Huquq, erkinlik va demokratiya… Xalqaro maydonda eng ko’p tilga olinadigan, inson uchun eng zarur ne’matlar va qadriyatlar deya ta’riflanadigan tushunchalar. Amerika o’zini bu borada global targ’ibotchi deb biladi. Targ’ibot esa moliya talab qiladi. Bugungi murakkab iqtisodiy vaziyatda AQSh buning uchun hamyonidan qancha pul chiqara oladi?
AQSh kelasi yil xorijda 61,5 milliard dollar sarflashni maqsad qilgan bo’lsa, shundan 37, 2 milliardi yordam uchun ajratiladi. 2010 yil bilan taqqoslaganda, bu 11 foizga oshgan. Tashqi yordam olti kategoriyadan iborat. Birinchisi, tinchlik va xavfsizlik. Ikkinchisi, adolatli va demokratik boshqaruv. Uchinchisi, xalq taraqqiyoti uchun sarmoya. To’rtinchisi - iqtisodiy rivojlanish, beshinchisi - gumanitar yordam va oltinchisi - dasturiy moliya.
Inson huquqlari va demokratiya targ’iboti ikkinchi kategoriyaga kiradi. Bu maqsadda jami 3,15 milliard ko’zda tutilgan. Aynan qonun ustuvorligi va huquq targ’iboti uchun 1 milliard dollardan ortiq ajratiladi. Fuqaro jamiyati uchun 503 million, siyosiy partiyalar rivoji uchun 215 million, odil boshqaruv uchun esa 1,4 milliard dollar.
Janubiy va Markaziy Osiyo - birinchi o’rinda. 1,3 milliardning 42 foizi Afg’oniston va Pokistonga atalgan. Adolatli va demokratik boshqaruv ham Janubiy, ham Markaziy Osiyoda eng nozik masalalardan biri ekan, 1 milliarddan oshiq pul Afg’onistonga ketadi, 153 milliondan ziyodi esa Pokistonga. 22 millionga yaqini Bangladesh, 9,5 millioni Qirg’iziston, qariyb 7 millioni Tojikiston, 3,5 millioni Qozog’iston, 3 millionga yaqini Turkmaniston va 2,7 millioni O’zbekistonga atalgan. Shuningdek, 7 millioni Nepalga, taqriban 5 millioni esa Shri Lankaga.
Qaysi davlatga qancha mablag’ ajratilishi ko’p jihatdan bu jamiyatlarda Amerika quvvatlagan dastur va loyihalar qanchalik meva berayotganiga bog’liq, qolaversa Kongress a’zolari ta’biriga. Bu programmalar AQSh agentliklari, mustaqil muassasalar, xalqaro va mahalliy nodavlat tashkilotlar tomonidan yuritiladi.
Mablag’ miqdori, albatta, juda muhim, lekin u berayotgan natija undan-da muhim.
Shon Roberts (Sean Roberts) xalqaro taraqqiyot bo’yicha yetakchi ekspertlardan. Jorj Vashington Universiteti professori. Amerika hukumatiga yordam dasturlari, xususan Markaziy Osiyodagi loyihalar bo’yicha maslahat berib keladi.
O’lkalar mustaqillikka erishib, Qo’shma Shtatlar bilan aloqalar va ko’mak dasturlari yo’lga qo’yilganiga 20 yil bo’layapti. Bugungacha, Amerika yordami nima meva berdi va ularni qay sohalarda ko’rish mumkin?
Shon Robert fikricha, Markaziy Osiyoda erkinlik va demokratiya targ’iboti samara bermadi, deyish xato bo’ladi. Bugun mintaqa bo’ylab fuqaro jamiyati degan tushuncha ancha ildiz otgan. Nohukumat tashkilotlarga jiddiy ko’z bilan qarashadi, amaldorlar ular ko’tarib chiqayotgan masalalarni chetga sura olmaydi. O’zbekiston va Turkmanistonda ular hamon kuchli bosim ostida, shunga qaramay ular uchun jamiyatda o’rin borligi tan olinadi.
