Breaking News

Xalqaro Amnistiya va Human Rights Watch: Qirg'izistonda adolat qaror topmasa, tinchlik bo'lmaydi


O'sh, iyun 2010
O'sh, iyun 2010

Inson huquqlari bo'yicha Xalqaro Amnistiya tashkilotining ogohlantirishicha, Qirg'izistonda adliya tizimi tuzatilmas ekan, zo'ravonliklar yangidan boshlanishi mumkin.

Londonda asoslangan bu muassasa nazarida O'sh va Jalol-Obodda bir yil oldin sodir bo'lgan etnik to'qnashuvlarda aybdor shaxslar jazolanmas ekan, avhol yaxshilanmaydi.

Qotillik, jinsiy zo'rlash va qiynoqlar uchun kim javob beradi? Xalqaro Amnistiya mana shu savolni o'rtaga tashlab, hukumatni adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.

Tashkilotning bildirishicha, Qirg'izistonda ozchilikdagi elatlarni kamsitish hollari davom etmoqda, adliya tizimi esa bunga ko'z yummoqda.

"Barcha qonunbuzarliklar, shu jumladan insoniyatga qarshi jinoyatlar ham tergov qilinishi, aybdorlar jazolanishi kerak. Adolat qaror topmas ekan, jamoalar o'rtasida ishonch tiklanmaydi", - deyiladi Xalqaro Amnistiya bayonotida.

Bugun inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi yana bir tashkilot ham shunday mazmunda bayonot chiqargan. Human Rights Watchning aytishicha, Qirg'iziston hukumati olib borgan tergov noxolis bo'lib, undan asosan o'zbeklar jabr ko'rgan. Bu esa tomonlarni yarashtirishga qaratilgan barcha harakatlarga pand bermoqda.

Har ikki guruhning taajjub bilan ta'kidlashicha, 2010-yil zo'ravonliklarida asosiy jabrdiyda o'zbeklar bo'lishiga qaramay, aynan shu millat vakillari hibsga olinganlarning 85 foizini tashkil etadi.

Human Rights Watch deydiki, militsiya va harbiylar o'zbek mahallalariga hujumlarning oldini olishga, ularni himoya qilishga harakat ham qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG