AQSh prezidenti Barak Obama Portugaliya poytaxti Lissabonda NATO sammitida qatnashmoqda.
Afg’onistondagi vaziyat va raketa hujumlariga qarshi mudofaa sistemasi muhokamada. Amerika, Yevropa Ittifoqi va Rossiya rahbarlari orasida alohida muzokaralar rejalangan.
Bu sammit NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotiga a’zo 28 davlat rahbari, Rossiya va Afg'oniston prezidentlarini ayni damlarda bir davraga yig’moqda.
Tashkilot Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Lissabon uchrashuvlarini NATO tarixidagi eng muhim anjuman deb baholagan.
Shimoliy alyans o’z kelajagi haqida bosh qotirmoqda. Uni yanada samarali blokka aylantirish asosiy maqsad, deydi Rasmussen.
AQSh sobiq davlat kotibasi Madlen Olbrayt yetakchiligidagi ekspertlar guruhi NATO uchun yangi strategiya tuzgan.
Unda bayon qilinishicha, bu harbiy ittifoq o’z prioritetlarini qayta ko’rib chiqishi va xavfsizlikni ta’minlash bobida yangicha yondashuv va choralar haqida o’ylashi kerak.
AQShning Yevropada raketa hujumlariga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish rejasi va Afg’onistonda tinchlikka erishish masalalarida NATO Rossiya bilan maslahatlashgan holda ish tutmoqchi.
NATO Osiyo davlatlari bilan ham aloqalarni mustahkamlash niyatida. Sammitda Yaponiya va Janubiy Koreya bilan hamkorlik xususida ham gaplashiladi.
Prezident Obamaning Afg’oniston bo’yicha bosh maslahatchisi Daglas Lutning aytishicha, xalqaro kuchlar Afg’onistondan chiqqach nima bo’ladi degan savol o’rtaga tashlanmoqda.
Amerika 2011 yilning yozidan o’z qo’shinlarini olib chiqa boshlaydi. 2014 yilga borib esa mamlakatni butkul tark etishi kutilmoqda.
Obama AQSh Afg'onistonda uzoq vaqtga qolmaydi deb keladi. Urush Amerika xalqiga har jihatdan qimmatga tushmoqda. "Askarlarni vatanga qaytarishga so'z berganman",- deydi prezident.
Afg'onistondagi asosiy maqsad Tolibon va al-Qoidani yanchish, deydi Obama, bu mamlakat kelajagini uning xalqi belgilaydi.
NATO afg’on xavfsizlik kuchlarini tayyorlash va bu mamlakatga gumanitar yordam berish harakatlarini davom ettirish uchun uzoq muddatli reja tuzgan.
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay yaqinda Amerika matbuotiga bergan intervyusida xalqaro koalitsiyani jangarilarga qarshi maxsus operatsiyalarni kamaytirishga chaqirgan edi.
Karzay Amerika harbiylarini ehtiyotsizlikda, Tolibonni qiramiz deb ko’p hollarda tinch aholini nishonga olayotganlikda ayblab keladi.
Obama Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan uchrashganida, Afg’oniston bo’yicha hamkorlik qatorida yadroviy qurollarni kamaytirishga qaratilgan START bitimini ham tilga oladi.
Oq Uy Kongress bu hujjatni shu yil oxirigacha ratifikatsiya qiladi degan umidda.
Lekin yaqinda o’tgan saylovlarda g’alaba qozongan respublikachilar shartnoma o’zgartilishini talab qilmoqda.
Obama qonunchilarga STARTning AQSh xavfsizligiga ahamiyatini eslatmoqda.
Bu bitim orqali ikki davlat o’z yadroviy arsenali haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo’ladi.
Lissabondagi summitda NATO-Rossiya aloqalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Bu davlatning Afg’oniston va raketa hujumlariga qarshi mudofaa sistemasi bo’yicha pozitsiyalari tinglanadi.
Tahlilchi Mixail Troitskiyning aytishicha, Rossiya iqtisodini tiklashga harakat qilar ekan, Yevropa sarmoyasi va texnologiyasiga qaram.
“Chet el sarmoyasini jalb qila olmasangiz, zamonaviylashish qiyin. Taraqqqiy etgan mamlakatlar bilan yaqin aloqada bo’lsangiz, yangi texnologiyalarni ham qo’lga kiritish osonlashadi. Rossiyaning NATO bilan hamkorlikka intilishidan asos maqsad shu”,- deydi ekspert.
NATO kuchlari Afg’onistondan chiqib ketsa, u yerdagi fundemantalism Markaziy Osiyoga tarqalishi mumkin degan xavotir hukmron, deydi rossiyalik yana bir mutaxassis, Konstantin Von Eggert.
Butun Markaziy Osiyo radikalizm xavfi ostida, deydi tahlilchi. Bu albatta Rossiyaga ham tahdid soladi, deydi u.
Kreml shu shu sabab ham NATOga og’ir qurollari Rossiya orqali olib o’tishga ruxsat berishi mumkin.
Hozirgi kelishuv bo’yicha Rossiyadan faqat noharbiy yuk olib o’tiladi.
Lekin Rossiya-NATO hamkorligi hammaga ham ma’qul emas. Polsha prezidenti Bronislav Komorovski Rossiya niyatlarini shubha ostiga olmoqda.
“NATO bilan rishtalarni yaxshilab, Rossiya Sharqiy Yevropaga ham ta’sirini kuchaytirishga harakat qiladi, bizning manfaatlarimizga raxna soladi”, - deydi u yaqinda chop etilgan siyosiy sharhida.
Lissabon summitda, shunindek, Eronning atom qurollari dasturiga qarshi choralar ham muhokama qilinadi. AQSh rasmiylarining qayd etishicha, raketa hujumlariga qarshi yangi mudofaa sistemasi asosan bu davlat solayotgan xavfga qaratilgan.
Bu tizim NATO a’zosi Turkiyada o’rnatilishi mumkin degan taxminlar bor.
Turkiya prezidenti Abdulla Gul bu borada o’z davlati pozitsiyasini tushuntirishga harakat qilmoqda. NATO va AQSh bu borada alohida muzokaralar olib boradi.
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an talablar haqida gapirmoqda.
“Ushbu sistemani kim nazorat qilib turadi, buni aniqlash kerak. Tizim Turkiyaga o’rnatilsa, Turkiya nazoratiga topshirilishi darkor”, - deydi u.
Turkiyaning yana bir tashvishi bu Eron. Islomiy respublika bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarini yaxshilab kelayotgan bu mamlakat o’zini vositachi davlat deb biladi va mintaqaviy rolini oshirishga urinmoqda.
NATO Bosh kotibi Rasmussenning ta’kidlashicha, Eronni yagona tahdid sifatida tilga olmaslik kerak, chunki bu Turkiyani noqulay vaziyatga qo’yadi.