Breaking News

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi


Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

Bugun Qirg’izistonda milliy komissiya iyun oyida janubda yuz bergan qonli voqealar yuzasidan o’z xulosalari taqdim etgan.

"Hukumat va xavfsizlik tizimi epsizlik qildi"

Komissiya raisi Abdug’ani Erkebayevning bayon qilishicha, muvaqqat hukumat mamlakat janubida vaziyat qanchalik tahlikali va etnik nizolar xavfi kun sayin oshib borayotganiga ahamiyat qaratmagan va zarur choralar ko’rmagan.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

“Afsuski, muvaqqat rahbarlar maxsus xizmatlar berayotgan ma’lumot va kelayotgan signallarga e’tibor bermagan”,- deydi Erkebayev.

“Shu bois bo’lib o’tgan voqealarda hukumatning aybi bor. Lekin asosiy ayb kuch organlarida. Milliy xavfsizlik xizmati Qirg’iziston rahbariyatini tahdid haqida ogohlantirgan, ammo zarur qarorlar qabul qilinmagan. Maxsus xizmatning vazifasi faqat ma’lumot berish emas, balki xavfni baratarf etish hamdir. Ular bu vazifani bajarmagan”,- deydi Erkebayev.

"Botirov, Bakiyevlarda edi gap"

Komissya xunrezliklar Jalol-Obodda boshlangan deya xulosa qilmoqda. Bunda asosan o’zbek yetakchisi va tadbirkor Qodirjon Botirov, uning tarafdorlari hamda 2010 yilning aprelida prezidentlikdan ag’darilgan Kurmanbek Bakiyevning oilasi va yaqinlari ayblanadi.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

O’zbeklar Qirg’izistondan ajralib chiqmoqchi yoki avtonomiya talab qilmoqchi degan da’volar asossiz ekani aytilib, Jalol-Obodda Bakiyevning uylari yoqib yuborilganidan keyin boshlangan to’polon etnik to’qnashuvlarga aylangan deyiladi. Qodirjon Botirov tumanma-tuman yurib, o’zbeklarni qirg’izlarga qarshi qayraganlikda ayblanadi. Bu ishlar keskin tus olib, tezlikda O’shga ham o’tgan va Botirovning u yerdagi hamtovoqlari ham mitinglar tashkil qilib, hukumatga talablar qo’ya boshlagan, deyiladi xulosada. Komissiya nazarida o’zbeklar ikki narsaga urg’u bergan: o’zbek tili davlat tili bo’lishi kerak va davlat organlaridagi o’rinlarning 30 foizi bu elat vakillari uchun ajratilishi lozim.

Bu talablar ba’zi qirg’izlarni g’azablantirgan va bir necha joylarda to’polonlar, olishuvlar kuzatilgan. Bundan odamlarni vahima bosgan, turli mish-mishlar tarqala boshlagan. Masalan, o’zbeklar qirg’iz ayollarini zo’rlabdi degan.

“Bu gapni isbotlovchi biror dalil yo’q qo’limizda”, - deydi komissiya raisi.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

“Xalqlarni ayblamang”

11 iyun kuniga borib, O’shga chetdan qirg’iz yoshlari yig’ila boshlagan, to’qnashuvlar, talon-taroj, tajovuz va qotilliklar boshlanib ketgan.

Abdug’ani Erkebayev fojiada biror millatni ayblash adolatdan emas deydi. Bu ma’lum bir shaxslarning mas’uliyatsiz xatti-harakati sabab vujudga kelgan holat, deydi u.

Ekstremist kuchlar, jinoiy to’dalar, qoradori

Komissiya raisi deydiki, Bakyevning o’g’li Maksim va ukasi Janish chet eldagi ektremist kuchlar bilan muzokaralar qilgani haqida isbot-dalil yetarli. Ular ham fojiaga katta hissa qo’shgan,shuningdek, jinoiy to’dalar, qoradori savdogarlari aralashgan.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

Turli rasmiylar, mas’ul shaxslar bilan savol-javoblarga tayangan holda shuni aytish mumkinki, deydi Erkebayev, fojiada Rossiya va Amerika maxsus xizmatlarining ham qo’li bor .

Komissiya muvaqqat hukumatni ichki ishlar boshqaruvini “yaramas” odamlar qo’liga topshirganlikda aylbab tanqid qiladi. O’shda tinchlikni saqlash uchun kuchlar yetarli bo’lmagani, mavjud tizim ham zarur malaka va uquvga ega bo’lmagani qayd etiladi. Jinoiy to’dalar ulardan osongina foydalangani ta’kidlanadi.

Nechta ish ochildi, necha kishi, kimlar o’ldi?

Hozirgacha yig’ilgan ma’lumot shuki, qirg’indan keyin 426 jasad topilgan, ulardan 381 ning shaxsi aniq. 276 nafari o’zbeklar, 105 nafari esa qirg’iz. 2000 ga fuqaro va 200 harbiy jarohatlangan. Fojia O’sh va Jalol-Obodga jami 4 milliard so’mlik (taxminan 85 million dollar) zarar yetkazgan.

