Breaking News

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar


AQSh poytaxti yuragi, Kapitoliy qarshisida joylashgan “Newseum” - ommaviy axborot vositalari muzeyidan dunyo bo’ylab efirga uzatilgan maxsus jonli ko’rsatuvni "Amerika Ovozi" o'zbek jurnalisti Navbahor Imamova va pokistonlik hamkasbi Kokab Farshoriy olib
AQSh poytaxti yuragi, Kapitoliy qarshisida joylashgan “Newseum” - ommaviy axborot vositalari muzeyidan dunyo bo’ylab efirga uzatilgan maxsus jonli ko’rsatuvni "Amerika Ovozi" o'zbek jurnalisti Navbahor Imamova va pokistonlik hamkasbi Kokab Farshoriy olib

2 noyabrda Kongress uchun o'tgan saylovlar respublikachilar g'alabasi bilan yakunlandi. Endi 435 o'rinli palatani konservativ partiya a'zolari tebrata boshlaydi.

Bu siyosiy o'zgarish global maydonda qanday aks sado beradi?

"Amerika Ovozi" ko'zga ko'ringan siyosatdonlarni bir davraga taklif qilib, mana shu savolni o'rtaga tashladi.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

AQSh poytaxti yuragi, Kapitoliy qarshisida joylashgan “Newseum” - ommaviy axborot vositalari muzeyidan dunyo bo’ylab efirga uzatilgan maxsus jonli ko’rsatuvni kamina, Navbahor Imamova va pokistonlik hamkasbim Kokab Farshoriy olib bordi.

Afg'oniston, Iroq, Eron, Isroil-Falastin mojarosi va Rossiya

Prezident Barak Obamaning rejasi shuki, Amerika qo’shinlari 2011 yilning yozidan boshlab Afg’onistonni tark etadi. Xavfsizlikni ta’minlash mahalliy armiya zimmasiga o’tadi.

Respublikachilarning bunga ko’zi yetmaydi. Ular Obamaning rejasini xom deb biladi. “Chiqib ketamiz deb, Tolibon va al-Qoidaga quvvat berayapmiz”, deydi ular.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

Pokistondagi sobiq elchi, hozirda yirik tahlil markazi prezidenti Vendi Chemberlin (Wendy Chemberlin) xulosa qilishga hali erta deydi.

“Prezident shu yil oxirida amaldagi strategiyani qayta ko’rib chiqadi. Masalani yangi Kongress, xususan respublikachilar hukmron Vakillar Palatasi bilan muhokama qiladi",- deydi u.

"Lekin prezident – Amerikaning bosh qo’mondoni. Tashqi siyosat uning qo’lida. Harbiylar bilan maslahatlashgan holda bir qarorga keladi. Mening ta’birimcha Amerika 2014 yilgacha Afg’onistondan chiqmaydi. Afg’onistonda vaziyat o’nglanayapti, biroq juda sekin. Shuning uchun yaqin kelajakda katta o’zgarish kutmang”.

Amerika 2001 yildan beri Afg’onistonda, 2003 yildan beri Iroqda jami 1 trillion dollardan ortiq mablag’ sarflagan. Olti mingga yaqin fuqarosidan ayrilgan. Bu mamlakatlarda yuzlab ming insonlarning yostig’i quridi. Lekin bu yilgi saylov kampaniyasida diqqat bu urushlarga emas, asosan zaif iqtisodiyotga qaratildi.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Ken Adelman fikricha, Amerika fuqarolari ularni bevosita qiynayotgan muammolarga qarab ovoz berdi. Ishsizlik hozir eng og’ir masala, deydi arbob.

Kelasi yillarda, deydi u, “tashqi siyosatimizda ko’proq erkin savdo va iqtisodiy hamkorlikka e’tibor oshsa ajabmas, chunki aynan shu sohalar ish o’rinlari yaratish uchun imkon beradi. Xitoy AQShning eng yirik biznes hamkori ekan, diqqat aynan shu davlatda bo’ladi”.

Urushlarga kelsak, deydi Ken Adelman, AQSh Afg’oniston va Iroqni asta sekin tark etishi turgan gap.

“Amerika xalqi urushdan charchagan. Milliardlab pul, mislsiz talofat… Afg’onistonda oyiga 8-9 milliard dollar sarflayapmiz”, - deydi iste’fodagi general Barri Makkafri (Barry McCaffrey).

“Odamlar dahshatda va bu urushlar tezroq yakunlanishini istaydi. Lekin boshqa tomondan AQSh dunyoning qaynoq nuqtalarini shundaygina tashlab keta olmaydi. Afg’onistonning u tomonida Pokiston juda notinch. Bu tomonidan Markaziy Osiyo rahbarlari endi nima qilasiz deb so’rayapti. Davlatimiz oldida murakkab savollar turibdi”,- deydi iste’fodagi general.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

Barbara Sleyvin (Barbara Slavin), uzoq yillar Sharq davlatlarida muxbirlik qilgan siyosiy tahlilchi Eron-Amerika ixtilofi haqida kitob yozgan. Obama bu davlat bilan muloqot qilmoqchi edi, islomiy respublika qo’l cho’zmayapti, deya sharhlaydi u.

“30 yillik ixtilof har ikki tomonni ko’r qilib qo’ygan. Amerika va Eron bir-birini qoralash siyosatidan voz kechmasa, biror narsaga erishish qiyin. Bugun Eronda siyosiy tarqoqlik kuchli. Shu bois ham bu davlat pozitsiyasini tushunish qiyin. Prezident Mahmud Ahmadinajod keskin bosim va tanqid ostida ekan, o’z siyosiy kelajagini o’ylayapti. Bu degani AQSh bilan murosa qilmaydi”, - deydi Barbara Sleyvin.

Isroil-Falastin mojarosiga kelsak, qay partiya bo’lmasin, Amerika pozitsiyasi aniq: Mustaqil Falastin davlatiga asos solinishi, u qo’shni Isroilni tan olishi va ikki davlat bir-biriga raxna solmaslikka so’z berib, tinchlik bitimi imzolashi kerak.

Bunga qanday erishish mumkinligi haqida Vashingtonda turlicha qarashlar mavjud, ammo Kongress Oq Uyning hozirgi harakatlarini, ya’ni vositachi sifatida har ikki tomonni yuzma-yuz, ochiq muzokaraga chorlayotganini yoqlaydi.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

Prezident Obama Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash, bu davlatga g’anim yoki raqobatchi emas, do’st va ittifoqchi sifatida qarash tarafdori.

Ikki davlat strategik qurollarni cheklash, xususan yadroviy arsenalni kamaytirish haqida bitim imzolagan, lekin hujjat hali na AQSh va na Rossiya parlamentida tasdiqlangan. Biz bilan suhbatlashgan arboblar “bitim albatta ratifikatsiya qilinadi” deydi.

Bu ikki davlat atom qurollaridan voz kechmas ekan, deydi keksa arbob Ken Adelman, boshqa mamlakatlarga yadroviy maqsadlardan qayting deyish o’rinsiz.

Global iqtisod, Obama prezidentligi va Amerika nufuzi

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

AQSh sobiq mehnat vaziri Robert Raysh (Robert Reich) e’tiborni moliyaviy siyosatga qaratib, vaziyat chatoq deydi.

Markaziy Bank kapital miqdorini oshirish harakatida, bu esa foiz stavkalarini tushirib yubormoqda.

Bu esa, deydi keksa iqtisodchi, sarmoyadorlarning xafsalasini pir qilgan. Sarmoya qilinmasa, bizneslar kengaymaydi, bu esa ish o’rinlari ko’paymaydi degani.

Amerikalik investorlar Osiyo, rivojlanayotgan dunyo tomon yo’nalib, u jamiyatlar taraqqiyotiga hissa qo’shmoqda. Dollar bahosi tushib ketganining sababi ham shunda, deya tushuntiradi Robert Raysh.

Vakillar Palatasi respublikachilar qo’liga o’tar ekan, deydi bu arbob, federal sarf-xarajat kamayishi uchun bosim oshadi. Bu bilan esa ishsizlikka qarshi kurash ham susayishi mumkin. Hozir AQShda 22 million odamga ish kerak.

