Breaking News

Yana bir sanksiya bilan yuzlashgan Eron muloqotga qiziqayotgandek


Avstraliya Eronga sanksiya qo’ygan davlatlar qatoriga qo’shilishga tayyor. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Stiven Smitning aytishicha, Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarishni ko’zlagan qaror 110 dan oshiq kompaniya va shaxslarni o’z ichiga oladi. Islomiy respublikaga qurol-aslaha va boshqa anjomlar sotish man qilinadi.

Tehron shu hafta xalqaro atom boshqarmasiga maktub yo’llab, uchinchi davlatlardan yadroviy yonilg’i olishga qiziqish bildirgan. Qo’shma Shtatlar Eron bilan bu masala bo’yicha yangi dialog boshlashga tayyor ekanini aytmoqda.

Uranni yonilg’iga ayrboshlash rejasi o’tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va Germaniya tomonidan taklif etilgan, biroq Eron uni rad etib, o’z shartlarini qo’ygan edi.

Eron olib borayotgan yadroviy tadqiqotlar G’arbni anchadan beri xavotirga solib keladi. Shu paytgacha to’rt marotaba sanksiya qo’yilgan. BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Kanada safiga endi Avstraliya ham qo’shilmoqda.

Davlat departamenti vakili Filip Krovlining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron yadroviy dasturi bilan bog’liq barcha masalalar haqida ochiqchasiga gaplashib olishga tayyor.

Eron rasmiylari Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Ketrin Eshton bilan uchrashuv belgilagani haqida ma’lumotlar bor.

AQSh Tehron qamog’ida saqlanayotgan uch amerikalik sayyohni ozod etishga chaqirmoqda. Ular bir yil oldin Eron chegarasida hibsga olingan va josuslikda gumon qilinmoqda.

“Eron o’zini buyuk davlat deb biladi, obro’-e’tibor haqida ko’p gapiradi. Shunday bo’lsa, hurmatga loyiq ish qilsin, amerikalik uch talabaniga vataniga qaytarsin”, - deydi Davlat departamenti vakili.

Shu yilning may oyida Eron uch sayyohning onasiga ularni borib ko’rishga ruxsat bergan edi. Hozirgacha ularga biror rasmiy ayblov qo’yilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG