AQSh Davlat departamenti, tashqi ishlar vazirligi, nazarida O'zbekistonda "Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkilotining yopilayotgani afsuslanarli hol.
Obama ma'muriyati bu masala yuzasidan Islom Karimov va uning rahbariyatiga norozilik bildirib keladi.
Adliya vazirligi uni qonunlarni buzganlikda ayblar ekan, Oliy Sud 9 iyun kuni bu tashkilot vakolatxonasini yopish haqida hukm chiqardi.
"Human Rights Watch" dunyo bo'ylab insonlar manfaati yo'lida muhim rol o'ynab kelayotgan muassasa va O'zbekistonda faoliyati to'xtatilayotgani salbiy hol, deydi Mark Toner, Davlat departamenti so'zlovchisi.
Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot uzoq yillardan beri O'zbekistonda huquq bilan bog'liq vaziyatni og'ir deya ta'riflab, bu borada hisobot berib keladi. Qamoqxonalardagi qiynoqlar, siyosiy tazyiq va asossiz hisbga olish hollari haqida minglab bet ma'lumot to'plangan.
2010 yilning oxirida uning vakili Stiv Sverdlov Toshkentdan bosim ostida chiqib ketgan. Mamlakatda 1996 yildan beri ishlab kelayotgan "Human Rights Watch" o'z faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat so'ragan edi.
"Amerika Ovozi" kuni kecha Davlat kotibining region bo'yicha o'rinbosari Robert Bleykdan bu borada so'raganida, bosh diplomat "O'zbekiston hukumati bilan gaplashayapmiz" deya javob berdi.
Endilikda Toshkentda "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatidan boshqa mustaqil huquq tashkiloti qolmagan.
Bu jamiyat rahbari Vasila Inoyatova fikricha "Human Rights Watch" ning chiqarib yuborilishi mamlakatda huquq o'ta nozik masala bo'lib qolayotganidan, hukumat mavjud ahvolni xalqaro hamjamiyatdan yashirishga urinayotganidan dalolat beradi.
O'zbekiston hukumati "Human Rights Watch"ni noxolislikda, respublika qonunlariga ko'z yumib, ularni buzganlikda va bu tashkilot mutaxassislarni uquvsiz va tajribasizlikda tanqid qilib keladi.