Dekabr oyi boshida Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo’lib o’tadi. Unda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ishtirok etadi.
So'ngra u Bishkek va Toshkentga borib, rahbarlar bilan uchrashadi. Klinton fursatdan foydalanib, Markaziy Osiyo Amerikaga nima uchun muhim va Vashington bilan kelishib ishlashdan ularga foyda nima ekanini bayon etishi kerak.
Vashingtonda bu yili Markaziy Osiyoga e’tibor bir oz oshdi, ayniqsa, Qirg’izistonda aprel va iyun oyidagi qonli voqealar ketidan.
Lekin rishtalar Afg’onistondagi murakkab vaziyatga borib taqaladi. Hamkorlik, asosan, u yerdagi urush bilan bog’liq.
Yirik tahlil markazi – Atlantika Kengashi Obama ma’muriyatini faolroq harakat qilib, har bir respublika bilan alohida va butun mintaqa bilan aniq strategiya asosida ishlashga undamoqda.
Lekin Davlat departamentida mintaqa uchun mas’ul rasmiylar amaldagi siyosat hali ham shunday deya javob qiladi.
Amerika Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishganida ularning suverenitetini tan olib, bu jamiyatlar endi erkin diyor bo’ladi deb, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga bel bog’lagan edi.
“Oradan 20 yil o’tib, siyosatimiz ish berdi deya olmaymiz”,- deydi Ross Uilson, sobiq diplomat, hozirda Atlantika Kengashida Yevrosiyo bo’limi rahbari.
"Birinchidan, Markaziy Osiyo biz uchun juda muhim mintaqa ekanini unutmaylik. Bir tomonda Yevropa, ikkinchi tomonda Osiyo. Afg’oniston - uning janubi. Harakat qilinsa, mintaqa dunyoning eng farovon qismlaridan biriga aylanishi tayin”,- deydi Ross Uilson.
“Qonun va huquq hurmat qilinadigan, G’arb bilan do’stona aloqa qila oladigan jamiyatlarga aylanishi mumkin. Vashingtonga butun diqqatni hozir shu yerga qarating deb bosim o’tkaza olmaymiz”, - deydi u.
Lekin prioritetlardan biri Afg’onistonda tinchlikka erishish ekan, Obama ma’muriyati qarmoqni uzoqroqqa tashlashi, kelasi 2-3 yil emas, uzoq muddatni ko’zlab ish ko’rishi lozim, deyiladi Ross Uison va Atlantika Kengashi rahbar o’rinbosari Deymon Uilson yozgan tavsiyanomada.
“Markaziy Osiyoda rasmiy iqtisodiy ko’rsatkichlar yomon emas. Milliy yalpi daromad oshib borayotganiga guvohmiz, lekin mintaqani kezsangiz, turmush juda og’ir ekanini ko’rasiz”,- deydi Ross Uilson.
Uning fikricha, ta’lim sohasi va ilm-fanga chuqur ziyon yetgan.Katta shaharlarda manzara boshqacha bo’lishi mumkin, ammo mintaqada ko’pchilik qishloq joylarda yashaydi. Ularning hayotiga e’tibor past, ko’pchilik ishsiz, ilojsiz kun kechiradi.
Ross Uilson nazarida demokratiya va erkinlik Markaziy Osiyo uchun yangi tushunchalar. Ularning urug’i sochilib, ildiz otishi va ularni madaniyat va mafkura sifatida parvarishlash uzoq vaqt oladi. Ayniqsa, agar siyosiy doiralar va rahbarlar hokimiyatni boy bermaslik uchun fuqarolarni doimiy bosim ostida saqlasa.
Atlantika Kengashi Amerikani siyosatda mana shu omillarni hisobga olishga undamoqda.
Odamlar AQShdan bizga nima foyda? deb so’raganida, ularga konkret javoblar bera olishimiz kerak, deydi bu ekspertlar.
1. Har bir davlat bilan muzokara oliy darajaga ko’tarilishi kerak.
2. Demokratiya va inson huquqlarini targ’ib qilish prioritet sifatida belgilanishi kerak.
3. Davlatchilik, boshqaruv va qonun ustuvorligini mustahkamlash bobida yordamni oshirish kerak.
4. Iqtisodiy taraqqiyot yo’lida xususiy sektorlarni bir-biri bilan bog’lashi, hamkorlik yo’lidagi to’siqlarni olib tashlashga undashi kerak.
5. Mintaqaviy birdamliksiz Markaziy Osiyo rivojlana olmaydi. Bu borada Amerika o’z takliflari bilan chiqishi, mana reja va uning amaliyoti uchun mana bunday qadamlar tashlash kerak bo’ladi deya nasihat qilishi kerak.
Bu aql o’rgatish emas, deydi olimlar, yordam.
Deymon Uilson oldingi prezident Jorj Bush davrida Oq Uyda xizmat qilgan. Uningcha, Obama ma’muriyati Rossiya bilan yaxshilanayotgan aloqalarini Markaziy Osiyoda unumli qo’llashi kerak.
Qanday qilib? Mintaqada har ikki davlatga nisbatan shubha kuchli. Siyosiy doiralar ular bilan hamkorlik zarur deydi, lekin AQSh-Rossiya yaqinlashgani region uchun foyda sifatida ko’rilmaydi.
Deymon Uilson va Ross Uilson bu savolga aniq javob bermaydi. AQSh va Rossiya orasida ishonch oshsa, Vashington-Moskva kelishmovchiliklar va manfaatlar to’qnashuvi haqida ochiq gaplasha olsa, ish oson kechadi, deydi ular.
Chunki har ikkisi tinchlik, terrorizmga qarshi kurash va qoradori savdosini yengishdan birdek manfaatdor.
Masalan, Obama ma’muriyati, bu eksperlar fikricha, Qirg’izistondagi qayg’uli vaziyatga nisbatan qanday chora ko’rish xususida Kreml bilan kelisha olgan. Oq Uy mojaroga xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqargan holda javob berishi kerak deganida, Kreml bu yondashuv unga ma’qul ekanini bildirgan.
Amerika aniq bir pozitsiyaga ega bo’lib, uni hammaga birdek tushuntira olsa, mintaqa va Rossiya uchun ko’p narsa oydinlashadi, deydi Deymon Uilson.