Breaking News

Beadablik AQShda yana bir arbobni hokimiyatdan qulatdi


Kongressmen Entoni Uiner va kelin Huma Abedin, 2010 yilning 10 iyuli, Nyu-York
Kongressmen Entoni Uiner va kelin Huma Abedin, 2010 yilning 10 iyuli, Nyu-York

Azim shahar Nyu-Yorkning minglab fuqarosi Kongressdagi vakilidan ayrildi. Sabab oddiy - mas'uliyatsizlik, ahmoqlik, yolg'on.

Bir qiyos

Tasavvur qiling. Dunyoda qancha qancha poraxo’r, yulg’ich, sizning haqqingizni ko’z oldingizda yeb, huzur qilib yurgan amaldorlar bor. Mamlakatingizda oxirgi marta kim mas’uliyatsizlikda aybdor ekanini tan olib, o’rnini bo’shatgan yoki bu masala ochiq muhokama qilingan? Yakkahokimlik ildiz otgan jamiyatlarda yuqori amalda o’tirganlar odatda davlat rahbariga yoqmay qolsagina, ishdan olinadi.

Siyosatchining shaxsiy hayoti bizning muammomiz emas degan tushuncha ham bor. Lekin shaxsan mas’uliyatsiz odam rahbarlikka, muhim amalda o'tirishga, sizning hayotingiz bilan bog’liq masalalar bilan shug’ullanishga arziydimi?

Amerikada siyosatga kirgan odam mana shunday chig’iriqdan o’tadi.

Kongressmen Uiner Vakillar Palatasi Adliya qo'mitasi a'zosi edi
Kongressmen Uiner Vakillar Palatasi Adliya qo'mitasi a'zosi edi

Demokratik partiya yulduzi

Nyu-Yorkning minglab fuqarosi 16 iyun kuni Kongressdagi vakilidan ayrildi.

Bu azim shaharga mer bo'lish niyatida yurgan Entoni Uiner (Anthony Weiner) ga kimlar havas qilmas edi.

O’rtahol yahudiy oilasidan chiqqan, o’ziga ishonchi baland, zehni o’tkir, so’zga chechan va xushbichim bu yigit avvalroq shahar kengashida vakil bo’ldi, keyin esa AQSh qonunchilik organiga saylandi. 46 yoshigacha Vakillar Palatasiga olti bor munosib ko’rildi. Demokratik partiyaning yorqin yulduzi edi u.

Vashingtondek siyosiy markazda o’z so’zini o’tkaza oladigan dono yigitga tegaman degan go’zallar ham qancha edi. Bu boradagi haqiqatu mish-mishlar ommaviy gazeta va jurnallardan tushmas edi. Gollivud yulduzlaridan tortib, taniqli jurnalistlar va ishbilarmon ayollar. Uiner 45 yoshigacha bo’ydoq yurdi.

Huma Abedin, AQSh Davlat kotibasi Xillari Kintonning o'ng qo'li. Klinton xonim bilan uning turmush o'rtog'i Bill Klinton prezidentlik davridan beri ishlab keladi. Xillari Klinton 2008 yilda prezidentlik uchun kurashganida Human Abedin saylov kampaniyasini
Huma Abedin, AQSh Davlat kotibasi Xillari Kintonning o'ng qo'li. Klinton xonim bilan uning turmush o'rtog'i Bill Klinton prezidentlik davridan beri ishlab keladi. Xillari Klinton 2008 yilda prezidentlik uchun kurashganida Human Abedin saylov kampaniyasini

Dunyodagi eng qudratli ayollardan biri Xillari Klinton 2008 yilda prezidentlik uchun bellashar ekan, uning yaqin yordamchisi Huma Abidin Entoni Uinerning yuragidan uribdi degan gap tarqaldi. Tez orada ular oshig’u-ma’shuq ekani ayon bo’ldi. 2010 yilning yozida Nyu-Yorkda dabdabali to’y qilindi. Kelin tomon yarim pokistonlik, yarim hindistonlik. Musulmon oila. Kuyov tomon dindor yahudiylar. Lekin turmush qurayotganlar dinini o’zgartirmadi. Sevgi-vafo e’tiqod tanlamaydi deyishdi. Ularning naqadar baxtli ekanini ko’rib, kim nima ham deya olardi.

Ko’zlari ishonch va quvonchga to’la Huma Abidin va Entoni Uiner bir-birining quchog’ida tushgan surat nafaqat Amerika balki Yevropa axborot vositalarida ham qayta qayta chop etildi. Siyosiy maydonda o’ziga xos qudratga ega bir oila.

2010 yilning noyabrida Entoni Uiner oltinchi bor Vakillar Palatasiga saylandi. Unga ovoz bergan nyu-yorkliklar kongressmendan ko’ngli to’qligini, Entoni Uiner ularning Vashingtondagi ishongan tog’i ekanini aytdi.

Kongressmen Uiner 2001 yilning 11 sentabridagi terror xurujlarida yaqinini yo'qotgan amerikaliklarga yaqindan yordam bergan
Kongressmen Uiner 2001 yilning 11 sentabridagi terror xurujlarida yaqinini yo'qotgan amerikaliklarga yaqindan yordam bergan

Lekin bu saylovda Uinerning partiyasi respublikachilarga boy berdi. Vakillar Palatasi butunlay ularning qo’liga o’tdi.

Hissiyotli, qichqirib gapiradigan Entoni Uiner, tele-ekranlardan tushmay qoldi.

Respublikachilarning ashaddiy tanqidchisi emasmi, sog’liqni saqlash sohasidan tortib, energetika va tashqi siyosatgacha, qarshi partiya olg’a urgan har bir qonun loyihasiga qarshi shu qadar keskin so’zlar ediki, oxiriga borib, ko’ziga yosh olar va “nega xalqni qiynaysizlar” deya hayqirar edi.

Tarafdorlar nazarida u haqiqiy vatanparvar, xalq vakili bo’lsa, tanqidchilar fikricha u masxaraboz, sahnadan tushishni istamaydigan safsataboz edi. Demokratik partiya a’zolari uni jangchi der edi. Har bir siyosiy harakatga mana shunday serg’ayrat, ehtirosli va ko’zga yaqqol tashlanadigan, xalq bilan bog’lana oladigan a’zo, liderlar kerak.

Lekin o’tgan kunlar ichida Demokratik partiya rahbarlari, Uinerning Kongressdagi safdoshlari bir ovozdan uni ishdan bo’shashga chaqirdi. Sabab oddiy.

2011 yilning 5 yanvari. Kongressga oltinchi bor saylangan Entoni Uiner qasamyod keltirmoqda.
2011 yilning 5 yanvari. Kongressga oltinchi bor saylangan Entoni Uiner qasamyod keltirmoqda.

Qilmish - qidirmish

Xalq ishonib, qonunchilikka saylangan Entoni Uiner beadablik qilgan.

Internetdagi ommabop saytlardan biri, “Twitter” da o’zining behayo suratlarini tarqatgan.

Kongressmen yarimyalang’och, shahvoniy ko’rinishdagi tasvirlarini o’smir qizlar va talabalarga yuborgan. Uiner ularga seks va jinsiy ishtiyoq haqida yozgan.

Bu qizlardan biri suratlar haqida matbuotga bildirgach, jurnalistlar kongressmenni savolga tuta boshladi. Entoni Uiner “bu bo’lmagan gap, men hech kimga bunday surat yubormaganman” deya axborot vositalarini yol’gon gaplar tarqatayotganlikda ayblay boshladi. Hatto “CNN” telekanaliga maxsus intervyu berib, kimdir uning nomidan behayo ishlar qilayotgani, internetda bunday ishlarni qilish oson ekani, ekspert guruh yollab, “Twitter”dagi adresiga qanday xuruj qilinganini tekshirtirayotganini aytdi.

Lekin matbuot tinchimadi. Har yondan “mana menga buni jo’natgan”, “ha, men bilan ham seks haqida gaplashgan” deya da’volar yangrayverdi.

Boshida uni himoya qilib chiqqan safdoshlarining birdaniga ovozi pasaydi. Qilmish – qidirmish. Entoni Uiner omma oldiga chiqib, aybni bo’yniga oldi.

"Seksting" mashmashasi

Kongressmen Uinerning internetda yosh qizlarga yuborgan suratlaridan biri
Kongressmen Uinerning internetda yosh qizlarga yuborgan suratlaridan biri

“Bo’ydoqlik davrimda ham, uylanganimdan keyin ham internetdagi ijtimoiy tizimlarda bir necha ayolga seksual ko'rinishdagi suratlarimni yuborganman, xatlar yozganman”,- deya tan oldi u.

“Ularning hech biri bilan jinsiy aloqada bo’lmaganman, bu faqat virtual munosabatlar edi..”

“Aybdorman, gunohkorman, chuqur iztirob va afsusdaman. Hammadan kechirim so’rayman, lekin Kongressdan ketmayman. Oilam bilan ajrashmayman. Rafiqamga hammasini ochiq aytdim. Bir-birimizni sevamiz. Bu og’ir vaziyatdan chiqib ketamiz”,- dedi Entoni Uiner, 6 iyun kuni Nyu-Yorkda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan.

Huma Abidin ishidan jilmadi. Boshlig’i Xillari Klinton bilan chet el safarlari, uzluksiz diplomatik uchrashuvlar, tinimgiz yugur yugur.

Uiner aybiga iqror bo’lganidan 1-2 kun o’tib, rafiqasining homilador ekani oshkor bo’ldi.

Bu orada esa har kuni yangidan yangi ma’lumotlar… Uiner yosh qizlarga uyatsiz narsalar yozgan, hatto pornografik kino yulduzlariga internetda suratlar yuborib, keyinchalik ulardan buni yashirishni so’ragan degan xabarlar na ekrandan, na radio to’lqinlaridan va na bosma matbuotdan tushdi. Internetda-ku Uinerning har bir so’zi, qadami, tasviri elakdan o’tkazildi.

