam, bu yo’ldan borishning hecham hojati yo’q. Nazoratni, soliqlarni kamaytiring. Xalqning o’ziga qo’yib bering, tadbirkor nima kerakligini o’zi biladi”, - deb hisoblaydi poygada qatnashayotgan kongressemen Ron Pol.
Prezidentlikka nomzodlar nutqini diqqat bilan tinglagan Erni Rudolf fikricha, o’jarlik bilan hech bir muammoni yechish mumkin emas.
“Gap Barak Obamada emas, nuqul demokratlarni aybdor qilib ko’rsatish ham to’g’ri emas. Siyosatimiz shunaqa, biz saylagan vakillar epsiz. Natijani ko’rib turibmiz”, - deydi fuqaro.
Amerikada o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasi buni tasdiqlaydi. Fuqarolarning 73 foizi mamlakat to’g’ri yo’ldan bormayotgani haqida shikoyat qiladi.
Oq uyga saylanish uchun kurashayotgan respublikachilar mamlakat kezib, ularga ovoz berishni so’ramoqda. Bizning dastur, deydi ular, ko’p muammolarga yechim bo’la oladi.