Konservativ siyosatni olg’a suruvchi ilmiy maskan xodimi, tajribali diplomat Jim Roberts fikricha respublikalar soliqni oshirmay, xarajatni kamaytirgan holda bizneslarga ko’proq imtiyozlar berishi iqtisodni tezroq oyoqqa turg’azishi mumkin.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

Aks holda, deya ogohlantiradi Roberts, AQShda kamomad 2020 yilga borib 20 trillion dollarni tashkil etishi mumkin. Amerika erkin savdo bitimlariga zo’r berishi, Lotin Amerikasi va Osiyo davlatlari bilan biznes kelishuvlarga erishishi kerak, deydi u.

Iqtisodiy ahvol og’ir ekan, ko’plab amerikaliklar tashqi yordamni kamaytirish kerak deb chiqmoqda. Barak Obama chet elga moliyaviy madad ko’lamini yiliga 20 milliard dollardan 40 milliardga chiqarishga qaror qilgan.

Kongressda demokratlar hukmron paytda uni tasdiqlatish oson edi, respublikachilar bunga yo’l qo’ymaydi, deydi Shahrizoda Rahmon (Scheherazade Rehman), moliyaviy siyosat bo’yicha tahlilchi.

Olima izohicha, Amerikada kelasi ikki yil siyosat boshi berk ko’chaga kirib qolgan davr bo’ladi. Respublikachilar demokrat prezident bilan kelishib ishlashi amri mahol. Siyosiy tirbandlik sabab katta o’zgarishlar bo’lmasligi aniq, deydi u.

“Amerikada iste’molchi qudratini oshirish eng asosiy vazifa bo’lishi kerak, chunki biz 14 trillion dollarlik iqtisodiy tizimga egamiz”, - deydi Shahrizoda Rahmon.

“Xitoy iqtisodiy qudrati oshib borayotgani sir emas, ammo uning Amerikaga yetib olishiga hali ancha bor. Amerikalik xaridor qanchalik quvvatga to’lsa, bu nafaqat mahalliy iqtisodni balki global bozorni ham qizitadi”, - deydi u.

Yaqinda Barak Obama “mening sa’y-harakatlarim haqida ko’pchilik amerikaliklar yaxshi bilmaydi” deya shikoyat qildi. Bu kimning aybi degan savol tug’iladi.

Bill Klinton prezidentligi paytida Oq Uyda matbuot kotibi bo’lib ishlagan Jennifer Palmieri fikricha gap bu yerda informatsiyada emas.

Prezident harakat qilayotgan bo’lishi mumkin, deydi u, lekin odamlar buning samarasini shaxsan sezmagunicha vaziyatdan nolishda davom etaveradi. Oq Uy siyosatni tushuntiradi, ommaviy axborot vositalari esa ahvolni yoritadi.

Lekin Amerika ommasi kundalik hayotda xalqaro voqealar haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Mahalliy telekanallar va radiolar, gazeta va boshqa manbalar xorijiy xabarlarga deyarli e’tibor qaratmaydi.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

“Bu haqiqat”, - deya tan oladi Bill Shnayder (Bill Schneider), CNN telekanalida uzoq yillar mehnat qilgan siyosiy sharhlovchi.

Uning tushuntirishicha, Amerika ommasi o’zi ko’rib, sezib turgan vaziyatga qiziqadi. Urushlar, talofatlar, global mavzular qiziq albatta, deydi u, lekin axborot vositalari ko’proq aynan odamlarni har kuni bevosita qiynayotgan muammolarni yoritishga o’rgangan.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan siyosatdonlar omma xalqaro hayot bilan yaqindan tanishib borishi o’ta zarur deb hisoblaydi.

Global siyosat haqida gap ketganda, Amerika rolini unutmaslik kerak, deydi ular. Axborot vositalari yetarlicha resurs va vaqt ajratib, chet eldagi o’zgarishlarni ham keng yoritib borsa, odamlar jon deb tomosha qiladi, tinglaydi va o’qiydi.

Afsuski, deydi tahlilchilar, matbuot va teleradiolar uchun ko’ngilochar mavzularni yoritish osonroq va so’rovlardan shu ayonki, omma uning ruhini ko’taradigan narsalarni ko’proq ko’rishni ma’qul ko’radi. Tomoshabin ko’paysa, axborot vositalari uchun reklama sotish oson, bu degani daromad oshadi, deya sharhlaydi arboblar.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

MSNBC telekanali sharhlovchisi Mishel Bernard (Michelle Bernard) prezident Obama dunyo ahli bilan yangicha muloqot olib borishga bel bog’lagani tahsinga sazovor deydi. Rahbar xalqni qay tomon boshlasa, munosabat ham shunga yarasha bo’ladi, deydi u.

Masalan Obama musulmon dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga urinmoqda. Bu jamiyatlarga alohida murojaat qilib, ularni muloqotga chorlamoqda, ya’ni xalqlarni bir-biri bilan bog’lashga harakat qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari ham oradagi muammo va kelishmovchiliklarni yoritmoqda, deydi u.

Yaqinda dunyo bo’ylab o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Obamaning chet eldagi nufuzi AQShdagi reytingidan ancha baland. Hozir amerikaliklarning yarmidan ko’pi uning ishidan rozi emas.

Amerika tele-ekranlarida yaxshi tanilgan yana bir ekspert Stuart Rotenberg (Stuart Rothenberg) fikricha Obamaning chet elda yuqori baholanayotgani Amerikada uning tanqidchilariga quvvat bermoqda.

Prezidentning ayniqsa nodemokratik jamiyatlarda yaxshi nom qozongani bu yerda Obama haqiqiy amerikalik emas, u AQSh qadriyatlarini emas, o’z shuhratini yoymoqda degan asossiz iddaolarga sabab bo’lmoqda, deydi Rotenberg.

Obama Amerika global miqyosda inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qilishda davom etadi deydi, lekin do’q yoki kuch bilan emas, o’zaro manfaatlarga asoslangan muloqot va dasturlar orqali. Bu ham ayrim respublikachilarga yoqmaydi, deydi Oq Uy sobiq matbuot kotibasi Jennifer Palmieri.

Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar
Yangi Kongress va AQSh tashqi siyosati, Vashingtondagi siyosiy munozaralar

Respublikachilar nazarida “o’zaro manfaatlarga asoslangan muloqot” diktator va zolim rahbarlarni Amerikadek erkin diyor rahbari bilan teng o’tirib, bahslashishiga imkon yaratadi. Bunday muloqotlar AQSh mavqeini pasaytiradi degan xavotirlar yangraydi.

Siyosiy tahlilchi Mishel Bernard deydiki, 2008 yilda Barak Obama prezidentlik uchun ehtirosga to’la kampaniya olib borgan, umrida ovoz bermagan amerikaliklar, qolaversa millionlab yoshlar, muhojirlikdan fuqarolikka o’tgan insonlar unga ergashgan edi.

Hozirga kelib ularning ruhi, prezidentga ishonchi bir oz tushgandek, lekin unutmang, Amerikada yoshlar, xotin-qizlar va lotin amerikalik muhojirlar ovozi tobora kuchayib, ularning siyosatdagi roli oshib bormoqda.

2012 yilgi prezidentlik saylovi uchun tayyorgarlik boshlangan. Obama qayta saylanish uchun bu safar qanday shiorlar bilan chiqadi, hozircha noma’lum.

Ammo umid, optimizm va kelajakka ishonch uning shaxsiyatiga xos bir qadriyatlar, deydi Mishel Bernard. O’tgan ikki yillik mashaqqatli bir davrga qarab, prezidentni past baholash, bu ekspert fikricha, adolatdan emas.

Lekin, deya eslatadi boshqa arboblar, xalqning o’z rahbaridan ko’p narsa kutishga haqqi bor.

Kongress a’zolari o’zgarishi, bir partiya hukmronlikdan tushib ikkinchisi ko’tarilishi mumkin, ammo Amerika rahbari va uni saylaydigan xalq har bir siyosiy qadam kurrai zamin uzra aks sado berishini zinhor unutmasligi kerak.

Dasturni ingliz tilida mana bu yerda ham tomosha qilishingiz mumkin:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG