Pokiston va Afg'oniston Tolibon bilan murosa qilish yo'llarini muhokama qilar ekan, Qo'shma Shtatlar bu muloqotni qo'llab-quvvatlayapti. Amerika shu yil yozida Afg'onistondan qo'shinlarini olib chiqa boshlaydi. Jarayon silliq kechishi uchun toliblarni jamiyatga, tinch hayotga qaytarish muhim.
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay zo'ravonlikdan kechgan va terrorchi guruhlar bilan aloqasi yo'q toliblar bilan murosa qilishga harakat qilyapti. Yaqinda 70 a'zolik tinchlik kengashi tashkil etilib, unga jangarilar bilan aloqa qilish vazifasi topshirilgan. Kengashga jamiyatning turli tabaqalari va etnik guruhlaridan vakillar kirgan.
Sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy unga rahbar etib tayinlangan. O'tgan hafta kengashning 25 kishilik delegatsiyasi qo'shni Pokistonga borib, rasmiy Islomoboddan tinchlik muzokaralarida madad so'ragan.
Guruh to'rt kun davomida rasmiylar bilan uchrashib, tinchlik jarayonini tezlatish kerak degan xulosaga kelgan. Buning uchun tomonlar qo'shma davlat komissiyasini tuzishga kelishib oldi.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyning aytishicha, uning mamlakati qo'shni davlatga yordam berishga tayyor, agar jarayonni afg'onlarning o'zi boshqarib, faol ishtirok etsa.
"Bizdan nima istashlarini bildirishsin, so'ng vaziyatga qarab yordam beramiz. Qo'shma komissiya tuzmoqchi bo'lishdi, biz yo'q demadik. Niyatimiz jiddiy. Tinchlikka erishish uchun qurol ishlatibgina qolmay, siyosiy muloqotni olg'a surish, davlat boshqaruvi mexanizmini yo'lga solish, davlat idoralari professionalligini oshirish lozim va Pokiston Afg'onistonga bu borada yordam berishga tayyor", - deydi Pokiston tashqi ishlar vaziri.
Ikki davlat rasmiylariga ko'ra, hozirda muhimi o'zaro ishonchni tiklab, jangari guruhlarga AQSh qo'shinlari bosqinchi emasligini tushuntirib berish. Afg'oniston qo'shni davlatni Tolibonni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab, munosabatlar ziddiyatli, ishonch yo'q edi.
Pokistonga safar qilgan afg'on delegatsiyasi a'zosi Muhammad Ma'sum Stanekzoyning aytishicha, o'zaro ayblashlar to'xtagan. So'nggi ikki yilda, deydi u, siyosiy va iqtisodiy aloqalar yaxshilangan.
"Pokiston va Afg'oniston - chegaradosh davlatlar. Pokistonda ham toliblar bor. Pokistonlik siyosiy va diniy arboblar orasida ular bilan aloqa qilib turadiganlari bor. Tolibon bilan aloqa qilish muammo emas. Gap tushunmovchiliklarni bartaraf etib, toliblarni Afg'oniston bosib olinmaganiga ishontirishda", - deydi Stanekzoy.
AQSh va Afg'onistondagi ba'zi rasmiylar nazarida jangarilarning ayrim yetakchilari Pokistonda yashiringan bo'lib, bu mamlakat razvedkasi bilan aloqasi bor. Siyosatshunos professor Hasan Askariyning aytishicha, AQSh va boshqa davlatlar bosimiga qaramay, Pokiston Afg'onistondagi jangari guruhlar bilan aloqani uzmasligi mumkin.
"Jangarilar bilan aloqaning bo'lgani yaxshi, deb hisoblaydi u. Qo'shma Shtatlar Pokistondan uni to'xtatishni so'ragan, biroq hozir buning mavridi emas. Pokiston o'z manfaatlariga qarab ish tutadi. AQSh bilan farq ham shunda. Pokiston afg'on tinchligi yo'lida Tolibonning har bir guruhi bilan urushib o'tirmaydi", - deydi Askariy.
AQShning Pokiston va Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Richard Xolbruk o'tgan oy xastalikdan vafot etib, uning o'rniga Frenk Rujjiyero tayinlangan. Rujjiyero o'tgan hafta Islomobodda rasmiylar va afg'on delegatsiyasi bilan uchrashib, Kobul-Islomobod muloqotini olqishlagan.
"Bu yo'nalishda yutuq borligidan mamnunmiz", - deydi u.
Afg'oniston janubida xurujlar ko'payganiga qaramay, elchi Rujjiyero Tolibonga qarshi harbiy kampaniya muvaffaqiyatli o'tmoqda, deydi. Biroq uning nazarida xalqaro hamjamiyatning tinchlik o'rnatishga qaratilgan harakatlari samara bermayapti.
"Janubda AQSh qo'shinlari soni oshib, hudud ancha tinchigan. Davlat boshqaruvi tizimida muammolar talaygina. 30-yillik fuqarolik urushining asoratlari bu", - deydi amerikalik diplomat.
Frenk Rujjiyero va afg'on delegatsiyasi Islomoboddan ko'tarinki kayfiyatda qaytganini aytsa-da, rasmiy Islomobodning bundan keyingi pozitsiyasi qanday bo'lishi hozircha noma'lum.