Amerikada kecha Kongress uchun o’tgan saylovlarda 435 o'rinli Vakillar Palatasi respublikachilar qo’liga o’tdi. 2006 yildan beri bu organda demokratlar, prezident Barak Obamaning safdoshlari hukmron edi. Senatda esa demokratlar o'z kuchini saqlab qolgan, lekin u yerda ham bir necha o’rin respublikachilarga boy berilgan.
Saylovdan keyingi manzara… Kurashda kimdir g’olib, kimdir esa mag’lub. Bu safargi xalq tanlovida respublikachilarning qo’li baland kelishi oldindan aniq edi, deydi bo’lajak spiker Jon Beyner. Lekin, deydi u, aslida g'olib xalqning o'zi.
"Xalqimiz o’zgarish uchun ovoz berdi", - deydi Ogayo shtatidan qayta saylangan bu kongressmen, partiya yetakchisi.
Vakillar Palatasiga raislik AQShda prezident va vitse-prezidentlikdan keyin eng yuqori lavozim. Beyner prezidentni u bilan ishlashga chaqirmoqda.
“Vashingtonda ulkan o’zgarishlar qilishimiz kerak. Siyosiy yondashuvni yangilash kerak. Davlat vakolatlari va sarf-xarajatini oshirmay, har sohada qisqartirish haqida o’ylash kerak”,- deydi u.
Respublikachilarga bu g’alabada “Choychilar” degan o’ta konservativ harakat katta yordam berdi. Bu oqim kamroq soliq to’lash va hukumatni cheklashni talab qilmoqda. Senatga Florida shtatidan saylangan Marko Rubio, Kentuki shtatidan saylangan Rand Pol “Choychilar” harakati a’zolari.
Respublikachilar Senatni ham qo’lga olishi uchun ularga 10 o’rin kerak edi. Lekin bunga erisha olishmadi.
Senatning ko’pchilik a’zolari hamon demokratlar. Keksa senator Garri Rid ularning sardori bo’lib qoladi. Ayrim demokratlar partiyabozlikni bas qilib, respublikachilar bilan murosa qilishga undamoqda.
“Senator sifatida, yurt ravnaqini o’ylagan har bir amerikalik bilan ishlashga tayyorman”,- deydi demokrat demokrat Jo Manchin.
Bo’lajak spiker Jon Beyner murosa haqida og’iz ochayotgani yo’q. Respublikachilar ko’pchilik ekan, partiya o’z maqsadlarini olg’a suradi, deydi u.
“Vakillar Palatasi endi bizniki, har narsa qila olamiz deb o’ylashsa, respublikachilar kechirib bo’lmas xato qiladi. Amerika xalqi aynan mana shunday partiyabozlikdan charchagan”, - deydi Rid Uilson, siyosiy tahlilchi.
Amerikaning boshqa siyosatdonlari ham shu fikrda: xalq bu saylovda biror partiyani tanlagani yo’q.
Fuqarolar bugungi vaziyatdan norozi. Ularni qiynayotgan muammolar ortida har ikki partiya turgani hech kimga sir emas.
Barak Obama prezidentlikka kelganida siyosiy murosa haqida gapirgan edi. Respublikachilar u bilan ishlashdan bosh tortdi.
Bugun ular ko’pchilik ekan, prezidentning ishi yanada qiyinlashadi.