Qirg’izistonda o’tgan yilning yozida janubda ro’y bergan xunrezlik qurbonlari xotirlanmoqda.
Davlat idoralari va Qirg’izistonning xorijdagi vakolatxonalarida bayroqlar tushirilgan. Tong soat 9 da bir daqiqalik sukut saqlandi.
Prezident Roza Otunbayeva, parlament spikeri Axmatbek Keldibekov va boshqa rasmiylar O’shda fojianing bir yilligiga bag’ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.
“So’nggi 20 yilda ikki marotaba ro’y bergan qonli voqealardan hammamiz to’g’ri xulosa qilishimiz, jamiyatda tolerantlik-bag’rikenglik g’oyalarini keng targ’ib qilishimiz kerak”, - deydi Otunbayeva.
“O’sha mash’um kunlarda otishma, talon-taroj, vahshiylik, hamyurtlarimiz halok bo’lgani, uylari yonib kul bo’lgani sir emas. Shu bilan birga bir-biriga yordam qo’lini uzatgan bag’rikeng insonlarni ham ko’rdik. Yuzlab qirg’izlar o’zbeklarning uyida yashirindi, yuzlab o’zbeklar qirg’izlar uyida panoh topdi, ular bir-birini qutqardi. Bu haqiqatga ham ko’z yuma olmaymiz”, - deydi Roza Otunbayeva.
Qirg’iziston rahbari O’shda “Onalar ko’z yoshi” deb nomlangan haykal-yodgorlikning ochilish marosimida qatnashdi.
Boshini bir-birining yelkasiga qo’yib, yig’lab turgan qirg’iz va o’zbek ayoli aks etgan kompozitsiya 2010 yil voqealarida halok bo’lgan insonlarga bag’ishlanadi.
Xotira marosimida so’zlagan prezident Otunbayevaning ogohlantirishicha, milliy fojiadan o’zining siyosiy maqsadlari yo’lida foydalanishga, ikki xalq orasiga adovat urug’ini sepib, ularni bir-biridan ajratishga harakat qilayotgan kuchlar hali ham ishini davom ettirayapti.
Xalqaro Amnistiya va Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Qirg’iziston rahbariyatini bir yil oldingi etnik to’qnashuvlar yuzasidan o’tkazilgan xalqaro tergov va uni olib borgan komissiya tavsiyalarini bajarishga chaqiradi.
Aybdorlar jazolanmas ekan, zo’ravonliklar yangidan boshlanishi mumkin, deyiladi ularning bayonotida.