Qirg’izistondagi inqiloblar odamlar siyosiy jihatdan faollashgani, haqqini talab qila boshlaganidan darak berdi. Lekin to’polon va tartibsizliklar qimmatga tushdi. Atrofdagi jamiyatlarda ko'plab odamlar shumi demokratiya deya qo'l siltadi.
Lekin xalq rahbarlardan to’yganini ochiq aytib, adolat talab qilishi – taraqqiyot, deydi Shon Roberts.
“Bugun Markaziy Osiyo katta bir chorrahada turibdi. Odamlar boshqacha rahbarlar, boshqacha boshqaruv istayotganini sezasiz. Prezidentlar keksayib borar ekan, ulardan keyin nima bo’ladi degan xavotir bor. Kelajak nima bo’ladi deb so’rayotganlar ko’p. Global maydondagi voqealar, arab dunyosidagi g’alayonlar odamlarni ancha sergak torttirgan. Demokratiya targ’ibotining samarasi shuki, odamlar bugun erkinroq fikrlay boshlagan, hattoki repressiv hokimiyat ostida ham”.
Demokratiya targ’iboti mo’jizaga yetaklamaydi, loyihalar uzoq muddatni ko’zlaydi. Dastlabki samara sizga yoqmasligi mumkin, chunki o’zgarishlar davri sarosimaga to’la bo’ladi, ammo astalik bilan xalq uyg’onganini sezish mumkin, deydi tahlilchi.
“G’arbcha demokratiya, g’arbcha erkinlik bizga kerak emas deb qarshilik ko’rsatayotgan odamlar ham o’z fikrini ochiq ayta boshlagani bir yutuq. Erkinlik yetishmasligi mahalliy muammo sifatida tan olinmoqda”.
Taraqqiyot va ko’mak dasturlari, xususan demokratiya targ’iboti Amerika uchun diplomatik qurol. Shuning uchun, hozirgi moliyaviy yetishmovchilikka qaramay, ko’plab loyihalar davom ettiriladi, deydi Shon Roberts, ayniqsa Xitoydek yirik davlat ham ularga zo’r berayotgan bir paytda.
“O’zbekiston chet el dasturlari uchun eng qiyin davlatlardan biri. Darvoza bunday proyektlar uchun deyarli yopiq. Hukumatga yoqsagina, unga tahdid sifatida ko’rilmasagina, programmaga ruxsat beriladi”,- deydi professor Roberts.
“Gap shundaki, har qanday loyiha samarasini oddiy odamlar his qila olishi kerak. Ular xalqqa ma’naviy oziqa berayaptimi? Jamiyatni ijobiy o’zgarishlar tomon yetaklayaptimi? Javob agar “ha” bo’lsa, bu dasturlarni olib borayotgan, grant olayotgan tomonlarga nisbatan har qanday tanqid va qoralash o’z-o’zidan o’rinsiz bo’lib qoladi”.
Masalan, deydi ekspert, Ukrainada nohukumat tashkilotlar donorlar nima istashi emas, loyiha nazarda tutgan qatlam, ya’ni odamlar uchun nima zarurligi haqida qayg’ura boshlagan. Mana shunday yondashuv odatda kutilgan natijani beradi. Bu degani donorlar ham rozi.
Shon Roberts deydiki, erkinlik va adolatli boshqaruv targ’ibotida asosiy maqsad fuqaroga ma’naviy va amaliy bilim berish, jamoatchilik fikr almashib, o’z kelajagi haqida mushohada yuritishida yordamlashishdan iborat bo’lishi lozim.
Deylik, rivojlanishning qanday modellari bor, jamiyatni erkinlashtirish, oshkoralikka erishishning qanday usullari bor? Dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda odamlarning o’zi tanlasin.
“Turli mamlakatlarda bo’lib, AQSh homiyligida olib borilayotgan dasturlar samarasi bilan tanishganimda, aynan fuqaro manfaatini ko’zlagan va shu yo’lda harakat qilgan loyihalar ijobiy natija berganini ko’raman”,- deydi Shon Roberts.
Amerika dollari, deydi professor, hammani ham xursand qilavermaydi, lekin o’ylab sarflansa, taraqqiyotga yetaklashi tayin.