562 jinoiy ish ochilgan. 306 odam ushlangan. 271 fuqaro qamoqda. Ulardan 230 nafari o’zbek, 39 nafari qirg’iz va ikki nafari chet el fuqarosi.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

Hukumat jim o’tirdi, qiynoqlarga ko'z yumdi, mahbuslar asosan o'zbeklar

Komissiyaning bildirishicha, rahbarlar O’sh va Jalol-Obodda nima bo’layotgani haqida rasmiy bayonotlar bermagani va aniq ma’lumotlar yetishmagani sabab ham omma orasida vahima va qo’rquv keng tarqalib, beqarorlikka hissa qo’shgan.

Abdug’ani Erkebayevning aytishicha, huquq-tartibot organlari tartibsizliklarda ayblanib qo’lga olingan shaxslarni qiynoqqa solgan. Mahbuslar asosan o’zbek ekani tan olinadi.

Komissiya raisining tasdiqlashicha, janubdagi fojiada ishtirok etganlardan biri Azimbek Beknazarovning o’g’li bo’lgan, shuningdek boshqa siyosatchilarning yaqinlari ham qatnashgani ma’lum.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

Komissiya tavsiyasi

Komissiyaning Qirg’izistonning yangi rahbariyatiga tavsiyasi shuki, qirg'in paytida bosh vazir o'rinbosari bo'lgan Azimbek Beknazarov, janub uchun maxsus vakil Ismoil Isokov, Ichki ishlar vaziri Bolot Sherniyazov, xavfsizlik kuchlari boshlig'i Keneshbek Duishebayev, Bosh prokuror Boytemir Ibrayev hamda O’sh, Jalol-Obod viloyatlari va shaharlari hokimlari, qolaversa, Mayluu-Suu rasmiylarini javobgarlikka tortish kerak.

Ibrayev hozirda iste'foga chiqqan. Isokov va Bolot Sherniyazov parlamentga saylangan. Beknazarov va Duishebayev esa hamon o'sha lavozimlarda.

“Dunyoda bu singari fojialar yuz bergach, odamlar aybdor ekanini his etib, lavozimlarini o’zi xohlab bo’shatadi”,- deydi Abdug’ani Erkebayev, “Xohlamasa, undan majburan ketadi”.

Milliy komissiyaning yana bir tavsiyasi: hukumat elatlararo hamjihatlikni ta’minlash uchun qo’ldan kelgan barcha harakatlarni qilishi kerak.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

Har bir fuqaro – teng huquqli fuqaro. Organlar buni unutmasin.

Davlat organlari, ayniqsa, huquq-tartibot xodimlari respublika aholisi qay elatlardan tashkil topganini yaxshilab uqib olishi kerak, deydi Erkebayev, har bir fuqaro - teng huquqli fuqaro.

“O’zbeklar mamlakatimiz iqtisodiyoti, ta’lim va madaniyat sohasida nufuzli o’ringa ega bo’lsa-da, markaziy va mahalliy hokimiyatda oz sonni tashkil etgan. Xususan, Ichki ishlar vazirligi, xavfsizlik organlari, sud va prokuratura, armiya va boshqa tizimlarda. Ularning bu sohalarda to’laqonli ishlashi uchun imkoniyat yaratilmagan va milliy siyosatda bu narsa nazarga olinmagan”,- deydi Abdug’ani Erkebayev.

Uning fikricha, agar Qirg’iziston rahbarlari 1990 yili janubda ro’y bergan xunrezliklardan saboq olganida 2010 yilgi fojianing oldini olish mumkin edi.

“Afsuski, hech kim tegishli xulosa chiqarib, bu muammolar bilan jiddiy shug’ullanmagan, jumladan, o’sha paytda turli amallarda o’tirgan va keyinroq hokimiyatga kelgan odamlar”, -deydi Erkebayev.

Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi
Qirg'izistonda milliy komissiya iyun fojiasi yuzasidan hisobot berdi

“2011 yil to’lerantlik yili bo’lsin”

2011 yilni tolerantlik va birdamlik yili deb e'lon qilish kerak, deya tavsiya qilmoqda bu komissiya. Hukumat qirg’iz-o’zbekni hamjihatlikda yashashga chorlovchi dastur bilan chiqishi lozim.

Bosh prokuratura esa aybsiz va qonunga xilof ravishda hibsga olingan fuqarolar ishini o’rganib, tergov qilishi, adolatni ta’minlashi kerak.

Qirg’inda ishlatilgan qurol-aslaha, bronetexnika va boshqa vositalar qayerdan va kim orqali kelganini aniqlash, javobgarlarni topish kerak, deydi Erkebayev.

“Chetdan kelayotgan yordam qayerda?”

Yana bir nozik masala, respublikaga chet eldan kelayotgan yordamning qanday taqsimlanayotganini qayta ko’rib chiqib, aniq hisob-kitob qilish darkor.

Milliy Komissiya nazarida O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qo’shni davlatlardagi etnik fojiaga bosiqlik bilan javob bergan. O’zbekistonning qochqinlarga bergan yordami tahsinga sazovor, deydi Erkebayev.

Qirg'inni xalqaro komissiya ham tekshirmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan bu hay'at o'z hisobotini yaqin kunlarda e'lon qiladi. Bu komissiya o'zbek huquq himoyachilari bilan ishlayotgani ma'lum.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG