Breaking News

Mayda bizneslar o'zini xorijda sinab ko'rmoqda


Mayda bizneslar o'zini xorijda sinab ko'rmoqda
Mayda bizneslar o'zini xorijda sinab ko'rmoqda

AQShning Xalqaro savdo bo'yicha boshqarmasi eksport hajmini ko'paytirish maqsadida yaqinda mamlakatdagi bandargohlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi.

2014-yilgacha AQSh eksportini ikki baravarga oshirish ko'zlanmoqda. Asosan ichki bozorga mahsulot chiqargan kompaniyalar endi chetga ham nazar solmoqda.

Ayniqsa 2008-yilgi moliyaviy tanazzuldan so'ng. Ammo ayrim tadbirkorlar umuman eksport bilan shug'ullanmoqchi emas.

"Taystar" kompaniyasi ("Tystar") kompyuterlar va uyali telefonlarda ishlatiladigan silikonni bir necha yuz gradusli issiqlikda tayyorlaydigan maxsus pechlarni ishlab chiqarib, AQSh va xorijda sotadi.

"Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya bilan ko'p ish qilyapmiz", - deydi Los-Anjelesda joylashgan bu kompaniya mutaxassisi Jim Smit.

Uning aytishicha, so'nggi 4-5 yilda kompaniya mahsulotlari dunyo yuzini ko'rdi. Eksport hajmi bu davr mobaynida 20 dan 50 foizga o'sdi.

"Xorij bilan biznes bo'lmaganida tanazzuldan qattiq zarar ko'rgan bo'lar edik".

Ammo uning fikricha xorijda ish qilish oson emas.

"Birinchi muammo - bu til. Ikkinchi muammo shundaki, hamma joyda biznes qilish usuli Amerikanikidan farq qiladi", - deydi u.

O'zga til va madaniyatdan tashqari amerikalik tadbirkorlarga xorijda ish qilish uchun qo'shimcha kapital yetishmaydi. Los-Anjeles Jahon savdo markazi uyushmasi prezidenti Vens Bagamning aytishicha, AQShda aksariyat kompaniyalar kichik, imkoniyatlari cheklangan.

"Kichik kompaniya barcha imkoniyatlarini birdaniga ishga soladi. Jahon bozoriga chiqish uchun qo'shimcha pul kerak, bu esa eng katta muammo", - deydi u.

Uning fikricha aynan shu sabab AQSh kompaniyalarining 15 foizigina jahon bozorida ish qiladi.

"2008-yildan beri og'ir kunlarni boshdan kechirdik. Mayda kompaniyalarga chetda biznes qilish yanada qiyinlashdi".

Ammo aynan tanazzul sabab va ichki bozorda talab pasaygani bois ba'zi kompaniyalar xorijdagi imkoniyatlarni o'rganmoqda.

"Kompaniyalar nigohini xorijga qaratmasa bo'lmaydi, axir jahondagi xaridorlarning 95 foizi AQSh tashqarisida joylashgan", - deydi Lon-Anjeles portida Savdo taraqqiyotiga mas'ul Jim Maklellan.

Uning aytishicha, mahsulotlarini xorijda sotmoqchi bo'lgan AQSh kompaniyalari hozir ustunlikka ega. Dollar zaifligi bois mahsulot qiymati tushgan, uni boshqa valyutadan ko'ra dollarda pullagan yaxshiroq. 10 yilcha burun Los-Anjeles porti orqali o'tgan yuklarning 20 foizi eksportga to'g'ri kelardi. Hozir bu raqam 24 foiz atrofida.

"2009-yil dekabridan beri daromadimiz har oy o'sa boshladi", - deydi Makmellan.

Kaliforniya janubidagi Long-Bich porti esa so'nggi 10 yilda eksportlar tufayli 50 foizlik daromad ko'rdi. Port va xalqaro aeroportga yaqin joylashgan kompaniyalar uchun mahsulotlarini xorijga chiqarish mamlakat ichkarisidagi firmalarga qaraganda ancha arzonga tushadi.

Odatda maydaroq kompaniyalar sekin-asta rivojlanadi. Avval o'zi joylashgan hududda ish qiladi, so'ng mintaqaviy darajaga chiqadi. Ana undan keyin ayrimlari xalqaro savdo bilan ham shug'ullanishi mumkin. Ammo Vens Bagamning aytishicha, hozir vaziyat o'zgarmoqda.

"Ayrim kichik kompaniyalar mintaqaviy bozordan oshib to'ppa-to'g'ri xalqaro sahnaga chiqmoqda", - deydi Jahon savdo markazi uyushmasi rahbari.

Bagam deydiki, import borasida ham o'zgarishlar kuzatilmoqda. Amerika tashqarisida yonilg'i va mehnat kuchi qimmatlashar ekan, xorijda mahsulot ishlab chiqarib, uni AQShga olib kirish arzon bo'lmay qoldi. Xitoy kabi davlatlar Amerika bozoriga mo'ljallangan mahsulotlarini Qo'shma Shtatlarning o'zida tayyorlash ustida o'ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG