Breaking News

Prezident Obama: Amerika qarzini vaqtida to'lashi kerak


Prezident Obama: Amerika qarzini vaqtida to'lashi kerak
Prezident Obama: Amerika qarzini vaqtida to'lashi kerak

Prezident Barak Obama bugun xalqqa murojaat qilib, AQSh qarzini to'lay olishi uchun Kongress bu boradagi cheklovlarni o'zgartirishi kerak dedi.

Hozirda Amerika 14 triilion 294 milliard dollardan ortiq qarz ololmaydi. Lekin bugun deyarli bu raqamga yetib bo'lindi. 2 avgust - oxirgi muddat. Ungacha prezident va qonunchilar bu borada kelishib olishi va Kongress qarz miqdorini oshirishga ruxsat berishi lozim.

Xorijiy kreditorlar va o’z fuqarolari oldidagi moliyaviy majburiyatlarini doimo vaqtida, a’lo darajada bajarib kelgan Amerika hukumati tarixda ilk bor “defolt” holatiga tushishi, ya’ni qarzni to'lay olmasligi mumkin.

Eng katta miqdordagi qarzlar Xitoy (1 trillion dollardan ortiq) va Yaponiyadan (900 milliard) olingan.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner
Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner

Daromad va kamomad orasidagi farqni qanday kamaytirish xususida Vashingtonda siyosiy jang ketmoqda.

Oq Uy va respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi sarfiyat va soliqlar borasida turlicha pozitsiyada.

Demokratlar, shu jumladan, prezident, eng boy tabaqa ko'proq soliq to'lashi kerak desa, respublikachilar "yo'q" deb turib olgan. Ular nazarida ijtimoiy himoya uchun ajratiladigan mablag'ni qirqish kerak.

"Dunyo bizni tomosha qilmoqda. Keling, jahon ahliga biz hali ham qudratl davlat ekanimizi isbotlaylik. Bir yoqadan bosh chiqarib, moliyaviy muammolarni hal etish yo'lida birga ishlay olishimizni ko'rsataylik",- dedi Obama.

Muammolarga qaramasdan Amerika hamon global maydonda eng yirik iqtisodiy tizim va kuchga ega. Yillik yalpi milliy daromad qariyb 15 trillion dollar. Dunyo bo'ylab milliarderlarning 35 foizga yaqini shu mamlakatdan. Daromad yuqori, lekin xarajat undan-da yuqori va shuning hisobiga byudjetdagi yetishmovchilik miqdori ham oshib bormoqda. Bu yilgi kamomad 1,5 trillionga yetishi mumkin.

"Demokratiya degani bir-birimizning yo'limizni to'sib, achchiq so'zlar almashib, zarur qarorlar qabul qilishdan bosh tortish emas, balki o'z g'oyalarimizni bir-birimizga tushuntirib, xalq manfaati uchun murosa qilish degani", - deydi prezident.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner fikricha esa murosa qilmayotgan prezidentning o'zi.

Obama nutqidan keyin Beyner Kapitoliydan turib xalqqa murojaat qilib, Amerika o'z qarzini vaqtida to'laydi, hech qanday inqiroz bo'lmaydi, dedi.

"Biz ertangi kunni o'ylab, xarajatni kamaytiring deyapmiz. Prezidentga bu gap yoqmayapti", - deydi Beyner.

Obama esa xarajat u prezidentlikka kelishidan oldin ham yuqori bo'lganini, Amerika uzoq yillardan beri ko'rpaga qarab oyoq uzatmay qo'yganini, Afg'oniston va Iroqdagi urush bu davlatga juda qimmatga tushganini eslatmoqda.

"Sarf-xarajatni kamaytirish kerak, bu haqda gap bo'lishi mumkin emas",- deydi Obama. "Lekin bu uzoq vaqt va ehtiyotkorlik talab qiladigan jarayon. Qarzni esa o'z vaqtida to'lab turishimiz kerak. Bu bahslashadigan masala emas",- deydi Obama.

Hozirda Senat va Vakillar Palatasida davlat qarzi va byudjetdagi kamomadni qanday kamaytirish borasida ikki turlicha qonun loyihasi muhokamada.

Obama bugungi murojaatida respublikachilarga ulardan chiqqan prezident Ronald Reyganning 1980-yillarda tutgan yo'lni eslatdi. Reygan "muvozanatli yo'l" dan borgan, ya'ni ham ijtimoiy himoyani qirqqan, ham soliqni oshirgan.

Senatda hukmron demokratlar sardori Garri Rid (chapdan) va uning safdoshlari o'z loyihasini taklif qilmoqda
Senatda hukmron demokratlar sardori Garri Rid (chapdan) va uning safdoshlari o'z loyihasini taklif qilmoqda

Senatda hukmron demokratlar sardori Garri Rid xarajatni 2,7 trillion dollarga kamaytirish va qarz miqdorini kelasi bir yilga oshirishni ko'zlovchi reja taklif qilgan. Obamaga bu ma'qul.

Hozirgi kelishmovchiliklar ortida Respublikachilar partiyasining bir qismi bo’lmish “Choychilar” harakati, o’ta konservativ guruh vakillari turibdi. Vakillar Palatasida ularning 100 a’zosi bor va ular “defolt” balki Amerikaning ko’zini ochar, qarzni to’lay olmaslik davlatni kamroq pul sarflashga majbur qilar, deya Respublikachilar partiyasiga bosim o’tkazmoqda.

Demokratlar deydiki, spiker Beyner va uning safdoshlari “choychilar” qo’lida o’yinchoq. Ularsiz partiya palatada ko’pchilik o’rinni egallay olmaydi va shu bois ular bu o’ta konservativ to’da nog’orasiga o’ynashga majbur.

Vakillar Palatasi spikeri Beyner kechagi nutqida o’z rejasini e'lon qildi. Unga ko'ra, xorijdan qarz olish miqdori 1 trillion dollarga oshiriladi. Lekin ko'plab ijtimoiy dasturlarga mablag' kesiladi. Soliq oshirilmaydi.

Loyiha muhokamaga qo’yiladi, ovoz berilib, tasdiqlansa, unga imzo chekish prezidentga havola, deydi Beyner, shu tariqa inqirozning oldi olinadi.

Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi
Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi

Obama nazarida esa respublikachilar murosa o’rniga, prezidentni majburlash harakatida.

Har ikki tomonning talablarini birdek aks ettirgan, eng muhimi boy tabaqa emas, “butun xalq manfaatini ko’zlovchi qonun loyihasiga qo’l qo’yaman”,- deydi Obama.

“Amerikaliklar Vashingtondagi siyosiy o’yinlardan to’yib ketgan, keskinlikni bas qilib, murosa yo’lidan borishimiz kerak”, - deydi prezident.

“Amerika xalqi hokimiyatga ikki partiya a’zolarini saylab, boshqaruv demokratik bo’lsin degan. Siz esa bu o’yinlar bilan hukumatni ishdan chiqarish harakatidasiz. Barcha fuqarolardan iltimosim shuki, Kongressdagi vakilingizga uni nima uchun Vashingtonga yuborganingizni eslatib qo’ying. Muvozanat va murosasiz oldinga siljimaymiz”,- dedi Obama kecha yurtdoshlariga qilgan murojaatida.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG