Breaking News

AQSh raketaga qarshi mudofaa sistemalarini Polshada o’rnatadi


Qo’shma Shtatlar va Polsha raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo’yicha yangi hamkorlikka kelishib olgan.

Hujjatga muvofiq Polsha hukumati Eron va Shimoliy hujumidan himoya deb ko’rilayotgan raketa sistemalarini o’z hududida joylashtirishga rozi.

Bitimni Krakov shahrida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski imzoladi.

Klintonning aytishicha, “yangi tizim sinovdan o’tgan texnologiyalarga asoslanadi, AQSh va uning ittifoqchilarini Eron kabi davlatlar hujumidan himoya qiladi". Loyiha ilk bor Bush davrida ishlab chiqilgan bo’lib, Obama ma'muriyati uni keyinchalik Rossiya qarshiligi sabab bekor qilgan edi.

Xillari Klinton tizim Rossiyaga xavf solmaydi deya, Kremlni yana bir bor mintaqaviy mudofaa loyihasida hamkorlikka da’vat etdi. Rossiya AQShning muqobil rejasidan ham mamnun emas.

Polsha vaziri Radoslav Sikorskiyning aytishicha, Rossiya mutaxassislari, agar istasa, qurilmani ko’zdan kechirishi mumkin.

Yevropa va Kavkaz bo’ylab safar qilayotgan AQSh bosh diplomati Polshada demokratiya targ’ibotiga bag’ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Dunyo bo’ylab fuqaro jamiyatini rivojlantirish va nohukumat tashkilotlarni qo’llab-quvvatlash uchun AQSh maxsus jamg’arma tuzib, shu maqsadga ikki million dollar ajratishini e'lon qildi.

Xillari Klinton kecha Ukrainada bo'lib, prezident Viktor Yanukovich bilan uchrashgan. Bu davlat tashqi siyosatda G’arb yoki Rossiyani emas, o’z yo’lini o’zi tanlashi kerak, deydi u.

“Qo’shma Shtatlar Ukrainaning betaraf pozitsiyasini qo’llab-quvvatlaydi. Ukraina mustaqil davlat sifatida barcha qo’shnilari, jumladan Rossiya bilan, shuningdek AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv hamkorlik yo’lini tanlaydi degan umiddamiz. Qo’shma Shtatlar “ta’sir doiralari”ni rad etadi”, - deydi davlat kotibasi.

Klinton xonim Kiyevda muxolifat rahbari va sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko bilan ham muloqot qilgan. Ukraina rahbariyatini so’z va matbuot erkinligini qadrlashga va demokratik islohotlarni jadallashtirishga chaqirgan.

Ma’lumki, Ukraina hukumati Viktor Yanukovich prezidentlikka kelishi bilan NATOga ham, Rossiya yetakchiligidagi boshqa tashkilotlarga ham qo’shilmaslikka qaror qilgan.

“Shunga qaramasdan, NATO eshiklari Ukraina uchun ochiq”, - deydi Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyaga yo’l olayotgan Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG