Qirg’izistonda siyosatchilar faqat yurtida olishadi deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Bu davlat deputatlari kuni kecha Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetining Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti (Johns Hopkins University Central Asia Caucasus Institute) minbaridan turib ham bahslashdi.
Ular bu yerga AQSh Kongressi qoshidagi Ochiq Dunyo Yetakchilik Dasturi orqali kelgan.
Qirg’izistondagi yangi tuzum, parlament boshqaruvi haqida so’zlar ekan, hukmron koalitsiya va muxolifat vakillari mamlakatdagi bugungi vaziyatni turlicha ta’rifladi.
Vashintonga Markaziy Osiyodan keladigan mehmonlar odatda uyatchan, kamtarin yoki mamlakati haqida biror tanqidiy narsa aytishga yuragi botmaydi.
Amerika siyosatdonlari, tahlilchi va jurnalistlar oldida so’zlaganida, ular o’z vatani haqida faqat ijobiy fikrlar bildiradi.
Vatandoshlarning birovning oldida bir-biri bilan tortishishi, menga bir qirg’iz ziyolisining eslatishicha, uyat. Lekin shu yurtdan kelgan yana bir ziyoli “Qirg’izistonda bu normal hol. Bu erkinlikdan dalolat”, - deydi.
Qirg’iz deputatlar yangi parlament, uning turli qo’mitalari va bugungi siyosiy hayotni izohlab berdi.
Jo’qorg’u Keneshda hukmron koalitsiya (“Ata Jurt”, Sotsial Demokratik Partiya va “Respublika”) vakillaridan biri Daniyar Terbishalievning aytishicha, hozir asosiy e’tibor adliya va ichki ishlar tizimlarini isloh qilishda.
Zarur qonunlar qabul qilinayapti, o’zgarish qilish uchun zamin hozirlanayapti, deydi u.
“Muammolar ko’p, ularni yechishga bel bog’laganmiz. Qirg’izistonni farovon, totuv va kuchli davlatga aylantishni o’z vazifamiz deb bilamiz”,- deydi u.
Dastan Bekeshev, muxolifatdagi “Ar-Namys” partiyasi a’zosi, parlamentning Inson huquqlari bo’yicha qo’mitasi raisi fikricha esa Bishkekda og’iz ko’pirtirgan bilan ish bitmaydi. Amalda hali ko’p narsa qilingani yo’q, deydi u, Daniyar Terbishalievning og’zidan gapini olar ekan.
“Men muxolifatdan bo’lsamda, qomita raisligini berishdi. Huquq himoyasi oson ish emas-da! Endi buyog’ini eshiting: qo’mitamizda faqat uch qonunchi o’tiradi. Chunki ish zerikarli – huquq, jinsiy tenglik va nogiron fuqarolar masalalari bilan shug’ullanamiz. Byudjet va moliya bo’yicha qo’mitada esa”, - deydi Dastan Bekeshev yonidagi boshqa qirg’iz qonunchilarga ishora qilib, “12-13 a’zo bor. Chunki pul u yerda”.
Dastan Bekeshevning izohlashicha, Qirg’izistonda militsiya, milliy xavfsizlik xizmati va qonun-tartibot tizimi harob bir ahvolda. Sistemani tozalash kerak, lekin bu oson ish emas, deydi u.
Qirg’iz deputatlari muammolarni rad etmaydi. Lekin bir-biriga gap bermaydi ham.
Internet saytlarga qo’yilayotgan cheklovlar haqida gap ketarkan, Terbishaliev, Bekeshev va boshqa deputatlar so’z va matbuot erkinligi to’liq ta’minlanishi tarafdori. Axborot vositalari bemalol ishlay olishi kerak va hokimiyat ularning faoliyatiga aralashmasligi lozim, deydi ular.
Ularni savolga tutamiz.
O’sh va Jalol-Obodda o’tgan yili yuz bergan qonli voqealarni tergov qilish uchun parlament qoshida maxsus komissiya tuzilgan edi. Bugungacha bu hay’at fojiani tekshirgan milliy va xalqaro komissiyani tanqid qilish bilan cheklanmoqda xolos. Maqsad nima o'zi? Haqiqatni aniqlashmi? Javobgarlarni tutib, sudga tortishmi? Bugungacha nega bunga guvoh bo’lmadik?
Daniyar Terbishaliev maqsad haqiqatni yuzaga chiqarib, adolatni ta’minlash deydi.
Dastan Bekeshev nazarida esa bu komissiya safsata sotish bilan band. Qonunchi bu hay’at va uning ishiga umid bilan qaramaydi.
Bishkekdagi rahbarlar janubni qanchalik nazorat qiladi bugun?
Daniyar Terbishaliev janub butunlay nazorat ostida va u yerda ahvol kun sayin yaxshilanib bormoqda.
Dastan Bekeshev fikricha ham janub nazorat ostida, lekin tub muammolar, xususan korrupsiya, jinoyatchilik, poraxo’rlik ildiziga bolta urilmas ekan, vaziyat yaxshilanmaydi.
Qirg’izistonda parlament tuzumi ish berishiga qanchalik ishonasiz deb so’ralganida, deyarli barcha mehmonlar bu usul mamlakat uchun eng ma’quli deb javob beradi. Kafolat berish qiyin, lekin sinab ko’rishdan boshqa iloj yo’q.
Dastan Bekeshev esa muammolar yangi tuzumga o’tish bilan hal bo’lib qolmaydi deydi. Gap boshqaruvda, qarorlarda va irodada.
Prezident saylovlari aynan qay kuni o’tishi aniq emas, ammo shu yil kuzda kutilmoqda. Da’vogarlarning ko’pi - parlament a’zolari.
Parlament boshqaruvida prezident vakolatlari pastroq bo’ladi, lekin o’nlab deputatlar bu lavozimga ko’z tikkan, deydi Dastan Bekeshev.
Hokimiyat uchun kurash tabiiy kurash emasmi, deya xayron bo’ladi Almazbek Batirbekov, “Respublika” partiyasi vakili.
Har bir siyosiy guruh hokimiyatga chiqishni orzu qiladi, shunday ekan Qirg’izistonda siyosatchiman degan odam rahbarlikka saylanishni istaydi, deydi u.
Parlament saylovlari bo’lsa, eng ko’p qonunchilik o’rinlarini va shu tariqa bosh vazirlikni egallashni istashadi, prezidentlik saylovi ekan, bu kursiga ham harakat katta.
Yangidan yangi va’dalar, ommaviy chiqishlar va bahslar. Qirg’iziston kichik va nochor davlat, lekin kelajagini demokratiyada ko’radi. Kelajak tomon qiynalib qadam tashlamoqda, lekin siyosatchilarning o’ziga ishonch baland. “Xalq bizga ovoz bergan”, - deydi ular.