Kongressning eng yuqori martabali a’zolari, jumladan demokratlar yetakchisi, sobiq spiker Nensi Pelosi, Demokratik Partiya rahbari Debbi Vozerman Shults, Senatda demokratlar sardori Garri Rid, hatto prezident Barak Obama Oq Uydan turib, Entoni Uinerni mas’uliyatsizligi uchun ishdan ketishga chaqirdi.

2011 yining 6 iyuni. Entoni Uiner aybni bo'yniga olgan kun.
2011 yining 6 iyuni. Entoni Uiner aybni bo'yniga olgan kun.

Amaldorlar namunali shaxslar bo'lishi shart

Aytishlaricha, Huma Abidin erining Kongressdan ketishiga qarshi bo’lgan. Nima qilib bo’lsada, o’rinni saqlab qol deya maslahat bergan. Siyosatning ichida yurgan odam-da.

Lekin Amerikada siyosatchi bo’lish chuqur mas’uliyat, temir iroda va toza vijdon talab qiladi. Bu yurtda “jamoatchilik sudi” degan tushuncha bor. Qilmishingiz jinoyat emasdir, lekin amalga saylangan har bir shaxs, bu vazifa qanchalik oliy yoki quyi bo’lmasin, har bir qadami uchun xalqqa javob beradi.

Amerikaliklar sizni biror idoraga sayladimi, bilingki, sizni namunali inson, ular manfaati uchun kurashishga qodir arbob deb biladi. Intellektual jihatdan qanchalik o’tkir bo’lmang, oddiy bir harakat yoki so’z bilan elning xafsalasini pir qilishingiz, omma orasida nufuzingiz tushib ketishi oson.
Axborot vositalarini bu mamlakatda bekorga “iskovuch-kuzatuvchi itlar” deyishmaydi. Qilmishingizning bir joydan isi chiqdimi, sizni tutmaguncha qo’yishmaydi.

Entoni Uiner, minglab fuqaroning ishonchini qozonib, Kongressda ne qonunlar chiqarib, nelarini bekor qilib o’tirgan shaxs, behayo elektron maktublari uchun jazolandi.

16 iyun kuni Nyu-Yorkda saylovchilar oldida turib, qilmishi uchun javob berdi. Ishdan ketishga qaror qilganini aytdi.

“Men el xizmatida bo’lishni istagan odamman va xizmat qilishda davom etaman. Ammo mening qing’ir ishlarim va bu mashama sabab muhim muammolar chetda qolib ketayapti. Xalq manfaati har narsadan ustun. Kongress oldida dolzarb masalalar turibdi. Men ishdan ketib, safdoshlarim diqqat e'tibori yana ishga qaratilishi kerak”,- dedi u, Demokratik Partiya yuziga dog’ tushirganini tan olar ekan.

2011 yilning 16 iyuni. Entoni Uiner Kongressdan ketdi.
2011 yilning 16 iyuni. Entoni Uiner Kongressdan ketdi.

"Meni kechiring"

Entoni Uiner Kongressdagi hamkasblari va do’stlariga telefon qilib, kechirim so’ragan.

Uni Huma Abidin bilan nikohlagan sobiq prezident Bill Klintonga “meni kechiring” deya iltijo qilgan. Huma Abidin Klintonlar oilasining Chelsidan keyingi ikkinchi qiziga aylangan axir. Vafosiz er nima ekanini Xillari Klinton yaxshi biladi. Yordamchisiga "bardam bo'l" deya maslahat bergan.

Entoni Uinerga endi nima bo’ladi qorong’u. Balki oilasini saqlab qolar, balki yo’q. Balki ruhiy muolaja natija berib, hayotini tiklab olar, balki yo’q. Shunisi aniqki, u sharmandalik azobini tortmoqda.

Entoni Uiner Amerikada yoki jahon tarixida ishqiy, seksual mojarolar sabab amaldan ketgan birinchi siyosatchi emas. Har yili bir necha arbob ushlanadi, “iskovuch itlar” qo’liga tushadi. Internet asrida bu juda oson. Izingizni aniqlash uchun bir necha soniya kerak xolos.

Internetda kim nima demaydi, shu ham aybmi deyayotganlar ko’p. Qancha erlar, qancha xotinlar vafosizlik qiladi. To’g’ri. Lekin amaldagi odam yuqori me’yorlarga binoan baholanadi.

Amerikaliklardan nima fikrdasiz deb so’rasangiz, ko’pchilikdan “E, ahmoq Uiner” degan gapni eshitasiz. “Nima haqda o’ylayotgan eding, shuyam ishmi”? – deya koyishadi. Ba’zilar nazarida esa gap uning nima qilganida emas, aynan shu ishga qo’l urganida, oqibatlari haqida o'ylamaganida.

Entoni Uiner bir yil oldin to’yida sevgilisi Huma Abidin bilan yuzini yuziga qo’yib, suratga tushayotganida, bu fotosuratlar mana shunday, sharmandali damlarda ommaga qayta qayta ko'rsatiladi deya o’ylamagan bo’lsa kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG