Kelasi oy Oq uy AQShning Afg'oniston bo'yicha strategiyasini qayta ko'rib chiqadi. Siyosat o'tgan yili qabul qilingan bo'lib, harbiylar nazarida samara bergan. Obama ma'muriyati bir yil ichidagi o'zgarishlar, yutuq va kamchiliklarni o'rganmoqchi.
"Vashington Post" gazetasida yozilishicha, ikki hafta burun Afg'onistonda xizmat qilayotgan qo'mondonlar va qayta qurish ishlari bilan shug'ullanayotgan tashkilotlardan strategiya xususida fikr so'ralgan. Kelasi hafta Lissabonda NATO sammiti bo'lib, Qo'shma Shtatlar ittifoqdosh davlatlar munosabatini ham tinglaydi.
Amaldagi strategiyaga muvofiq, Afg'onistonga yil davomida bir necha ming qo'shimcha askar safarbar etilib, toliblar mahkam o'rnashib olgan janubiy hududlarda, xususan Hilmand va Qandahorda ularga qarshi operatsiyalar o'tkazilgan. Iyul oyigacha mamlakatdan 100 mingga yaqin amerikalik askarni chiqarish rejalangan.
Afg'on siyosatini qayta ko'rib chiqish jarayonida armiya va politsiyaning tayyorgarligi, soni, mahalliy mudofaa kuchlarining samarasi va hukumatning Tolibon bilan tinchlik muzokaralaridagi yutuqlari, korrupsiyaga qarshi kurash siyosatiga alohida e'tibor qaratiladi.
Afg'on rasmiylaridan birining aytishicha, ayni damda Tolibon bilan muloqot yo'q, shunga qaramay, strategiyani qayta ko'rib chiqayotganda muzokaralar ehtimolini hisobdan chiqarmaslik kerak.
Afg'oniston hukumatida korrupsiya hamon jiddiy muammo ekani aytiladi. Joriy hafta mamlakat bosh prokuraturasi prezident Hamid Karzayning poraxo'rlikda ayblangan yordamchisidan ayblovlarni olib tashlagan. Hukumat bir tomondan korrupsiyaga qarshi kurashga astoydil bel bog'lagan, ammo boshqa tomondan korrupsiyada ayblangan yuqori lavozimli rasmiylarni suddan himoyalashga harakat qilmoqda.
Ma'lum bo'lishicha, amaldagi strategiya ish bermayotgani ayon bo'lgan taqdirda ham unga tuzatishlar kiritilmaydi, siyosat o'zgarmaydi, unga muqobil choralar tavsiya etilmaydi.
Pokiston sobiq prezidenti Parvez Musharraf AQShga tashrif buyurar ekan, prezident Obamaning Osiyo bo'ylab safariga Hindiston kiritilib, Pokistonga bormaganini tanqid qilmoqda. "Hindiston o'z siyosati bilan Afg'onistonni Pokistonga qarshi qayramoqda" deydi Musharraf.
Strategiya bo'yicha xulosalar dekabr oxirida matbuotda chop etilishi mumkin.
Qo'shma Shtatlar Iroqdan qo'shinlarini olib chiqar ekan, mamlakatda so'nggi paytda xurujlar ko'payib, AQSh askarlarini uzoqroq qoldirishimiz mumkin, demoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, buning uchun rasmiy Bag'dod tegishli tashabbus bilan chiqishi kerak. Bu o'rtada Iroq rahbarlari sakkiz oylik muzokaralardan so'ng nihoyat hukumat tarkibi bo'yicha kelishib olgan.
Bosh vazir Nuri al-Malikiy yana to'rt yil lavozimida qoladigan bo'ldi. Uning saylovlardagi raqibi, sunniy Iroqiya ittifoqi koalitsiyasi rahbari Ayad Allaviy parlament spikerligini egallashga ko'ngan. Kurdlar vakili, amaldagi prezident Jalol Talaboniy esa ishini davom ettiradi. Allaviy koalitsiyasiga milliy xavfsizlik bilan shug'ullanish yuklangan. Qo'shma Shtatlar kelishuvni olqishlamoqda. Parlament saylovlari 7-martda o'tkazilgan edi.
Oq uy mutaxassislar va qo'mondonlardan o'tgan yili qabul qilingan strategiya samarasini o'rganmoqchi. Biroq tuzatishlar bo'lmaydi.