Breaking News

Qirg’izistonda prezidentlikka 83 kishi da'vogar


Saylovlar 30 oktabrga belgilangan. Roza Otunbayevaning prezidentlik muddati 2011 yilning 31 dekabrida nihoyasiga yetadi.
Saylovlar 30 oktabrga belgilangan. Roza Otunbayevaning prezidentlik muddati 2011 yilning 31 dekabrida nihoyasiga yetadi.

Qirg’izistonda prezident saylovlarining dastlabki bosqichi, ya’ni nomzodlarni ko’rsatish jarayoni yakunlandi.

Navbat endi hujjatlarni tekshirib, ularni rasman qayd etishga. Har bir da’vogar 25-sentabrgacha kamida 30 ming imzo yig’ib, qirg’iz tilidan imtihon topshirishi shart.

Markaziy Saylov Komissiyasining ma’lum qilishicha, 83 kishi prezidentlikka da’vogar.

67 nafari mustaqil ravishda nomzodini olg’a surgan, 16 kishini, jumladan, amaldagi Bosh vazir Almazbek Atambayevni partiyalar ko’rsatgan.

Bu safargi bellashuv da’vogarlar ko’pligi bilan farqli, deyilmoqda. O’shlik qalamkash Akbar Abdullayev fikricha:

“Bu demokratiyaning bir ko’rinishi bo’lsa kerak. Shunaqa desak ham bo’ladi. Elimizda bir gap bor – jo’jani kuzda sana. Barchasi nomzodlar davlat tili imtihonidan o’tganidan keyin boshlanadi”, - deydi Akbar Abdullayev.

O’shdagi “Luch lotosa” (Nilufar gul shu'lasi) nomli nodavlat tashkilot rahbari, taniqli olim Bolush Saiyev nazarida esa:

“Bu turli guruhlar o’rtasidagi, ayniqsa, eski va yangi siyosatchilar o’rtasidagi yashirin kurashdan dalolat beradi”.

Nomzodlar safida ishsizlar borligi e’tiborga loyiq.

“Ishsiz odamda pul qaydan bo’lsin? Demak, nomzodlarning ko’pi keyinchalik, saylovoldi kurash jarayoni o’rtasi yoki oxirida kuchli kandidatlar bilan kelishadi. Bularning shunday maqsadi bor deb o’ylayman”, - deydi Akbar Abdullayev.

Bolush Saiyev fikricha, 150 ka yaqin siyosiy partiya faqat 16 nomzod ko’rsatgani partiyalar orasida hamfikrlik, birlik yo’qligi bilan izohlanadi.

“Partiyalar bir liderni saylab, uning nomzodini ko’rsata olmayapti. Umuman, siyosiy ahvol haqida so’z yuritsak – bu o’ta qiyin masala", - deydi u.

"Sababi siyosatchilarning harakatlari kutilmagan, standartlarga sig’maydi. Menimcha, nomzodlarning aksari saylovlar haqidagi qonun talablarini bajara olmaydi. O’nlab kandidatlar saylov musobaqasidan chiqib ketishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Ko’pchilikni saylovda qanday targ’ibot usullari, texnologiyalar qo’llanishi qiziqtiradi.

Kuzatuvchilar o’tgan yilgi parlament saylovlari paytida ayrim siyosiy kuchlar kriminal guruhlar xizmatidan ham foydalanganini eslatadi.

“O’lkamizda 20 yil davomida amalda sinalgan texnologiyalar bu gal ham qo’llanadi. Ma’muriy resurslar esa nazarimda uncha ishlatilmaydi. Sababi boshqaruv tizimlari kuchsiz. Kuchi bo’lmagan davlat idoralari qanday ma’muriy resurslardan foydalanadi?"

"Menimcha, saylovchilar ko’proq nomzodlarning shaxsiy fazilatlariga, el orasidagi obro’siga e’tibor beradi. Ayni paytda hech kimga sir emas, turli klanlarning ham ta’siri bo’ladi bu saylovlarda”, - deydi Bolush Saiyev.

Akbar Abdullayev fikricha, yangi texnologiyalari ommaga bildirilmagan holda ishlatiladi.

“El orasidagi agitatorlar ham katta rol o’ynaydi”, - deydi u.

Aytish joizki, Qirg’izistonda prezident olti yilga saylanadi. Nomzodlar 35-70 yoshlar orasida, shu davlat fuqarosi bo’lishi va so’nggi 15 yil mamlakatni tark etmagan bo’lishi kerak.

XS
SM
MD
LG