O’tgan yili yozda O’sh va Jalol-Obodda yuz bergan xunrezliklar yuzasidan tekshiruv olib borgan xalqaro komissiyaga finlyandiyalik arbob Kimmo Kilyunen raislik qilgan.
Uning yakuniy xulosalaridan biri shuki, fojiada asosan o’zbeklar aziyat chekkan va ayrim jinoyatlarni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atash mumkin.
Qirg’iziston parlamenti nazarida bu hay’at ishi noxolis va Kilyunen etnik nafrat uyg’otuvchi material tayyorlagan. Kuni kecha qabul qilingan qarorga ko’ra, Kilyunenning Qirg’izistonga kirishi man etiladi.
Komissiya o’z vazifasini sidqidildan bajardi deb kelayotgan Kilyunen va u a’zo Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi bundan afsusda. Maqsad haqiqatni aniqlash edi, endi bu faktlar siyosiy doiralarga yoqmasa nachora, deydi u.
Bu hafta Qirg’iziston parlamenti a’zosi va “Ata Meken” sotsialistik partiyasi vakili Ravshanbek Sobirov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonga safar qilib, davlat idoralari, nohukumat tashkilotlar va axborot vositalari bilan muloqot qildi.
Maqsad - xalqaro komissiya hisoboti yuzasidan Qirg’iziston rahbarlarining fikr-qarashlarini tushuntirish.
Biz bilan parlament qaroridan oldinroq gaplashgan deputat Sobirov deydiki, etnik hamjihatlikka erishish – eng ustuvor vazifa.
Sobirov - Jokorku Keneshga saylangan ilk tojik qonunchi. “Amerika Ovozi” bilan o’zbek tilida suhbat qilar ekan, xalqaro komissiya ishini qisman ijobiy baholaydi.
Deputatlar orasida fikrlar turlicha, deydi Sobirov, lekin finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen raislik qilgan bu hay’atning tavsiya-maslahalatlariga quloq tutib, zarur choralar ko’rish – davlatning burchi. Ammo, deya qo’shadi Sobirov, bu tekshiruv har tomonlama pishiq va mukammal emas.
Qirg’iziston parlamentida bu mavzu ustida ishlayotgan maxsus komissiya tinglovlar o’tkazib, masalani ochiq muhokama qilgan.
Ravshanbek Sobirov va boshqa rasmiylar Vashington siyosiy-tahlil markazlari, xususan Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasi va AQSh Demokratik Instituti kabi dargohlarda bo’lib, bu davlat ziyolilari bilan fikr almashdi. O’zbek-qirg’iz mojarosi haqida amerikaliklar ko’p narsa bilar ekan, deydi Sobirov.
“Rekommendatsiyalarni albatta bajarish kerak, lekin (xalqaro komissiya hisobotida) yozilmay qolgan yerlari ham bor”,- deydi deputat.
Masalan qanday jihatlar?
“Masalan Oloy mehmonxonasida to’polon qanday boshlagani, Jalol-Obodda Sampa degan yer bor, u yerdagi voqea yozilmagan. Bundan tashqari yana bir asos gap - hukumat nima ish qildi? Buni yozgan emas. Hukumat o’sha kunlari vaqtli hukumat edi. Ular Bishkekda o’rnashib, regionlarda ancha kuchsiz edi. Kuchi oz bo’lgani tufayli mana shu narsa, uchinchi taraf deyapmiz, ya’ni provokatsiya orqali bo’lgan. Nega deganda, o’zbek va qirg’iz millati Qirg’izistonda azaldan yashab kelib, qarindosh-urug’, quda-anda bo’lib ketgan. O’zbeklar to’y qilsa, o’zbeklar borib, qirg’izlar to’y qilsa, o’zbeklar kelib… Mana shu faktorni ham hisobga olish kerak. Oddiy xalq orasida bunday mojaroga o’rin yo’q edi”,- deydi Ravshanbek Sobirov.
