“Amerika Ovozi” jamoatchi muxbiri, Toshkentda to’rt ayblov bilan sudga tortilgan Abdumalik Bobayevga 15 million, 72 ming so’m jarima solinadi. Mirzo Ulug’bek tuman sudi bugun shunday hukm chiqargan.
Abdumalik Bobayev Malik Mansur taxallusi ostida biz bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelar edi. “Amerika Ovozi” uni professional, mas’uliyatli jurnalist deb biladi.
Shu bois Toshkent shahar prokuraturasi unga qarshi jinoiy ish qo’zg’atganida, tashkilot buni qoralab, ayblovlarni bekor qilishga chaqirgan edi.
Abdumalik Bobayev O’zbekiston jinoiy kodeksining to’rt moddasini buzganlikda ayblanayotgan edi.
"139, 140 va 244-moddalarning 1-qismi, 3-bandi "b" va "v" qismlari, ya'ni haqorat qilish, tuhmat qilish va aholi orasida vahima uyg'otuvchi, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi xabarlar tarqatish va bu xabarlarni xalqaro tashkilotlar va chet eldan moddiy yordam olgan holda va mansab mavqeidan foydalanib tarqatish ayblari nazarda tutilgan edi. Shuningdek, 223-modda, ya'ni cheragani noqonuniy kesib o'tganlik aybi ham qo'yilgan edi".
Hukm hali rasman muxbirimizning qo’liga berilmagan. Abdumalik Bobayev uni sharhlab berar ekan, “jurnalistik faoliyatimni davom ettiraman” deydi.
"223-modda, ya'ni chegarani noqonuniy kesib o'tish bo'yicha ayblov olib tashlandi. Bu modda bo'yicha men oqlandim. Prokuror ham buni e'tirof etdi. Lekin qolgan moddalar bo'yicha men aybdor topildim. 15 million 72 ming so'm jarima belgilash haqida hukm chiqarildi",- deydi Bobayev.
Jurnalist o'zini aybsiz deb biladi va hukmdan norozi.
"Men o'zimga berilgan so'nggi so'zda aytib o'tdim, ya'ni bu ayblovlar mutlaqo asossiz va ularni rad etaman. Jurnalist sifatida faqat o'z vazifamni bajarganman. Mamlakatdagi muammolarni iloji boricha obyektiv yoritganman xolos".
Sud jarayonini yaqindan kuzatgan Abdurahmon Tashanov, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili, deydiki O’zbekistonda tanqidiy fikrlovchi insonlarga nisbatan tazyiq, ularni soxta ayblovlar bilan sudlash siyosati Abdumalik Bobayev ishi bilan to’xtab qolmaydi.
Bu bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan kampaniya, deydi u.
"Keyingilar-chi? Necha jurnalistga nisbatan hozir ish qo'zg'atilgan. Mana men va Surat Ikromovdek faollarga nisbatan ekspert xulosalari bor hozir. Huquq himoyachilarining bir qismini qamab, boshqalarini tazyiqqa olib mana shu holatga olib kelishdi".
Tashanov nazarida O’zbekiston bilan aloqalarini kengaytirishga, hamkorlikni oshirishga bel bog’lagan Obama ma’muriyati respublikada huquq ahvoli naqadar og’ir ekanini unutmasligi, xalq dardini tinglay olishi, aniq va oshkora siyosat yuritishi kerak.
"Ularning o'z tahlilchi va strateglari bor. O'zbekiston hukumat siyosatining qayoqqa ketayotganini biladi. Lekin ikkiyuzlamachi siyosat olib borilmoqda. Agar mana shu ishni pozitiv qadam, mana jurnalist Abdumalik Bobayevni qamashi mumkin edi, qamamadi deb amerikaliklar shunday xursand bo'lsa, bu juda yomon narsa. Uni keskin choradan asrab qolib, uning jurnalistik faoliyatiga halaqit beradigan bo'lsa yoki Abdumalik Bobayev qandaydir bir shartlar ostida ishlaydigan bo'lsa, bu Amerikaning mag'lubiyati. Undan xursand bo'lish kerak emas. Ular o'ylashi mumkin, "Mana biz O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga aytgan edik. Ta'sirimiz bor ekan, parda ortida aytgan edik, har holda qildi" deb. Mana shunday ko'nikma hosil bo'lib, bu bir siyosatga aylanadi. Eng yomoni mana shu",- deydi Tashanov.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi hukmga munosabat bildirib, darhol bayonot chiqargan.
“Biz sudning jurnalist Abdumalik Bobayevni qamoq jazosiga hukm qilmay ozod etganidan ancha yengil tortdik”,- deyiladi unda.
“Biroq elchixona mazkur ish O’zbekistondagi ommaviy axborot vositalari erkinligi bilan bog’liq vaziyatga daxldor ekanidan hanuz xavotirda”.
AQSh diplomatlari vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytmoqda.
Abdumalik Bobayev yozgan maqolalar, "Amerika Ovozi" efirga uzatgan lavhalar bilan amerikaovozi.com saytida tanishishingiz mumkin. Malik Mansur deb qidirsangiz bas.