Qirg’izistonning AQShdagi yangi elchisi Muxtor Jumaliyev 7-dekabr kuni Vashingtonda prezident Barak Obamaga ishonch yorlig’ini topshirdi. Diplomat Oq uydagi bir necha daqiqalik uchrashuvdan mamnun.
Uning aytishicha, ikki davlat orasidagi aloqalar mustahkam.
“Amerikaning yosh davlatimizga berib kelayotgan yordamidan minnatdormiz”,- deydi u.
Obama ma’muriyati Qirg’izistonga millionlab dollarlik ko’mak ajratgan. Xususiy sektorni rivojlantirish, oziq-ovqat ta’minoti va terrorizmga qarshi kurash yo’lida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olingan.
Bishkek va Vashington muntazam muloqotda, deydi elchi Muxtor Jumaliyev.
38 yoshli Muxtor Jumaliyevning kasbiy faoliyati tashqi iqtisodiy aloqalar bilan bog’liq. Uzoq yillar mana shu sohada ishlagan. Shuningdek, 1998-2004 yillar orasida Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentliklarida elchi, keyinroq Jahon Savdo Tashkilotida maxsus vakil va bir paytning o’zida Shveytsariyada elchilik qilgan. Iqtisodiyot va huquq bo’yicha Qirg’iziston Milliy Universitetidan diplomi bor. Bu yo’nalishlarda Bern Universitetini ham bitirgan.
"Amerika Ovozi" elchi bilan suhbatda bo'ldi.
"Amerika Ovozi": Qirg’iz-Amerika aloqalari haqida gap ketdanda, eng ko’p tilga olinadigan mavzu bu Manas aeroportida AQSh havo kuchlari joylashgani va u yerdagi tranzit markazi. Qirg’iz siyosatchilari, hukumat a’zolari orasida bu ob’yektni tanqid qilayotganlar, Amerikadan norozi bo’lib, bazani yopish kerak deyayotganlar ko’p. Siz mana “aloqalar a’lo” deyapmiz. Manas taqdiri sizningcha nima bo’ladi?
Jumaliyev: Mintaqa xavfsizligi biz uchun juda muhim. Bu tranzit markazi bizning nazarimizda butun Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun xizmat qiladi. Elchi sifatida, men bu inshoot faoliyatini davom ettirish kerak degan bo’lardim. Lekin bugun Qirg’iziston – parlament boshqaruviga asoslangan respublika. Shunday ekan, qarorni parlament va bo’lajak hukumat qabul qiladi. Nazarimda, yangi rahbariyat “Manas” ahamiyatini tushunib yetadi. Xalqimiz va qo’shni davlatlar AQSh tranzit markazi region barqarorligi uchun qanchalik muhim ekanini tushunishiga iymonim komil.
"Amerika Ovozi": Qirg’iziston janubida ahvol og’ir. Yozda O’sh va Jalol-Obodda qabih jinoyatlar amalga oshirilgan, minglab insonlar nobud bo’lgan edi. Hukumat tergov boshlab, yuzlab o’zbeklarni panjara ortiga tashladi. Sudlar ketmoqda, bir nechasi uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qilindi.O’zbeklar, bilasiz, bu xunrezliklarda o’zlarini asosiy jabrdiyda deb biladi. Qirg’in ortida turganlarning aksariyati qirg’izlar bo’lgani haqida ashyoviy dalillar juda ko’p. Xalqaro hamjamiyat nazarida Qirg’iziston adliya va qonun-tartibot tizimi ishni eplay olmayapti. Ko’plab tashkilotlar qattiq tanqid qilmoqda bugungi ahvolni. Sizning hukumatingiz adolatsizlikda, o’zbek aholiga nisbatan befarqlik, hatto zulmda ayblanmoqda. Bunga nima deysiz?
Jumaliyev: Bu butun Qirg’iziston fojiasi. Hukumat xavfsizlikni ta’minlash uchun javobgarlikni butunlay o’z bo’yniga oladi. Iyun oyidagi voqealar yillar davomida ko’z yumilgan muammolar mahsuli. Inson huquqlari buzilayotganida bizni ayblashayotgani rost. Biz ularni bartaraf etish uchun xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan ishlayapmiz. Mojaro qaytalanmasligi uchun, barqarorlikni ta’minlash uchun harakat qilayapmiz. Qirg’izistonga katta sonda chet ellik ekspertlar kelib, vaziyatni o’rganayapti. Prezident Roza Otunbayeva muammolarni tushunadi. Hozir mana Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti iyun voqealari yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Unga finlyandiyalik Kimmo Kilyunen boshchilik qilayapti. Bu tekshiruv zarur ekanini tan olamiz. Mustaqil tekshiruvsiz Qirg’iziston tarixidagi bu fojiali sahifani yopish oson bo’lmaydi. To’g’ri, zo’ravonliklardan azob chekkan aholi og’ir ahvolda. Sud jarayonlari o’tar ekan, odamlarning asabi tarang, g’azab-alam olovida yonayotganlar, hissiyotini yashira olmayotganlar ko’p. Hukumat jarayon oshkora va xavfsiz o’tishini ta’minlash uchun barcha choralarni ko’rmoqda.
"Amerika Ovozi": Qirg’iziston bu fojiadan qanday saboq oldi nazaringizda?
Jumaliyev: Biz, Qirg’izistondagi barcha elatlar bilan hamjihatlikda yashay olishimiz kerak. Oldingi hukumatlar janubdagi etnik kelishmovchiliklarga uzoq vaqt ko’z yumib kelgani bizni shu kunlarga soldi. Bu mojaro davlatchilikka, xavfiszlikka va mustaqillikka zarba berganiga guvohmiz. Hozir sizga shuni ayta olamanki, bugungi rahbariyat asosiy e’tiborini mana shu elatlar-aro masalalarga qaratmoqda. Nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda etnik va elatlararo ahillikka erishish uchun mukammal bir strategiya ishlab chiqmoqda. Bu dastur hamma uchun ochiq bo’ladi. Oldingi hukumatlar yetarlicha e’tibor bermaganini tan olish kerak. Buzg’unchi kuchlar mana shundan foydalandi, xalqlarni bir-biriga qarshi qayradi. Mana shu ahillik yo’lida zarur sharoitni hozirlash uchun bu yerdan, ya’ni AQShdan mablag’ jalb qilishga harakat qilaman.
"Amerika Ovozi": Yana nima ishlar qilmoqchisiz elchi sifatida?
Jumaliyev: Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qiyin vaziyatdamiz. Qisqa muddatda ko’plab murakkab muammolarni yecha bilishimiz kerak. Iqtisodiy rivojlanish uchun tashqaridan sarmoya jalb qilmasak bo’lmaydi. Byudjetdagi kamomad, xalqaro donorlar bilan shartnomalar parlamentda tasdig’ini kutib yotgani bilan ham bog’liq. Yangi hukumat tuzilsa, ish ancha oson kechadi. Amerika bilan serqirra hamkorlik qilmoqchimiz. Vashingtondek muhim siyosiy qarorlar qabul qilinadigan markazda elchi uchun imkoniyatlar maydoni keng. Bu davlat rasmiylari bilan yuzma-yuz o’tirib, barcha masalalarni muhokama qilsak, yechim izlasak bo’ladi. Prezident Otunbayeva bilan belgilangan prioritetlarni amalga oshirish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman.
Kurmanbek Bakiyev davrida Qirg’izistonning Vashingtondagi elchisi Zamira Sidiqova edi. Sidiqova uzoq yillar jurnalistlik qilgan va keyinroq siyosiy faol sifatida sahnaga chiqib, 2005 yildagi inqilobda muhim rol o’ynagan. Hozirda u AQShdagi siyosiy tahlil markazlaridan birida faoliyat yuritmoqda.