“Bu yerda ayrim liderlar provokatsiyaga berilib, pul, unvon va mansab ketidan quvib, mana shu 5-6 odam millatlar boshiga mana shunday kunlarni olib keldi. Bugungi kunda oddiy xalq vakillari, qirg’izmi yoki o’zbek, “bizga tinchlik bo’lsa bas” deyapti. Ular birga, yonma-yon yashayverishini aytayapti”.
Aytish joiz, xalqaro komissiya hisobotida Sobirov va uning safdoshlari ko’tarayotgan masalalar haqida ma’lumotlar berilgan. Mojaro xronologiyasi bitilgan.
Siyosiy manfaat uchun qora ishlarga qo’l urgan odamlar haqida gapirayapsiz… Aynan kimlarni javobgarlikka tutish kerak sizning nazaringizda?
“Inqilob natijasida hukumat almashgan paytda, ketayotgan rahbarlar hokimiyatni boy bermaslik uchun mana shunday narsalarga bordi demoqchiman-da! Bu yerda nafaqat siyosiy manfaat, balki moliyaviy-iqtisodiy, hududiy ta’sir kuchini saqlab qolishga urinish ham turibdi”,- deydi Sobirov.
“Bu yerda ochiq aytish kerak, qora kiyim kiygan odamlar jiplarga (mashinalarga) o’tirib olib, o’zbekni ham, qirg’izni ham birdek otishgan. Sen o’zbek, nari tur, sen qirg’iz, beri tur demagan. Qirg’iz-o’zbek bir-birini o’ldirayapti deb provokatsiya qilib, ikki xalqni bir-biriga qarshi qo’yishgan, urushtirishgan”.
Ravshanbek Sobirov deydiki, Oshda tarqatilgan mish-mishlar, asossiz gap-so’z xunrezlikka yetaklagan muhim omillardan biri. Xalqaro komissiya ham o’z xulosasida bunga katta urg’u beradi. Mish-mishlar ortida esa elatlararo ishonchsizlik, shubha va gumonsirash turibdi.
“O’zbeklar yotoqxonalarga kirib, qirg’iz qizlarni qattiq zo’rlab, keyin to’rtinchi qavatdan o’ldirib tashlashyapti degan gaplar tarqatilgan. Mana shu mish-mishlar oqibatida boshqa regionlardan odamlar to’planib kela boshlagan, chunki bu yotoqxonalarda ularning yaqinlari yashagan, O’shda ularning qizlari, qarindoshlari o’qigan”,- deydi Sobirov.
“O’zbeklarga esa bitta masjidga 200 dan ortiq o’zbek, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo’lgan odamni qamab, portlatib (yoqib) yuborishibdi deb aytishgan”.
Kuch strukturalari yaxshi ishlay olmagan, deya tan oladi Sobirov, lekin ular orasida o’z burchini ato etib, odamlarni qutqargan insonlar bor. Qirg’izlar o’zbeklarning, o’zbeklar qirg’izlarning hayotini saqlab qolgan hollar ko’p bo’lgan, deydi deputat.
Umuman olganda, deydi Ravshanbek Sobirov, fojia Bishkekda boshlangan. 7 aprelda Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ag’darilganidan to iyun oyining boshigacha kamida 200 joyda turli mitinglar o’tgan, to’polonlar ro’y bergan. Mayovka qishlog’ida turk-qirg’iz orasidagi janjalda uch kishi o’lgan. Bu voqea ortida ham Bakiyevning hamtovoqlari turgan va ular uchun etnik mojarolarni avj oldirish hokimiyatga qaytish uchun effektiv bir usul bo’lgan. Ayniqsa o’zbek-qirg’iz, ikki katta millatni bir-biriga qarshi qayrash samara beradi deb o’ylashgan, deydi deputat.
Bugun, deydi qonunchi, Qirg’izistonda etnik taraqqiyot bo’yicha yangi konsepsiya va dastur ishlab chiqilgan. 80 dan ortiq elat vakili yashaydigan yurtda bu asos hujjatlardan biri bo’lishi kerak. Unda tenglik va erkinlik, til va tarix, vatanparvarlik va baynalmillallikni targ’ib qilish, bu borada ta’limni kuchayritish, Qirg’iziston barcha fuqarolarning umumiy uyi degan tushunchani singdirish kabi maqsadlar ko’zlanadi.
Ravshanbek Sobirov ta’biricha, odamlar orasida ertangi kunga umid uyg’otish, yoshlar qay elatdan bo’lmasin shu vatan uchun xizmat qilishni o’rganib, muhim sohalarda o’z o’rnini topishga intilishi uchun sharoit yaratish kerak.
Qirg’izistonda urg’uni qirg’iz, o’zbek, rus yoki tojikka emas, "qirg’izistonlik" degan muhim bir so’zga berish kerak, deydi deputat.
“Men vatanim Qirg’iziston deb bilaman. O’zbeklar ham o’zini qirg’izistonlik deb biladi. Saylovda yurgan vaqtimizda odamlar shunday taklif bilan chiqishdi: Qirg’iziston fuqarosining pasportiga elatini yozmasak. Agar fuqaro buni istasa, mayli yozishsin, lekin u yerga faqat “qirg’izistonlik” deb yozilsa ma’qul bo’ladi. Bu masalani men hozir parlamentda ko’tarayapman. Bu narsani oxiriga yetkazamiz va xudo xohlasa, har bir fuqaro “men qirg’izistonlikman” deb faxrlanadigan vaqtlar keladi”.
Lekin bugun Qirg’izistonda barcha fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun nima ishlar qilinmoqda?
Ravshanbek Sobirov 2010 yil juda xavfli davr bo’ldi deydi. Lekin yangi parlament saylandi, davlat tizimi isloh qilina boshladi.
“Erkin va oshkora saylovlar o’tkazdik”,- deydi u. “Regionda birinchi marta parlament boshqaruvi yo’lga qo’yildi”.
Ammo bular hozircha faqat qog’ozda emasmi? Odamlar demokratiya haqidagi hujjatlarga qarab o’zini xavfsiz his eta olmaydi axir.
“Bugungi kunda kuch strukturalari, xavfsizlik, maxsus xizmat, militsiya va adliya, hammasi isloh qilina boshladi. Sudyalarimiz juda toza bo’lishi kerak, mustaqil bo’lishi kerak. Militsiya xodimlarini ham tozalab, toza insonlarni olib kelish kerak”,- deya javob beradi Sobirov.
“Qirg’izistonda kimki yashasa, qirg’iz, o’zbek yoki tojik, hammasi qonunga bo’ysunishi kerak. Qonunga hammamiz birdek bosh egib yashashimiz kerak”.
Qirg’izistonda tizim o’zgargan bo’lishi mumkin, ammo siyosiy mentalitet o’zgarmagan. Arboblar poraxo’r va yulg’ich, xalq foydasi emas, o’z manfaatini o’ylaydi, eski toz eski hammom deb baholayotganlarga nima deysiz?
"Parlament davlati bo’ldik. Parlament, hukumat va prezident… Uch tomon har bir masalani qattiq muhokama qilib turib, keyin bir qarorga kelinayapti. Bugun yuqori lavozimda ishlaydigan odamlar qo’rqib qolgan. Biladiki, biror noto’g’ri narsa qilsa, parlament shu qadar demokratikki, hatto prezidentmi yoki vazir, bu ayon bo’ladi. Har birining qo’liga urib, korrupsiyani to’xtating, poraxo’rchilikni to’xtating, davlatlarni oldinga siljishi uchun bu katta to’siq degan siyosat ketayapti. Bugun, masalan, vazirlar o’z puliga ham bir narsa olishga qo’rqib qoldi. Chunki, parlament hamma narsani nazorat ostiga olayapti. Shuning uchun, xudo xohlasa, men o’ylaymanki, bizning parlament tizimimiz sal tomirlab olsa, kelajagimiz porloq… Umidlar katta va ular amalga oshadi deb o’ylayman”, - deydi Qirg’iziston parlamenti deputati, “Ata Meken” sotsialistik partiyasi a’zosi Ravshanbek Sobirov.