Jurnalistlar Himoyasi bo'yicha Xalqaro Qo'mita (CPJ), Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot O'zbekiston hukumatidan Abdumalik Boboyevga bosim o'tkazishni bas qilishni talab qilmoqda.
Boboyev uzoq yillar davomida Malik Mansur taxallusi ostida "Amerika Ovozi" jamoatchi muxbiri bo'lgan. 2010 yilning oktabr oyida Toshkent sudi uni haqorat, tuhmat va jamoat xavfsizligiga raxna soluvchi materiallar tayyorlab tarqatganlikda aybdor deb topib, 15 million so'mdan oshiq jarima solgan edi. Apellyatsiya tartibida murojaat qilinganida, hukm kuchda qoldirilgan.
Jurnalist ham, "Amerika Ovozi" ham yuqorida keltirilgan ayblarni asossiz deb biladi.
AQSh hukumati ham Abdumalik Boboyev masalasi yuzasidan O'zbekiston hukumatiga norozilik bildirib, adolat ta'minlanishiga chaqirgan va sud ishini qoralagan.
Jarayonni kuzatgan huquq himoyachilari nazarida diplomatik undovlar sabab Boboyev qamalmadi, balki jarima bilan qutuldi. Lekin uning professional faoliyati to'xtatildi, jurnalistning og'zi yopildi, qalami olib qo'yildi.
Sudlangani bois Boboyevga endi xorijga safar qilishi uchun yo'l berilmayapti. Ruxsat so'rab topshirgan arizasi rad etilgan.
Germaniyadagi jamg'arma jurnalistni taqdirlab, bir yillik malaka oshirish dasturiga qabul qilgan va stipendiya taklif qilgan. Lekin "chiqish vizasi" yo'qligi bois u imkoniyatdan mahrum.
Jurnalistlar Himoyasi bo'yicha Xalqaro Qo'mita rahbari Robert Maxoni deydiki, O'zbekiston hukumatining Abdumalik Boboyevni chet elga chiqarmaslikka haqqi yo'q.
"Sud ishi allaqachon tugagan. Jurnalistga nisbatan barcha cheklovlar bekor qilinishi kerak", - deydi Maxoni.
Abdumalik Boboyev vaziyatni shunday tushuntiradi:
«Xorijga chiqish ruxsatini olish uchun shu yilning mart oyida Samarqand viloyat bo’limiga ariza bergan edim. Shu oy oxirida arizam qanoatlantirilmagani haqida xabar oldim. Xatda arizam qanday sababga ko’ra qanoatlantirilmagani aytilmagan bo’lsada, mening arizam qo’shimcha ravishda tegishli idoralar tomonidan o’rganilayotgani, o’zgarishlar haqida xabar yuborilishi bildirilgan edi.
Keyin menga xorijga chiqish va kirish bo’limining Respublika idorasiga uchrashish lozimligini aytishdi. U yerda xorijga chiqish ruxsati Toshkent shahar prokuraturasi qo’ygan taqiqga ko’ra berilmaganini bildim. Shundan so’ng Toshkent shahar prokuraturasida bo’lib, menga nisbatan qo’yilgan taqiqini bekor qilishlari haqida ariza yozib qoldirdim. Aprel oyida prokuratura javob xatini Respublika viza bo’limiga jo’natgan edi. Xatning natijasini bilish uchun borganimda, prokuratura meni xorijga chiqishimga qarshi emasligini, boshliq bilan suhbatdan o’tganimdan so’ng masala hal bo’lishini aytishdi. Boshliq safarda ekanligini aytib suhbatni 11 mayga qoldirishdi. 11 may kuni esa hujjatlarim yana o’rganilayotgani, aniq javob bo’lgandan keyingina boshliq suhbatiga kirishim mumkinligini bildirishdi. Xullas, xorijga chiqish ruxsatini olish sal kam uch oyga cho’zilayapti.
Avvaliga men viza berilmayotgani mahkama jarayoni bilan bog’liqdir deb hisoblagan edim, lekin prokuratura ruxsatidan so’ng boshqa sabablari haqida o’ylayapman.
Men jurnalistman va imkon qadar har doim O’zbekistondagi voqelik haqida xolis, to’g’ri axborot berishga harakat qilib kelganman. Bo’lib o’tgan mahkamada o’zimga nisbatan qo’yilgan ayblarni mutlaqo rad etganman. Agar aynan shuning uchun chiqish vizasi berilmayotgan bo’lsa, nazarimda bu jurnalistga ko’rsatilyotgan qo’shimcha bosimdan boshqa narsa emas. Mahkama yuzasidan o’tgan yil hukm chiqqan, davlatdan qarzim yo’q, xorijga chiqish esa har bir fuqaroga tegishli oddiy huquq.«