Breaking News

"Choychilar" harakatining dardi choy emas, hukumat


"Choychilar" harakatining dardi choy emas, hukumat
"Choychilar" harakatining dardi choy emas, hukumat

Nyu-York, Amerika moliya markazida boshlangan norozilik namoyishlari bugun siyosat o’chog’i Vashingtonni qamrab olgan.

Boshqa yirik shaharlarda ham minglab amerikaliklar ko’chaga chiqib, yirik bizneslar va ular quvvatlaydigan siyosatchilarga la’natlar aytmoqda.

Bu namoyishlar ikki yil oldin “Choychilar” harakati hukumatga qarshi olib borgan kampaniyani eslatadi. Bu guruh aniq bir liderga ega emas, ammo ta’siri beqiyos. Qisqa vaqt ichida Amerika siyosatida keskin burilishlar yasashga muvaffaq bo’ldi. O'tgan yilgi saylovda Vakillar Palatasini respublikachilar qo'lga olishidan ularning hissasi katta bo'ldi.

"Federal hukumat" - muammo", deydi mana bu choychi. U singari amerikaliklar nazarida davlat muammolarni hal etish o'rniga, ularni yanada murakkablashtirish bilan ovora.
"Federal hukumat" - muammo", deydi mana bu choychi. U singari amerikaliklar nazarida davlat muammolarni hal etish o'rniga, ularni yanada murakkablashtirish bilan ovora.

“Choychilar” - Respublikachilar Partiyasining eng konservativ qatlami. Amerika faqat amerikaliklarniki, noqonuniy muhojirlarga bu yerda o'rin yo'q; xavfsizlikni ta'minlash tashqi siyosatdagi asosiy maqsad bo'lishi kerak degan g'oyalarni olg'a surayotgan fuqarolar yig'indisi.

Harakat nomi XVIII asrga borib taqaladi. 1773 yilda Bostonda Amerika tijoratchilari va xaridorlar Britaniya qirolligi qo’ygan soliqlarga qarshi bosh ko’taradi. G’azabga to’lgan namoyishchilar ingliz choyini dengizga sochadi. Shundan beri soliqqa yo’q deb chiqish “choychilik” deya talqin qilinadi.

Bugun choychilarning asosiy talabi – hukumatning jamiyatdagi rolini pasaytirish. Shuningdek, ular prezident Barak Obamani xususiy sektor ustidan nazoratni oshirayotganlikda va shu tariqa kapitalizmga raxna solayotganlikda ayblaydi.

Obama yetakchiligidagi Demokratik Partiya nazarida choychilar jamiyatni orqaga surishga urinayotgan kuchlar. Choychilar esa prezident va uning tarafdorlarini sotsializmda ayblaydi.
Obama yetakchiligidagi Demokratik Partiya nazarida choychilar jamiyatni orqaga surishga urinayotgan kuchlar. Choychilar esa prezident va uning tarafdorlarini sotsializmda ayblaydi.

“Choychilar” harakati umrida siyosatga qiziqmagan odamlarni ham ortidan ergashtirgan.

“Hayotimda ilk bor namoyishga chiqdim. Federal hukumat hamma narsaga xo’jayin. Qanday yashash kerak, ishlash kerak… Soliqlardan to’ydik. Ularni pasaytirsin”, - deydi Vashingtonga kelgan choychi bir ayol.

“Choychilar” – 2008-yilda yuz bergan iqtisodiy inqiroz mahsuli. Bugun bu harakat a’zolarini har yerda uchratasiz. Kongress a'zolarining kamida 60 nafari o'zini yo choychi yo ular tarafdori deb biladi. Qonunchilik organida jami 535 a'zo bor. Vakillar Palatasida 435, Senatda 100.

Xerman Keyn, choychilardan chiqqan arbob, prezidentlikka da'vogar. Uning asosiy taklifi shuki, hamma narsani bozor hal etishi kerak. Amerikaliklar nolishni bas qilib, iqtisodiy qudratini oshirish uchun harakat qilishi kerak.
Xerman Keyn, choychilardan chiqqan arbob, prezidentlikka da'vogar. Uning asosiy taklifi shuki, hamma narsani bozor hal etishi kerak. Amerikaliklar nolishni bas qilib, iqtisodiy qudratini oshirish uchun harakat qilishi kerak.

Aksariyat choychilar o’rtahol amerikaliklar, asosan, oq tanli, nasroniy fuqarolar.

Lekin qora tanli a’zolari ham bor. Ulardan biri Xerman Keyn, prezidentlikka da’vogar.

Yana biri, Anita Monkrif bir paytlar Barak Obama bilan mahalliy tashkilotlarda yonma-yon ishlagan. Lekin bugun u prezident va uning siyosatidan norozi.

“Men farovonlikka kapitalizm orqali erishamiz degan fikrdaman. Qashshoqlikning yagona yechimi - kapitalizm”,- deydi u.

“Choychilar” harakati noqonuniy immigratsiya, shuningdek, abort qildirish va gomoseksualizm, ayniqsa bir jinsdagi odamlarning oila qurishiga qarshi.

Lekin, deydi ular, bugun butun e’tibor davlat sarf-xarajatini kamaytirishda.

Choychilar Amerikaga immigrantlar oqimini cheklash kerak deydi
Choychilar Amerikaga immigrantlar oqimini cheklash kerak deydi

“Ijtimoiy muammolar ko’p, ular muhim. Lekin hozir diqqatimiz hukumatni yangilab, prezidentlikka munosib yaxshi bir odam topishda. Amerikani qarzdan chiqarish kerak",- deydi choychilardan biri.

Siyosiy tahlilchilar bu harakatga kichik, ammo kuchli bir to’da sifatida qaraydi. Byudjetdagi kamomaddan qutulish - asosiy talab. Lekin ular Demokratik Partiyaning bu boradagi biror taklifini yoqlamaydi. Prezident nima desa, yo’q deb turib olishgan. Respublikachilar mana shundan foydalanib, kelasi saylovga katta umid bog’lagan.

“Choychilar Respublikachilar Partiyasining eng qudratli bo’lagi. Demokratlar bilan til topisha oladigan, mo’tadil respublikachilar ulardan qo’rqib qolgan”,- deydi Mark Jouns, taniqli siyosatshunos.

Bugun Kongressning kamida 60 a'zosi o'zini choychi yoki ularning tarafdori deb ataydi
Bugun Kongressning kamida 60 a'zosi o'zini choychi yoki ularning tarafdori deb ataydi

Ko’plab amerikaliklar choychilarni keskinkinlikda, jamiyatni tarqoqlashtirayotganlikda ayblaydi. Ommaning bunday munosabati Obamaga qo’l kelishi mumkin.

“Obama choychilarni respublikachi-eksremistlar deb atab, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yo’l bermayotganlikda ayblaydi”,- deydi tahlilchi Jouns.

Ijtimoiy so’rovlardan ma’lumki, aksariyat saylovchilar ishsizlikni bugunning asosiy muammosi deb biladi. Ular hukumatdan yangi ish o’rinlari yaratish uchun sarmoya qilishni so’ramoqda.

Davlat qarzi va byudjetdagi kamomad ana undan keyin hal bo’ladi, deydi ular. Shu bois choychilar talabini umummamlakat talabi deyish qiyin. Saylovgacha yana bir yil bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG