Breaking News

Karzay: Afg'oniston Erondan ham, AQShdan ham moliyaviy yordam oladi


Afg'on rahbarining aytishicha Eron uning idorasiga yilda bir yoki ikki marta 700-975 ming dollar orasida naqd pul yuboradi. AQSh bu haqda biladi, deydi Hamid Karzay. Vashington ham saroyga shunday yordam uzatadi, deydi u.
Afg'on rahbarining aytishicha Eron uning idorasiga yilda bir yoki ikki marta 700-975 ming dollar orasida naqd pul yuboradi. AQSh bu haqda biladi, deydi Hamid Karzay. Vashington ham saroyga shunday yordam uzatadi, deydi u.

Eron Afg’onistonni qayta qurish ishlari uchun moliyaviy ko’mak ajratib kelayotganini tan olmoqda.

"Qo’shni xalq oyoqqa turib, u yerda tinchlik qaror topishi uchun yordam berishga tayyormiz", - deydi Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ramin Mehmonparast.

Afg’on rahbari Hamid Karzay Tehrondan “bo'hcha-bo'hcha naqd pul olayotganimiz rost” deydi.

Vashington bundan norozi. Gap shundaki, Afg’oniston Erondan bunday madad olayotganini shu kungacha oshkor aytmagan. Amerika matbuoti buni fosh etgach, Kobul “ha, bu haqiqat” deb chiqmoqda.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Afg’oniston suveren davlat va xorijdan har qanday yordam olishga haqqi bor. Lekin Eronning asl maqsadi savol ostida. Naqd pul biror bir vazirlik, tashkilot yoki loyihaga emas, aynan prezident qo’liga berilmoqda. Mablag’ning qanday sarflanayotgani ma’lum emas.

Amerika Afg’onistonda oshkora va mas’uliyat bilan ish ko’radigan tuzum vujudga kelishini istaydi, deydi Obama ma’muriyati a’zolari.

Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli Eron qo’shnilari farovonligi uchun sidqidildan hissa qo’shishiga ishonch yo’q deydi.

“Afg’oniston hukumati bu moliyaviy yordam qanday sarflanayotgani haqida hisobot beradi degan umiddamiz. Lekin Eron azaldan qo’shni davlatlar barqarorligini buzib kelgan”, - deydi Krouli.

AQSh diplomatlari Eron siyosiy o’yin va nayranglar orqali Afg’onistonda o’z ta’sirini oshirishga harakat qilmoqda deydi.

Kobulda esa prezident Hamid Karzay Eronga ishonishini aytmoqda. Afg'on rahbarining aytishicha Eron uning saroyiga yilda bir yoki ikki marta 700-975 ming dollar orasida naqd pul yuboradi. AQSh bu haqda biladi, deydi Hamid Karzay.

“Buning sirli joyi yo’q. Erondan yordam kelayotganini men Jorj Bush prezidentlik davridayoq amerikaliklarga aytganman. Biz Erondan minnatdormiz. AQSh ham shunday yordam berib kelmoqda. Vashington ham ayrim idoralarimizga naqd pul yuboradi. Detallari kerak bo’lsa, beramiz”, - deydi afg’on prezidenti.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Filip Krouli jurnalistlarning savollariga javob bermoqda
AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Filip Krouli jurnalistlarning savollariga javob bermoqda

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Kroulining bayon qilishicha esa Vashingtonning Afg’onistonga naqd pul ajratmay qo’yganiga ancha bo’lgan.

“Afg’onistonga endi kirib borgan paytimizda, yordam berish tizimi hali vujudga kelmagan bir davrda, naqd pul olib borganmiz xolos. Bugun Afg’onistonni tiklash ishlari yaxshi tashkillashtirilgan. Muayyan struktura mavjud. Yordam xalqaro hamkorlar, ittifoqchi davlatlar va nohukumat tashkilotlar orqali beriladi”, - deydi rasmiy.

Masala yuzasidan izlangan amerikalik jurnalistlarning yoritishicha, afg’on rahbariyati Erondan kelayotgan pulni parlament a’zolarini o’ziga bo’ysundirish, qabila oqsoqollari va Tolibon yetakchilarini o’z tarafiga og’dirish uchun sarflamoqda. Har ikki oyda, deya yozadi "The New York Times" gazetasi, afg'on prezidenti devoni boshqaruvchisi qo'liga Erondan 2 million dollarga yaqin pul keladi.

Kongress nazarida Afg’onistonda korrupsiya ildiziga bolta urilmas ekan, bu davlatga ajratilayotgan milliardlab dollardan foyda yo’q.

Hamid Karzayning AQSh siyosiy doiralaridagi obro’si tushib ketgan. Obama ma’muriyati unga ishonch bilan qaramasligini ochiq tan olmasa-da, diplomatlar afg’on rahbarining xatti-harakatlarini tanqid qilib keladi.

Erondan moliyaviy yordam kelayotgani ayon ekan, mavjud taranglik yanada keskinlashishi mumkin, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG