Breaking News

Ko'rpaga qarab oyoq uzatishni o'rganayotgan amerikaliklar


Uy kreditga, mashina kreditga, sayohat kreditga... Qarzni vaqtida to'lash nafaqat yaxshi maosh, balki moliyaviy mas'uliyat, intizom ham talab qiladi
Uy kreditga, mashina kreditga, sayohat kreditga... Qarzni vaqtida to'lash nafaqat yaxshi maosh, balki moliyaviy mas'uliyat, intizom ham talab qiladi

Amerikada hozir moliya va byudjet eng dolzarb va qaltis masala.

Kongress va prezident xarajat ustida tortishib, hukumat ishi to’xtab qoladigan darajaga bordi. Davlat qarzi bu yili 15 trillion dollardan oshishi kutilmoqda.

Iqtisodiy krizis oqibatida AQShda ko’plab oilalar ham chuqur qarzga botgan, kreditga yashash bu jamiyatda keng tarqalgan odat.

Kreg Lezerman, o'rta yoshli amerikalik, har sohada bo’lgani kabi oilada ham moliyaviy intizom bo’lishi kerak ekan, deydi.

Bir paytlar sug'urta agenti bo'lgan Kreyg Lezerman bugun bog'bon. Olgan kreditlarini to'lay olmay bankrot bo'ldi. Hayotini noldan boshlashga majbur bo'ldi.
Bir paytlar sug'urta agenti bo'lgan Kreyg Lezerman bugun bog'bon. Olgan kreditlarini to'lay olmay bankrot bo'ldi. Hayotini noldan boshlashga majbur bo'ldi.

Bir paytlar sug’urta agenti bo’lib Lezerman o’z tajribasidan biladi. Krizis keldiyu, mijozlar kamayib ketdi. O’z navbatida, uning daromadi ham.

"Bankrot bo’ldim, uy qarzini to’lay olmadim. Natijada bank uni olib qo’ydi. Hozir eslasam, juda bir mushkul vaziyat. Lekin bilaman, ayb o’zimda. Har bir odam pulni ayab, aql bilan ishlatishi, kerak bo’lsa bu sohada bilimini oshirishi kerak",- deydi Lezerman.

Bir paytlar shinamgina ofisda o’tirib ishlagan Lezerman bog’dorchilikni o’ziga kasb qildi. Gulzor va daraxtlarni parvarishlaydi. Odam yollab, buni kichik biznesga aylantirgan.

Hukumat ham xarajatni o'ylab qilish kerak, deydi amerikaliklar
Hukumat ham xarajatni o'ylab qilish kerak, deydi amerikaliklar

Poytaxt Vashingtonda byudjet yuzasidan kechayotgan munozaralar bu yerdan ancha yiroqday. Lekin Lezerman hammasidan xabardor.

"Namuna ola ko’rmang deb, aynan hukumatimizni ko’rsatgan bo’lardim", - deydi Lezerman.

Chunki, deydi u, Amerika hukumatining o’zi xorijdan qarz olgani olgan. Ya’ni mamlakat yo’q pulni sarflab, foiz to’lab yuribdi.

Kreg Lezerman qanday qilib oyoqqa turganini bizga tushuntirib beradi:

Plastik kartochkalar boylik emas, kreditni vaqtida to'lash kerak bo'ladi
Plastik kartochkalar boylik emas, kreditni vaqtida to'lash kerak bo'ladi

"Hafta oxirida o’tirib, hammasini hisob-kitob qilaman. Biznes xarajatlari, daromad qancha, pul qayerga ketayapti. Hammasi mana shu daftarga yozib boriladi. O’zim uchun, ishni rejalash uchun muhim bu. Maqsadni aniq belgilash kerak.

Daromad-buromad deb shuni aytadi. Tartib-intizom bo’lmasa, ish oldinga siljimas ekan, deydi suhbatdosh.

Lezerman shu tariqa sekin-asta qarzidan, bankrotlikdan qutuldi. Qo’lida hozir 3-4 odam ishlaydi.

"Hayotimni yangidan boshlaganday bo’ldim”, - deydi u. Ko’ngil xotirjam, kreditorlar eshik taqillatib kelmaydi.

"Yostiqqa bosh qo’yamanda, maza qilib uxlayman. Ishim bor. Ertangi kunga ishonch bor. Hayotim tamoman o’zgardi",- deydi u.

Boshqalarga maslahati ham shu – moliyada intizomli bo’ling, ko’rpaga qarab oyoq uzating.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG