Breaking News

Pentagon: Prezident Karzay va General Petreus til topishishi kerak


Afg'on rahbari va xalqaro koalitsiya qo'mondoni qator masalalarda bir fikrda emas. AQSh prezident Karzayning so'nggi bayonotlaridan lol.
Afg'on rahbari va xalqaro koalitsiya qo'mondoni qator masalalarda bir fikrda emas. AQSh prezident Karzayning so'nggi bayonotlaridan lol.

Afg’onistonda prezident Hamid Karzay Tolibonni zo’ravonlikni bas qilishga chaqirmoqda. Qurbon hayiti munosabati bilan qilgan murojaatida, Karzay jangarilarni qurolni tashlab, hukumat bilan murosa yo’lini izlashga undadi.

Kecha Tolibon yetakchisi Mulla Umar rasmiy Kobul bilan muzokara qilinmaydi deb chiqqan edi. Prezident Karzay anchadan beri Tolibon orasidagi mo’tadil kuchlar bilan gaplashayotganini da’vo qilib keladi, ammo buni isbotlovchi biror dalil yo’q.

Mulla Umar fikricha, Afg’onistonda AQSh maqsadlariga erisha olmaydi va uning harakati murosa qilish niyatida emas.

Amerika Hamid Karzayning Tolibon bilan gaplashishga urinayotganini yoqlagan, ammo afg’on prezidenti xalqaro koalitsiya qo’mondoni Deyvid Petreus bilan kelisha olmayapti.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi rahbarlar qator masalalarda turlicha fikrda ekani sir emas, lekin ular, albatta, til topishadi deya ishonch bildirmoqda.

Prezident Karzay xususiy xavfsizlik kompaniyalarini mamlakatdan chiqarib yuborishga bel bog’lagan. General Petreus nazarida ular tinchlikni saqlashda muhim rol o’ynamoqda va Afg’onistonda yana bir bir oz vaqtga qolishi kerak.

Prezident Karzay jangarilarga qarshi qaqshatqich xurujlarni, jumladan, ular yashiringan mahallalarni nishonga olishni bas qiling demoqda, general Petreus bu hujumlar terrorizmga qarshi kurashning ajralmas qismi deydi.

Prezident Karzay yaqinda Amerika matbuotiga bergan intervyusida AQSh qo’shinlari sonini kamaytirish kerak degan, ammo ularsiz mamlakat kelajagi xavf ostida qolishini tan oladi. General Petreus nazarida esa mahalliy armiya va hokimiyat barqarorlikni saqlashga qodir ekanini isbotlamaguncha, Amerika hech qayoqqa ketmaydi. Hozir qo’shinni kamaytirish vaqti emas, deydi u, Tolibon va al-Qoida ham faol. “O’tgan oylar ichida ularga ancha zarba berdik va janglarni mana shu shiddatda davom ettirishimiz kerak”, deydi general.

Pentagon so’zlovchisi polkovnik Deyvid Lapan deydiki, general Petreus va prezident Karzay o’z mas’uliyatidan kelib chiqqan holda fikrlamoqda.

Vashington ularning kelishib ishlashini xohlaydi, deydi rasmiy.

"General Petreus va prezident Karzay bir yoqadan bosh chiqarib ish yuritadi degan umiddamiz. Afg’on hukumatining ayrim bayonotlaridan lolmiz, chunki ularning asosi nima ekanini bilmaymiz. Ayrimlari esa eski gaplar",- deydi polkovnik Deyvid Lapan.

Prezident Karzay bu hafta Lissabonda NATO sammitida AQSh rahbari bilan muloqot qiladi. Prezident Barak Obama qo’shinlarni 2011 yilning yozidan boshlab asta olib chiqishni rejalagan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton razvedka ma’lumotlariga tayangan holda jangari manzillarini nishonga olish va ularni yo’q qilish avvalo afg’on xalqi tinchligi uchun xizmat qiladi deydi. Urushda chet el va mahalliy askarlar yonma-yon xizmat qilmoqda, deya ta’kidlaydi u.

Amerika, deydi Xillari Klinton, Hamid Karzay bilan maslahatlashmay biror qarorga kelmaydi. Tinch aholini himoya qilish asosiy maqsad, harbiy amaliyotlar va jang uslubi hozir ancha o’zgargan, deya tushuntiradi u. Afg’oniston oyoqqa turgani sari xavfsizlikni saqlash ishlari bu davlatning o’ziga topshiriladi, deydi u.

Prezident Obama ham shuni uqtirib, Amerika Afg’onistonda uzoq qolmasligi kerak deb keladi. Hamma narsa jangarilarni yer tishlatishga bog’liq, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG