Ikki davlat mavzu bo'yicha bir necha yildan beri bahs-munozara qiladi. Qo'shma Shtatlar Eronning Yevropaga ehtimoliy hujumidan xavotirlanayotgan bo'lsa, Kreml AQSh tizimini Rossiya raketalaridan mudofaa vositasi sifatida ko'radi.
Rejaning ilk ko'rinishi sobiq prezident Jorj Bush ma'muriyatida ishlanib, unga ko'ra, Polshada raketalarni urib tushiruvchi 10 ta moslama, Chexiyada esa radar tizimi o'rnatilishi kerak edi.
2009-yilda prezident Obama Bush rejasidan voz kechib, yangi taklif bilan chiqadi.
Qurollar nazorati masalalari bilan shug'ullanuvchi xususiy izlanish markazi rahbari Deril Kimbollning aytishicha, yangi rejada Eronning ehtimoliy emas, mavjud harbiy salohiyati hisobga olingan.
"Eron qisqa masofali raketalari qo'shni davlatlarni nishonga olishga qodir. O'rta masofali qurollardan esa Yevropa va Isroilni urishi mumkin", - deydi u.
Obama rejasiga ko'ra, SM-3 rusumidagi qurollar 2015-yilgacha Polshada, 2018-yilgacha esa Ruminiyada o'rnatiladi. Ular Eron raketalarini urib tushirishga moslashtiriladi.
Razvedka ma'lumotlarini tahlil qiluvchi "Stratfor" xususiy firmasi mutaxassisi Marko Papich nazarida tizimga ehtiyoj yo'q. SM-3 raketalari AQSh harbiy kemalarida o'rnatilgan, deydi u.
"Tahdid qayerdan kelayotganiga qarab Qo'shma Shtatlar kemalarini Boltiq dengizi, Qora dengiz yoki O'rta Yer dengiziga joylashtirishi mumkin, xavf xoh Yaqin Sharqdan bo'lsin, xoh Shimoliy Koreya, xoh boshqa joydan. Raketalarni quruqlikda o'rnatishning keragi yo'q", - deydi Papich.
Rossiya AQSh rejasidan asosiy maqsad Erondan himoya emas deya uni hamisha tanqid qilib kelgan.
Qurollar nazorati bo'yicha ekspert Jozef Chirinchionening aytishicha, Rossiya AQSh rejasi unga qarshi qaratilganidan tashvishda.
"Rossiyaning yadro qurollari eskirib boryapti. Ularni yangilashga pul yo'q. Kreml fikricha Qo'shma Shtatlar mamlakat atrofiga mudofaa tizimlarini o'rnatib, Rossiyani zaiflashtirmoqchi. Rossiya bilan urush boshlansa, Amerika birinchi bo'lib hujum qilib, uning yadro salohiyatiga zarar yetkazadi. Rossiya raketalarini esa mudofaa tizimlari urib tushiradi. Kreml mana shundan xavotirda, ammo bu xom-xayoldan boshqa narsa emas, voqelikdan ancha yiroq", - deydi Chirinchione.
"Stratfor" tahlilchisi Marko Papichning aytishicha, aslida Amerikaning Yevropada qanday qurollarni joylashtirishi Rossiyaga unchalik farqi yo'q.
"Hozirgi reja bilan Rossiyani zaiflashtirib bo'lmaydi. Bu davlatda qit'alararo ballistik raketalar shu qadar ko'pki, agar Moskva Yevropaga hujum qilgudek bo'lsa, Amerika uni baribir mudofaa eta olmaydi", - deydi Papich.
Rossiya buni yaxshi tushunadi. Bush va Obama rejalariga qarshiligi ortida boshqa sabab bor, deydi kuzatuvchilar. Kreml Amerika kuchlarini hech bir vaziyatda Markaziy va Sharqiy Yevropaga kiritmoqchi emas.
O'tgan yili Lissabondagi NATO sammitida ikki davlat mudofaa tizimi bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olgan edi. Ammo rasmiy Moskva AQSh rejasiga haligacha qarshilik bildirmoqda.